04/Iyul/2022 Sanalar
YEKATERINBURG, 4-iyul. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz Bosh konsulxonasida Yekaterinburg shahridagi oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan talaba yoshlarimiz, mehnat muhojirlarimiz hamda diaspora faollari ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi qabul qilinganiga 30 yil to‘lgani munosabati bilan tadbir o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Anjumanda davlat ramzlari xalqimizning shon-sharafi, tarixiy xotirasi va intilishlarini o‘zida mujassam etishi, tinch va osoyishta, ozod va erkin hayotimiz, yorug‘ kelajagimizga bo‘lgan ishonchimiz ifodasi ekanligi qayd etildi.
Tadbir ishtirokchilari davlatimiz gerbi borasidagi fikr-mulohazalarini yig‘ilganlar bilan bo‘lishishdi. Gerb – bu bir davlatni boshqalardan ajratib turadigan nishoni, ramzi va timsoli, qaysi davlatga tegishli bo‘lsa, o‘sha davlatning tarixiy anʼanalarini ifodalovchi ramziy ahamiyatga ega bo‘lgan tasvirlar yig‘indisidan iboratligi urg‘ulandi.
Bundan tashqari, tadbir ishtirokchilari bilan Yangi O‘zbekistonni ijtimoiy davlat sifatida eʼtirof etish va bu tamoyilni Konstitutsiyamizga kiritish borasida qilinayotgan xayrli ishlar, Prezidentimizning 20 iyun kuni Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvdagi nutqidan iqtiboslar keltirildi va, umuman, Konstitutsiyaga kiritiladigan qo‘shimcha va o‘zgartirishlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati to‘g‘risida so‘z yuritildi.