Logo

Rekruting agentligi O'zbekiston tibbiyot xodimlarini chet tillariga o'qitish orqali Britaniya shifoxonalariga ishga jalb qiladi

Aprel 27, 2024. 09:53 • 2 daq

1214
Rekruting agentligi O'zbekiston tibbiyot xodimlarini chet tillariga o'qitish orqali Britaniya shifoxonalariga ishga jalb qiladi

LONDON, 27-aprel. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasi ko'magida Britaniyaning "NEU Professionals" rekruting agentligi, Qirollik hamshiralik kolleji, Koventri universiteti va "Mutaxassis til kurslari" markazi vakillaridan iborat delegatsiyaning O'zbekistonga amaliy safari tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.



Safar davomida britaniya tomoni O'zbekiston Kambag'allikni qisqartirish va bandlik, Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar, Sog'liqni saqlash vazirliklari, Toshkent tibbiyot akademiyasi va Samarqand shahridagi "Medicon" universitetida uchrashuvlar o'tkazdi.

Olib borilgan muzokaralar natijasida, o'zbekistonlik 10 mingdan ortiq tibbiyot sohasi vakillarini chet tillariga o'qitish orqali Buyuk Britaniyadagi nufuzli shifoxonalarga ishga qabul qilish hamda 3 ming AQSH dollari miqdorida oylik maosh to'lash bo'yicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, "NEU Professionals" rekruting agentligi vakillari ishtirokida bo'lib o'tgan matbuot anjumanida ish beruvchi talabi, ushbu yurtda ishlash tartibi batafsil tushuntirildi.

Britaniya tomoni o'zbekistonlik tibbiyot sohasi vakillari, jumladan hamshiralar o'rta tibbiy xodim sifatida faoliyat yuritish bilan cheklanib qolmasligi, balki qobiliyati, intilishi, tajribasi va til bilishidan kelib chiqib, vazifasi nuqtayi nazaridan o'sish imkoniga ega bo'lishini ta’kidladi.

"NEU Professionals" rekruting agentligi 2013-yil chet ellik tibbiyot mutaxassislarini Buyuk Britaniyaning Oksford universiteti shifoxonasi va boshqa tibbiyot muassasalari uchun yollashga ko'maklashish maqsadida tashkil etilgan. Kompaniya xorijdan tibbiyot mutaxassislarini Angliya va Uelsga yetkazib berish bilan shug'ullanmoqda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish