09/Iyun/2022 Vatandoshlarimiz
TOKIO, 9 iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Tokiodagi elchixonasi tomonidan Yaponiyaning «Nippon akademi» taʼlim muassasasi prezidenti Simizu Masumi, xorijiy talabalarni jalb etish va o‘qituvchilarni tayyorlash o‘quv dasturi direktori Kasivazaki Tayemi, yapon tili o‘qituvchisi Vakamatsu Ayaka bilan videoaloqa vositasida muzokaralar o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Onlayn uchrashuv davomida O‘zbekistonda yapon tilini o‘qitish ko‘lamini kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
1990 yilda tashkil etilgan «Nippon akademi» xorijliklarga yapon tilini o‘rgatishga ixtisoslashgan taʼlim muassasasi hisoblanadi. U tilshunoslik, AKT va sog‘liqni saqlash yo‘nalishlari bo‘yicha keyinchalik Yaponiyada ishga joylashish uchun xorijiy mutaxassislarni tayyorlaydigan qator taʼlim o‘quv markazlarini o‘z ichiga olgan.
Yaponiya tomonining maʼlum qilishicha, «Nippon akademi» o‘zining «Buyuk Ipak yo‘li» dasturi doirasida yapon tilini o‘rganish istagini bildirganlar uchun “Zum” platformasi orqali yapon tili kurslarini yo‘lga qo‘ygan. Ayni paytda ushbu dastur Janubiy-Sharqiy, Sharqiy, Markaziy Osiyo davlatlarini qamrab olgani bilan eʼtiborlidir.
Ushbu dastur doirasida O‘zbekiston uchun 20 ming “keys” – maxsus o‘quv materiallari to‘plamini ishlab chiqish va ularni respublikaga yuborish loyihasini amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Dasturning o‘quv rejasi 200 soatga mo‘ljallangan bo‘lib, uni tugatgandan so‘ng talabalar Yaponiyaga kelish uchun yapon tilining Nixongo nouryoku siken N5 darajasini o‘zlashtira oladilar.
«Nippon akademi» g‘oyasiga ko‘ra, o‘quv materiallarini umumtaʼlim maktablariga (11-sinf o‘quvchilari uchun), universitetlar (asosiy hamkor - JIDU) va «Ishga marhamat» monomarkazlariga yetkazib berish rejalashtirilgan. Yaponiya tomoni respublikaning 99 taʼlim muassasasiga materiallar tarqatishni rejalashtirayotgan bo‘lsa-da, tashkilot rahbariyati undan ko‘proq ishtirokchilarga tarqatishdan manfaatdor ekanini alohida taʼkidladi.