Logo

O'zbekiston Osiyo va Tinch okeani davlatlari uchun korrupsiyaga qarshi kurashish tashabbusiga qo'shildi

Sentabr 29, 2025. 06:52 • 2 daq

192
O'zbekiston Osiyo va Tinch okeani davlatlari uchun korrupsiyaga qarshi kurashish tashabbusiga qo'shildi

JAKARTA, 29 sentyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston delegatsiyasi Indoneziya poytaxtida bo'lib o'tgan Osiyo va Tinch okeani davlatlari uchun korrupsiyaga qarshi kurashish tashabbusi bo'yicha 12-mintaqaviy konferensiyada ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Anjuman joriy yilning 23-26 sentyabr kunlari Jakarta shahrida Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti va Osiyo Taraqqiyot banki bilan hamkorlikda o'tkazildi.

Mintaqaviy konferensiya doirasida O'zbekiston Osiyo va Tinch Okeani davlatlari uchun korrupsiyaga qarshi kurashish tashabbusiga rasmiy qo'shildi.

Xorijiy hamkorlar korrupsiyaga qarshi kurashishda O'zbekiston tajribasi, xususan tadbirkorlik subyektlarida uchraydigan korrupsiya holatlari va maishiy korrupsiya oldini olish hamda aholida korrupsiyaga qarshi immunitet hosil qilishda erishilgan ijobiy natijalarni yuqori baholadi.

Tashrif doirasida O'zbekiston delegatsiyasi rahbari, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o'rinbosari Umida To'xtasheva Indoneziya Korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyasi rahbari Agus Joko Pramono bilan uchrashuv o'tkazdi.

Indoneziya tomoniga O'zbekiston Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyati va erishilgan yutuq haqida so'zlab berildi.

Komissiya rahbari Agus Joko Pramono ikki davlat o'rtasidagi siyosiy, iqtisodiy va madaniy yo'nalishlardagi hamkorlik aloqalari kengayib borayotganligini alohida qayd etib, korrupsiyaga qarshi kurashish yo'nalishida ham hamkorlikni rivojlantirish muhim ekanligini ta’kidladi.

Shuningdek, u 2025 yil oktyabr oyida bo'lib o'tadigan Toshkent aksilkorrupsiya forumida Indoneziya delegatsiyasi ishtirok etishini tasdiqladi.

Uchrashuv yakunida korrupsiyaga qarshi kurashish yo'nalishida yaqindan hamkorlik o'rnatish, ikki idora o'rtasida memorandum imzolash va qo'shma harakatlar rejasini ishlab chiqish bo'yicha kelishuvga erishdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish