20/Noyabr/2020 Jamiyat
TOSHKENT, 20-noyabr. /“Dunyo” AA/. Jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevroosiyo guruhining 33-yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Bosh prokuratura manbasiga tayanib.
Joriy yilning 19-20 noyabr kunlari Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Moliya vazirligi va Markaziy bank vakillaridan iborat O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevroosiyo guruhining videoanjuman shaklida tashkil etilgan 33-Yalpi majlisida ishtirok etdi.
Majlisda Yevroosiyo guruhiga aʼzo davlatlar (Belorus, Hindiston, XXR, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston) delegatsiyalari va boshqa kuzatuvchi davlatlar (AQSH, Fransiya, Germaniya, Italiya, Turkiya, Polsha va boshqalar) hamda xalqaro tashkilotlar (FATF, Xalqaro valyuta fondi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, OBSE, UNP OON, KTK OON, MDH Terrorizmga qarshi kurashish markazi va boshqalar) vakillari ishtirok etdi.
Tadbirni Yevroosiyo guruhi raisi Yu.Chixanchin (Rossiya Federatsiyasi) boshqardi.
Kun tartibiga muvofiq, delegatsiyalar tomonidan Yevroosiyo mintaqasida jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bilan bog‘liq muhim masalalar, shuningdek, mazkur sohadagi milliy tizimlarni mustahkamlash maqsadida xalqaro hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan choralar muhokama qilindi.
Xususan, Yevroosiyo mintaqasida jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirish xatarini baholash bo‘yicha Yevroosiyo guruhiga aʼzo davlatlar vakillaridan iborat loyiha guruhi tomonidan qilingan ishlar muhokama qilindi va uning keyingi faoliyati yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqildi.
Bundan tashqari, Yevroosiyo guruhi doirasida xususiy sektor vakillari hamda jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida ish olib boruvchi, davlat organlari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish maqsadida yaratilgan Xalqaro komplayens kengashi faoliyatining asosiy prinsiplari tasdiqlandi.
Yevroosiyo mintaqasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash maqsadida Yalpi majlis davomida Yevroosiyo guruhi va Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv Memorandumini imzolash masalasi ko‘rib chiqildi.
Tashkilot ishchi guruhlarining amaldagi hamraislarining vakolat muddati tugayotganligi sababli, 33-yalpi majlis doirasida 2021-2022 yillar uchun ishchi guruhlarning yangi hamraislarini tayinlash maqsadida saylovlar o‘tkazilib, Bosh prokuratura huzuridagi Departament vakili (Z.Hotamov) Texnik ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha ishchi guruhning hamraisi lavozimiga tayinlandi.
Muhokamalar yakuniga ko‘ra, Yalpi majlis tomonidan Yevroosiyo guruhining sessiyalararo davrdagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobоti hamda Tashkilotning 2021 yil uchun ish rejasi tasdiqlandi, shuningdek, uning faoliyatini tartibga soluvchi qator normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritildi.