Uz / Ўз Ru En

Toshkent

12/Mart/2020   Dolzarb

Yangi turdagi COVID-19 koronavirusi pandemiya, deb e’lon qilindi


PEKIN, 12-mart. /«Dunyo» AA/. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti yangi turdagi COVID-19 koronavirusi tarqalishini pandemiya, deb e’lon qildi. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri Shuhrat Umirov.

Pandemiya atamasi biron bir kasallikning dunyo miqyosida tarqalishini anglatadi.

Matbuot anjumanida ushbu kasallik tarqalishi Italiya va Eronda nazoratdan chiqib ketayotgani, shoshilinch chora-tadbirlar ko‘rish zarurati tug‘ilayotgan bir paytda, turli mamlakatlar hukumatlarining kasallikka qarshi kurashdagi harakatsizligi vaziyatni yanada chuqurlashtirayotgani alohida ta’kidlangan.

Yaqin kun va haftalarda yangi turdagi COVID-19 koronavirusi kirib boradigan mamlakatlar, kasallik oqibatida sodir bo‘ladigan o‘lim holatlari ortishi mumkinligi qayd etilmoqda. Shu bois anjumanda jahon mamlakatlari hukumatlarini shoshilinch va keskin choralar ko‘rishga chaqirildi.

“Bugungi kunga kelib, dunyoning 114 mamlakatida 118 ming odam ushbu xavfli virus bilan kasallanib, 4 ming 292 kishi hayotdan ko‘z yumdi, – dedi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus. – Shu bois COVID-19 koronavirusining jahon bo‘ylab tarqalishini pandemiya sifatida baholash mumkin, degan qarorga keldik”.

Tashkilot tomonidan tarqatilgan ma’lumotda qayd etilishicha, Xitoy hududidan tashqarida yangi turdagi COVID-19 koronavirusiga chalingan odamlar soni 37 mingdan oshib, hayotdan ko‘z yumganlar qariyb 1 ming 150 kishini tashkil etmoqda.

Jahon miqyosida qayd etilgan koronavirusga chalinish holatining 90 foizdan ziyodi to‘rt mamlakat – Xitoy, Italiya, Eron va Janubiy Koreya hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. COVID-19 xuruji bois Italiya hukumati butun mamlakatda karantin holatini joriy etishga majbur bo‘ldi.

Seshanba kuni Yevropa Ittifoqi raisi Sharl Mishel Yevropada yangi turdagi koronavirus tarqalishini to‘xtatish bilan bog‘liq masalalarni muhokama etish uchun Ittifoqqa a’zo mamlakatlar rahbarlari ishtirokida shoshilinch videokonferensiya o‘tkazdi. Chorshanba kuni AQSh

Prezidenti Donald Tramp Buyuk Britaniyadan tashqari Yevropa Ittifoqining barcha mamlakatlaridan Amerikaga kirish ta’qiqlanishi to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bunga o‘xshash misollarni ko‘plab keltirish mumkin.

Bugun Pekinda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumani chog‘ida ushbu yuqumli kasallikning dunyo miqyosida shitob bilan keng tarqalib borayotgani Xitoyda ham virusga chalinish holatining oldini olish va nazorat qilish ishlariga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani ma’lum qilindi.
 

Mavzuga oid

Latviyadan munosabat: O‘zbekiston Prezid...

«LETA» milliy axborot agentligining chet el yangiliklari bo‘limi muharriri Alvis Eglitis ...

COVID-19 virusi tarqalgan mamlakatlar so...

Xitoy Sog‘liqni saqlash bo‘yicha davlat qo‘mitasi ma’lumotida qayd etilishicha, Xitoyda jo...

Xanyan universiteti Osiyo-Tinch okeani t...

Xanyan universiteti Osiyo-Tinch okeani tadqiqot markazi direktori Um Gu Xo:

So`nggi yangiliklar