Logo

O'zbekiston va Vengriya Ichki ishlar vazirliklari o'rtasida 2025-2026-yillarga mo'ljallangan hamkorlik bo'yicha "yo'l xaritasi" imzolandi

Iyul 21, 2025. 10:25 • 57 soniya

183
O'zbekiston va Vengriya Ichki ishlar vazirliklari o'rtasida 2025-2026-yillarga mo'ljallangan hamkorlik bo'yicha "yo'l xaritasi" imzolandi

BUDAPESHT, 21-iyul. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo'latov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiya shu yilning 16-19-iyul kunlari rasmiy tashrif bilan Vengriyada bo'ldi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tashrif doirasida Vengriya ichki ishlar vaziri Shandor Pinter bilan muzokaralar o'tkazildi. Muloqot davomida tomonlar ichki va raqamli xavfsizlik, jinoyatchilikka qarshi kurash, kiberxavfsizlik va kadrlar tayyorlash sohalarida hamkorlikni rivojlantirishdan o'zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.

Tajriba almashish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va qo'shma ta'lim tashabbuslari istiqbollari muhokama qilindi. Terrorizm, narkotrafik, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish, shuningdek, migratsiya jarayonlarini tartibga solish va fuqarolar huquqlarini himoya qilish borasidagi hamkorlik masalalariga alohida e'tibor qaratildi.

Vengriya tomoni O'zbekiston fuqarolari bilan bog'liq xavfsizlik darajasini yuqori baholadi va hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga tayyorligini bildirdi.

Muzokaralar yakunida muhim yo'nalishlar bo'yicha aniq qo'shma loyiha va tadbirlarni ko'zda tutuvchi 2025-2026-yillarga mo'ljallangan hamkorlik bo'yicha "yo'l xaritasi" imzolandi.

O'zbekiston ichki ishlar vaziri Vengriya ichki ishlar vazirini mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif qildi.

Bo'lib o'tgan tashrif O'zbekiston va Vengriya o'rtasidagi ichki xavfsizlik va jamoat tartibini ta'minlash sohasidagi strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirishda muhim bosqich bo'ldi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish