Uz / Ўз Ru En

Toshkent

07/Avgust/2022   Konstitutsiyaviy islohotlar

YEXHT DIIHB EBM O‘zbekistonda o‘tkaziladigan konstitutsiyaviy referendumni kuzatish bo‘yicha missiya yuborishni tavsiya etmoqda

 TOSHKENT, 7-avgust. /“Dunyo” AA/. Joriy yil 19-21-iyul kunlari O‘zbekistonda bo‘lgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB)ning Ehtiyojlarni baholash missiyasi (EBM) o‘z vakolatiga muvofiq va O‘zbekistonda konstitutsiyaviy referendumni kuzatish bo‘yicha rasmiy taklifnomani kutish barobarida oraliq hisobotni eʼlon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.  


Ushbu baholash asosida Ehtiyojlarni baholash missiyasi DIIHB bo‘lajak referendumni kuzatish bo‘yicha faoliyatini tashkil qilishi kerakmi, degan savolni o‘rtaga tashlagan hamda agar bunga zarurat bo‘lsa, qaysi faoliyat turi aniqlangan ehtiyojlarga mos kelishini tavsiya qilgan. Missiya vakillari O‘zbekistonda bo‘lgan kunlari davlat muassasalari mutasaddilari, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilgan.

Hujjatda DIIHB tashrifni tashkil etishda ko‘rsatilgan yordam va hamkorlik uchun Tashqi ishlar vazirligiga minnatdorlik bildirgani urg‘ulangan.

Missiya vakillari Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi jarayoni ikki marta uzaytirilib, 1 avgust kuni yakunlanganini qayd etgan. Umumxalq muhokamasi tugagach, Konstitutsiyaviy komissiya qonun loyihasini yakunlashi hamda parlament palatalariga tasdiqlash uchun yangi matnni taqdim etishi, shundan so‘ng referendum sanasi belgilanishi taʼkidlangan.

Hisobotda DIIHB EBM vakillari bilan muloqot qilgan aksariyat kishilar taklif etilayotgan o‘zgartishlarni ijobiy baholagani aytilgan.

Konstitutsiyaviy referendum natijalari majburiydir. Referendum haqiqiy hisoblanishi uchun unda saylovchilarning 50 foizi ishtirok etishi kerak. Ularning yarmidan ko‘pi  o‘zgartishlarni maʼqullab ovoz bergan taqdirda qonun loyihasi tasdiqlanadi. MSK maʼlumotlariga ko‘ra, saylovchilardan konstitutsiyaviy tuzatishlarning to‘liq jamlanmasi bo‘yicha “Ha” yoki “Yo‘q” deb javob berish so‘raladi.

Referendumlar birinchi navbatda 1992 yilda qabul qilingan Konstitutsiya, 1991 yilgi “Referendum to‘g‘risida”gi qonun va 2019 yilgi Saylov kodeksi bilan tartibga solinadi. “Referendum to‘g‘risida”gi qonunga oxirgi marta 2022 yil mart va iyun oylarida o‘zgartishlar kiritilgan bo‘lib, ular, asosan, 2019 va 2021 yillarda Saylov kodeksiga kiritilgan o‘zgartishlarni, jumladan, referendumda nizolarni hal qilish jarayonining samaradorligini oshirish, quyi komissiyalar aʼzolarining betaraflik talabini joriy etish, chet elda ovoz berish tartibi, shuningdek qator texnik tuzatishlarni aks ettirgan. DIIHB EBM suhbatdoshlarining aksariyati saylovchilar ro‘yxatining aniqligi bo‘yicha eʼtiroz bildirmagan.

Referendumni tashkil etish bilan bog‘liq barcha xarajatlar davlat byudjeti hisobidan qoplanishi bayon qilingan. Qonunga ko‘ra, jamoat birlashmalari, korxonalar, yuridik shaxslar va fuqarolar referendum o‘tkazish uchun mablag‘larni MSKga xayriya qilishi mumkin.

Referendumga tayyorgarlik ishlari davom etayotgani taʼqidlangan. Markaziy saylov komissiyasi boshqa davlat muassasalari bilan birgalikda barcha darajadagi referendum komissiyalari aʼzolari uchun interfaol kaskadli trening o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

Xalqaro kuzatuvchilar MSKda akkreditatsiyadan o‘tkaziladi. Qolganlar esa referendum o‘tkazish bo‘yicha okrug komissiyalarida ro‘yxatga olinadi.

DIIHB EBMning barcha suhbatdoshlari referendum jarayonini mustaqil ravishda kuzatish lozimligini va bu borada DIIHBning monitoring faoliyati zarurligini taʼkidlagani bildirilgan. Suhbatdoshlarning aksariyati O‘zbekistonning inson huquqlari bo‘yicha majburiyatlarini bajarish borasidagi saʼy-harakatlarida DIIHB muhim o‘rin tutishini urg‘ulagani barobarida davlat organlariga DIIHB tomonidan ko‘rsatilayotgan yordamni qayd etgan. Meʼyoriy-huquqiy bazaga kiritilgan so‘nggi o‘zgartishlar DIIHB tomonidan ilgari saylov kuni va ovozlarni hisoblash bilan bog‘liq qayd etilgan muammolarga taalluqli bo‘lmaganiga qaramasdan, DIIHB EBM suhbatdoshlarining aksariyati referendum uchun ushbu masalalar yuzasidan tashvish bildirmagan. Shu bilan birga, ular jarayonning mintaqaviy jihatlarini, xususan, meʼyoriy-huquqiy bazaga rioya qilish, referendum maʼmuriyati tomonidan referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish, shuningdek, referendumni ommaviy axborot vositalarida yoritish masalalarini hisobga olgan holda uzoq muddatli kuzatuv missiyasini yuborish zarurligini taʼkidlagan.

Shunga asoslanib, DIIHB EBM konstitutsiyaviy referendumni kuzatish uchun Cheklangan kuzatuv missiyasini (LROM) yuborishni tavsiya qildi. DIIHB EBM asosiy ekspertlar guruhiga qo‘shimcha ravishda butun mamlakat bo‘ylab referendum jarayonini kuzatish uchun YEXHT ishtirokchi davlatlaridan 14 nafar uzoq muddatli kuzatuvchilarni jo‘natishni tavsiya qildi. DIIHB standart  metodologiyasiga muvofiq, jarayon OAV monitoring elementini ham o‘z ichiga oladi.

Mavzuga oid

Konstitutsiyaviy komissiyaga Rossiya, Ja...

10 sentabr kuni Konstitutsiyaga o‘zgartishlar kiritish bo‘yicha takliflarni shakllantirish...

O‘zbekiston delegatsiyasi Sibir hududlar...

Joriy yil 12-19 iyul kunlari O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, Tashqi mehnat migratsiya...

Hindistondagi vatandosh: Asosiy qonunimi...

Asosiy qonunimizga o‘zgartirishlar kiritish jarayonining boshlanayotgani mamlakatimiz ahol...

So`nggi yangiliklar