Uz / Ўз Ru En

Toshkent

11/Sentabr/2021   Mustaqillikka 30 yil

Yevropaning madaniyat poytaxtida O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi tantanali nishonlandi


VЕNA, 11 sentabr. /«Dunyo» AA/. O‘zbekistonning Avstriyadagi elchixonasi Vena shahrida mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan tantanali tadbir o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.  

Yevropa madaniyat poytaxtining “Palais Ferstel” tarixiy saroyida O‘zbekiston mustaqilligi kuni sharafiga bayram tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda Avstriya, Vengriya va Slovakiya rasmiy, akademik, ekspert-tahlil, ishbilarmon va keng jamoatchilik doiralari vakillari, Vena shahrida akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalar rahbarlari, xalqaro tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Elchi Abat Fayzullayev o‘zbek xalqining mamlakat mustaqilligi yo‘lidagi ko‘p yillik mehnati va intilishlari, davlat suverenitetini mustahkamlash bosqichlari va yangi O‘zbekistonning zamonaviy qiyofasi haqida to‘xtaldi.
Davlatimiz rahbari rahnamoligida siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar alohida ta’kidlandi. Shuningdek, elchi mamlakatimizning butun jahon hamjamiyatining e’tirofiga sazovor bo‘lgan tarixiy va zamonaviy yutuqlarini bayon etdi.
Shuningdek, Yevropada birinchilardan bo‘lib O‘zbekistonning davlat suverenitetini tan olgan Avstriya bilan hamkorlikni tobora mustahkamlash muhimligi urg‘ulandi. So‘nggi yillarda kuzatilayotgan ko‘p qirrali ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish dinamikasi, Avstriya siyosiy va ishbilarmon doiralarining O‘zbekiston bilan hamkorlikka qiziqishi ortib borayotgani qayd etildi.
Avstriya Yevropa va tashqi ishlar federal vazirligi departamenti direktori, elchi Yenno Drofennik O‘zbekistonning mintaqaviy va xalqaro maydonlarda jadal o‘sib borayotgan ahamiyati va rolini alohida ta’kidladi.
“O‘zbekistonning dunyodagi maqomiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, mamlakat bugun mustaqillikning faqat 30 yilligini nishonlayotganiga ishonish qiyin. Tarix shuni ko‘rsatmoqdaki, O‘zbekiston ayni paytda namoyish etayotgan natijalarga erishish uchun ko‘p davlatlarga ancha vaqt talab qilingan. Bugungi kunda mamlakat jahon hamjamiyati, sayyohlar va ishbilarmonlar uchun diqqatga sazovor markaz, shuningdek, Markaziy Osiyodagi mintaqaviy tashabbuslar yetakchisiga aylandi”, - dedi Enno Drofennik.
Tadbirning rasmiy qismidan so‘ng elchixona tomonidan tashkil etilgan musiqiy dastur kechaga bayramona muhit va milliy madaniyat ruhini baxsh etdi.
Bayramga taklif qilingan O‘zbekiston san’at va madaniyat arboblari – “Istiqlol” milliy ansambli hamda O‘zbekiston xalq artisti Jenisbek Piyazov va Sherzod Ergashev oqshom mehmonlariga o‘ziga xos va unutilmas konsert dasturini havola etdi.
O‘zbek musiqachilarining mukammal ijrosi va mahorati sharofati bilan konsert ishtirokchilari o‘zbek xalqi qalbida tug‘ilgan, uzoq asrlarga borib taqaluvchi chuqur ildizlarga va boy tarixga ega bo‘lgan kuy-qo‘shiqlar bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.
“Istiqlol” ansambli artistlari tanbur, tor, rubob, dutor, doira, surnay va childirma kabi milliy musiqa asboblarida mashhur o‘zbek musiqalarini ijro etdi.
O‘z navbatida, betakror o‘zbek musiqalari rang-barang va o‘ta ta’sirchan milliy raqslar bilan uyg‘unlashib, o‘zbek xalqi madaniyatining barcha go‘zalligini o‘zida mujassam etdi. E’tiborli yevropalik tomoshabinlar o‘zbek milliy raqsining murakkab, ammo shu bilan birga mayin ifodali va maftunkor qo‘l harakatlarini ko‘rish imkoniga ega bo‘ldi. 


«KultEuriasia – Yevroosiyo madaniyatlari muloqoti” asoschisi va direktori Daniyela Libervirt ushbu tantanali kecha Avstriya poytaxti madaniy hayotida hayratga solgan muhim voqealardan biri bo‘lganini ta’kidladi.
“Jamg‘armamiz O‘zbekiston bilan o‘n yildan ortiq vaqt mobaynida samarali  hamkorlik qilib kelmoqda. O‘zbek madaniyati arboblari bilan birgalikda Venada qator tadbirlar o‘tkazdik, 2019 yilda esa tarixda ilk bor Avstriya poytaxtida O‘zbek madaniyati kunlarini tashkil etdik. Ishonchim komilki, bugungi tadbir Avstriya jamiyatiga o‘zbek san’atining beqiyos go‘zalligi va respublikaning yosh iste’dodlarini namoyish etdi. Fursatdan foydalanib, mamlakatingizga va butun o‘zbek xalqiga baxt-saodat, barcha ishlarida ulkan muvaffaqiyatlar tilayman”, - dedi Daniyela Libervirt.
Avstriyaning «Hilfswerk International» xalqaro jamg‘armasi mintaqaviy direktori Stoyanka Manolcheva ham o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
«Biz 2016 yilda O‘zbekiston bilan yaqin hamkorlik o‘rnatdik va qator qo‘shma va mintaqaviy loyihalarni amalga oshirdik. Darhaqiqat, O‘zbekiston – keng salohiyat va imkoniyatlar mamlakati. Biz qishloq xo‘jaligi sohasida tadbirkorlik sub’ektlarini rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish salohiyatini kengaytirishga qaratilgan istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, shuningdek mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi eksport bozorlarini topishga ko‘maklashish niyatidamiz.
Bugungi tadbir Avstriya jamoatchiligini O‘zbekistonning serqirra madaniyati, tarixi va imkoniyatlariga bo‘lgan qiziqishini sezilarli darajada oshirdi. Men do‘st O‘zbekiston xalqini Mustaqillik kuni bilan samimiy qutlab, ularga barcha ezgu tilaklarimni izhor etaman hamda yangi va yangi zafarlar tilab qolaman», - dedi u.
Respublikamiz tarixidagi eng muhim sanani nishonlash o‘zbek oshxonasining durdonalarisiz to‘liq bo‘lmasligi shubhasiz. Shu bois, o‘zbekistonlik mohir oshpazlar tomonidan tayyorlangan mashhur o‘zbek palovi hamda boshqa mazali milliy taomlar kechaga tashrif buyurgan mehmonlarga manzur bo‘ldi.
Tarixiy Vena xalqimizning milliy bayrami – O‘zbekistonning Mustaqillik kunini shu tariqa betakror muhitda nishonladi.

Mavzuga oid

Tashqi ishlar vazirligi xodimlariga «O‘z...

Bugun Tashqi ishlar vazirligida O‘zbekiston davlat mustaqilligining 30 yilligi munosabati...

Malayziyaning Islom ilmlari universiteti...

Malayziyaning Islom ilmlari universiteti (Universiti Sains Islam Malaysia) professori Kama...

Ukrainada O‘zbekiston davlat mustaqillig...

O‘zbekiston elchixonasi tomonidan mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlab «Y...

So`nggi yangiliklar