Logo

Saksoniya-Anhalt federal o'lkasi Landtagi prezidenti: O'zbekiston bilan hamkorligimiz o'z mevasini bermoqda

Avgust 14, 2024. 11:34 • 3 daq

245
Saksoniya-Anhalt federal o'lkasi Landtagi prezidenti: O'zbekiston bilan hamkorligimiz o'z mevasini bermoqda

BERLIN, 14-avgust. /"Dunyo" AA/. Saksoniya-Anhalt federal o'lkasidagi malaka oshirish markazida bir guruh o'zbekistonlik nemis tili o'qituvchilarining malakasini oshirish bo'yicha O'zbekiston-Germaniya tajriba loyihasining rasmiy ochilishi bo'lib o'tdi, deya xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda O'zbekiston elchisi Dilshod Axatov, Saksoniya-Anhalt federal o'lkasi Landtagi (parlamenti) prezidenti Gunnar Shellenberger, Germaniya-O'zbekiston ishbilarmonlar hamkorligi (DUWK) byurosi rahbari Nabijon Qosimov, loyiha hamkorlari va nemis tili o'qituvchilari qatnashdilar.

Diplomatik vakolatxona rahbari Dilshod Axatov o'z nutqida kasbiy ta'lim yo'nalishida xorijiy tillarni o'qitish jarayonida innovatsion metodlarni keng qo'llash, o'quvchilarning til ko'nikmalarini yaxshilash hamda ta'lim olayotgan yoshlarning mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshirishga hukumatimiz tomonidan katta e'tibor qaratilayotganligini qayd etdi.

Saksoniya-Anhalt federal o'lkasi Landtagi prezidenti Gunnar Shellenberger mamlakatimiz o'qituvchilari Germaniyada malaka oshirganlaridan so'ng, O'zbekistonda nemis tilini o'rganishga intilayotgan yoshlarga yanada samarali ta'lim berishlariga muvaffaqiyat tiladi. Nemis tomoni o'zbekistonlik pedagoglarning ushbu maqsadlariga erishishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratilishini bildirdi.

Gunnar Shellenberger, Saksoniya-Anhalt federal o'lkasi Landtagi prezidenti:

— Germaniya-O'zbekiston forumining prezidenti sifatida Saksoniya-Anhaltda bo'lib o'tgan ushbu tadbirda ishtirok etganimdan juda mamnunman.

28 nafar nemis tili o'qituvchilarining O'zbekistondan mazkur federal o'lkaga tashrif buyurganliklari hamkorligimizning yaqqol namunasi bo'ldi.

O'qituvchilar sentyabr oyining oxiriga qadar o'z bilim va ko'nikmalarini oshiradilar. Oktyabr oyidan boshlab esa o'zbekistonlik yoshlarga nemis tilini o'rgatishni boshlaydilar. O'zbek tomonining "Askania Future GmbH" kompaniyasi bilan uzoq muddatli shartnoma tuzgani e'tirofga loyiq. Bu hamkorlik ikki davlat uchun ham samarali bo'ladi.

O'zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi, mamlakatingizdagi hamkorlarimiz bilan birgalikda mazkur yirik loyihani qisqa muddatda muvaffaqiyatli boshlaganimizdan juda mamnunmiz.

 Ingo Yung, "Askania Future GmbH" kompaniyasi menejeri:

— Mazkur loyiha O'zbekiston hukumati bilan birgalikda amalga oshirilmoqda. Loyihaning asosiy maqsadi o'zbekistonlik yoshlarga nemis tilini o'rgatish orqali Germaniyada kasbiy ta'lim olishlariga yo'l ochishdir.

Buning uchun, avvalambor, nemis tili o'qituvchilari nemis xalqining mentaliteti va milliy qadriyatlari bilan tanishishlari, eng zamonaviy xorijiy tillarni o'qitish metodikasini puxta o'rganishlari kerak. Loyihani zamonaviy darsliklar va eng so'nggi metodlar asosida amalga oshirishni rejalashtirganmiz. Mamlakatingiz o'qituvchilari o'zlari joylashgan markazda seminar o'tkazib, o'quv kurslarida malaka oshiradilar.

Madaniy dastur doirasida Berlin, Magdeburg va Leypsig shaharlariga safar uyushtiriladi. Loyihaning pirovard maqsadi keyingi besh yillikda 20 ming nafar o'zbekistonlik yoshlarga nemis tilini puxta o'rgatishdir.

Jasur Karimov, nemis tili o'qituvchisi:

— O'zbekiston Prezidenti rahnamoligida respublikamiz hududlaridan saralab olingan nemis tili o'qituvchilari uchun GFRning Saksoniya-Anxalt federal o'lkasida malaka oshirish kurslari tashkil etildi.

Kurs davomida o'qitish metodikasi, darsliklar bilan ishlash malakasini shakllantirilishi, didaktik materiallar, kerakli bilim va ko'nikmalar berilishi ko'zda tutilgan. Loyihada asosan 18 yoshdan 30 yoshgacha bo'lgan yoshlarga bilim berish orqali Germaniya sharoitida kasbiy ta'limga tayyorlash maqsad qilingan. Asosiy vazifamiz yoshlarimizning Germaniyada kasbiy ta'limni amalga oshirishlari uchun ularni qo'llab-quvvatlash, olgan tajribalarimiz asosida ularga to'g'ri yo'l-yo'riq ko'rsatishdan iboratdir.

Dilfuza Latipova, nemis tili o'qituvchisi:

— Bu tajriba loyihasi bo'lishiga qaramasdan tayyorgarliklar juda yuqori saviyada tashkillashtirilgan. Har kuni 8 soat davomida nafaqat nemis tiliga oid bilimlarimizni yanada yaxshilash, takomillashtirish, balki o'qitishga oid didaktik metodik malakamiz va pedagogik mahoratimizni oshiryapmiz, o'zaro tajriba almashyapmiz.

Kursimizga nemis tilshunoslari, pedagoglari va mutaxassislar jalb qilingan. Biz kelgusida o'zbek yoshlariga nafaqat til ko'nikmalari, balki ularga Germaniyaga yuksak madaniyatimiz, mehnatkash va irodali, o'z ishini puxta biladigan mutaxassis sifatida kelishlariga o'z hissamizni qo'shishga harakat qilamiz.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish