Uz / Ўз Ru En

Toshkent

26/Sentabr/2022   Dolzarb

YEXHT Doimiy kengashining aʼzolari O‘zbekistonni Samarqandda SHHT sammitini muvaffaqiyatli va samarali o‘tkazgani bilan qutlashdi

VENA, 26-sentabr /“Dunyo” AA/. 22-23 sentyabr kunlari Avstriya poytaxtida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT) Doimiy kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.


Gibrid formatda o‘tkazilgan mazkur yig‘ilishda 57 ishtirokchi davlat va muloqot bo‘yicha 11 hamkor davlatning doimiy vakolatxonalari rahbarlari va vakillari, YEXHT Kotibiyati rahbariyati ishtirok etdi.

O‘zbekistonning YEXHTdagi doimiy vakolatxonasi tashabbusi bilan yig‘ilish kun tartibiga 15-16 sentyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan SHHT sammiti yakunlariga bag‘ishlangan alohida masala kiritildi.

Mazkur band doirasida O‘zbekiston delegatsiyasining maʼruzasi tinglandi. Unda SHHTning oliy darajadagi so‘nggi sammiti yakunlari haqidagi batafsil maʼlumotlar taqdim etildi.

Sammitda ishtirok etish uchun Samarqandga ishtirokchi, kuzatuvchi va taklif etilgan hamkor davlatlardan 20ga yaqin yetakchi hamda yuqori martabali mehmonlar, shuningdek, 10 nafar xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari kelgani qayd etildi. Uchrashuv kun tartibiga muvofiq, davlat rahbarlari SHHT doirasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qildilar, siyosiy va iqtisodiy vaziyatning rivojlanishi nuqtai nazaridan dolzarb mintaqaviy hamda xalqaro muammolar yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar.

Samarqand sammiti SHHTga aʼzo davlatlar doirasini kengaytirish nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etgani alohida taʼkidlandi. Xususan, Eron SHHTga aʼzo davlat maqomini olish yo‘lida muhim qadamni tashladi, Misr va Qatar esa muloqot bo‘yicha hamkor maqomini oldi. Shuningdek, aʼzo davlatlar Belarusga SHHTning to‘laqonli aʼzosi, shuningdek, Bahrayn, Quvayt, Maldiv orollari, BAA va Myanmaga muloqot bo‘yicha hamkor maqomini berish tartibini boshlash bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Sammit yakunlari bo‘yicha imzolangan hujjatlarning rekord soni (44 ta hujjat) yig‘ilish ishtirokchilari eʼtiborini tortdi. Qayd etilishicha, mazkur hujjatlar SHHT davlatlarining o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, sanoat kooperatsiyasi, “yashil” iqtisodiyot, raqamlashtirish, savdo va boshqa hamkorlikning mashhur va istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zaro hamkorligiga umumiy yondoshuvlarini aks ettiradi.

O‘zbekiston taqdimotidan so‘ng YEXHTga aʼzo davlatlarning diplomatiya vakolatxonalari vakillari o‘z taassurotlarini bildirdilar. So‘zga chiqqan mamlakatlar vakillari SHHT sammitining Samarqandda muvaffaqiyatli va samarali o‘tgani bilan qutlashar ekan, tadbir O‘zbekiston hukumati tomonidan yuqori saviyada tashkil etilganini taʼkidlashdi.

YEXHT Doimiy kengashi yig‘ilishi yakunida O‘zbekiston delegatsiyasining maʼruzasi matni YEXHTning rasmiy hujjatlari doirasida institutlar va ishtirokchi davlatlar o‘rtasida tarqatildi.

Ushbu Doimiy kengash muntazam siyosiy maslahatlashuvlar o‘tkazish va Vazirlar kengashi majlislari oralig‘ida YEXHTning kundalik operativ faoliyatiga rahbarlik qilish uchun asosiy qaror qabul qiluvchi organ hisoblanadi. U o‘z vakolatlari doirasida YEXHT Vazirlar kengashi sammitlari va yig‘ilishlarida belgilangan va qabul qilingan vazifalarni bajaradi. Doimiy kengash haftada bir marta Venada yig‘iladi.

Mavzuga oid

Tailand delegatsiyasi amaliy safar bilan...

Tailandning “B.H.I. Holding Public Co., Ltd.” kompaniyasi direktori, O‘zbekistonning Taila...

Seuldan munosabat: O‘zbekistonda faoliya...

O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida ustav kapitali 50 million dollar bo‘lgan investitsiy...

O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida hamkorlikn...

O‘zbekiston Respublikasi va AQSH o‘rtasida hamkorlikni yana-da kengaytirish bo‘yicha video...

So`nggi yangiliklar