"BMT-Turizm" O'zbekistonda barqaror turizm rivojini qo'llab-quvvatlaydi
Iyul 04, 2025. 18:40 • 2 daq
• 66
TOSHKENT, 4-iyul. /"Dunyo" AA/. "BMT-Turizm" ("UN Tourism") bosh kotibi Zurab Pololikashvili O'zbekistonga tashrifi davomida poytaxtimizdagi Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o'zgarishini o'rganish universiteti (Green University)da bo'ldi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tashrif davomida bosh kotib universitet faoliyati, uning o'quv va ilmiy infratuzilmasi – zamonaviy laboratoriyalar, maxsus auditoriyalar, interaktiv ta'lim platformalari, shuningdek, iqlim o'zgarishiga moslashish, tabiiy resurslardan barqaror foydalanish va biologik xilma-xillikni saqlashga bag'ishlangan ilmiy tadqiqot loyihalari bilan tanishdi.
Zurab Pololikashvili "Green University" tashkil etilishi tashabbusini yuqori baholadi va bu kabi ta'lim formati barqaror rivojlanish hamda atrof-muhit muhofazasini ilgari surishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta'kidladi.
"Biz mutlaqo yangi va ijodiy muhitga ega universitetda bo'ldik va juda hayratlandik. Ushbu universitet ekologiyani, ekologlarni va barqaror rivojlanishni qo'llab-quvvatlaydi. Bu ta'lim tizimida juda muhim va yangi yo'nalishdir. Men vazirni tabriklayman va Prezidentga barqaror rivojlanish hamda barqaror turizmni davlat siyosatining ustuvor yo'nalishiga aylantirgani uchun minnatdorlik bildiraman, – dedi u. – Bu O'zbekistonning nafaqat mintaqada, balki jahon miqyosida yetakchi o'rinni egallayotganini ko'rsatadi. Bunday universitetlar dunyo miqyosida noyob hisoblanadi va O'zbekiston bu jarayonda yetakchiga aylanmoqda, bu juda quvonarli hol", dedi u.
Tashrifning asosiy natijasi "UN Tourism" va "Green University" o'rtasida barqaror turizm, ekologiya va ta'lim sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan anglashuv memorandumining imzolanishi bo'ldi.
Memorandumga muvofiq tomonlar O'zbekistonda barqaror turizm salohiyatini kuchaytirish, kadrlar tayyorlash va ilg'or tajribalarni targ'ib qilish, barqaror turizmning jamiyat va atrof-muhit uchun ijobiy o'zgarishlar omili sifatidagi ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, turizmni Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishish vositasi sifatida targ'ib qilish, atrof-muhit muhofazasi, tabiiy resurslarni boshqarish va iqlim o'zgarishiga qarshi kurash sohalarida innovatsiyalarni joriy etish, ilmiy tadqiqotlar va akademik almashuvni qo'llab-quvvatlash, shu jumladan, talabalar va o'qituvchilar mobilligini kengaytirish, qo'shma ta'lim va ma'rifiy tashabbuslarni ishlab chiqishga kelishib oldilar.
Shuningdek, mazkur hujjat doirasida "UN Tourism" va "Green University" o'rtasida muntazam muloqot o'rnatish, qo'shma loyihalar muvofiqlashtirish, o'quv dasturlari tashkil etish va tajriba almashinuvi rejalashtirilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O‘zbekiston va Misr to‘qimachilik sanoatida istiqbolli kelishuvlarga erishdi
Vengriyaning nufuzli universitet va kompaniyalari bilan hamkorlik memorandumi imzolandi
Reading universitetining O'zbekistonda kampusini ochish masalasi muhokama qilindi