Vengriya o'zbekistonliklar uchun bo'sh ish o'rinlarini taklif qilmoqda
Mart 27, 2024. 19:16 • 52 soniya
• 624
BUDAPESHT, 27-mart. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz diplomatik vakolatxonasi ko'magida Vengriyaning "Worknet Kft." kompaniyasi direktori David Penzesh va O'zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi boshlig'i o'rinbosari Hojiakbar Fayzullaxo'jayev o'rtasida videokonferensaloqa formatida muzokaralar tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Onlayn muloqot chog'ida O'zbekistondan mehnat muhojirlarini Vengriyaga jalb qilish, Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi va ushbu kompaniyasi o'rtasida hamkorlik shartnomasini tuzish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar davomida agentlikning chet tillarini tanlash, tayyorlash, o'rgatish sohasidagi faoliyati, O'zbekistondan bo'lajak mehnat migrantlari uchun davlat tomonining kafolatlari va shartlari haqida batafsil ma'lumot berildi.
Vengriya tomoni O'zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi bilan hamkorlik aloqalarini o'rnatish va agentlik tomonidan yuborilgan mehnat migrantlarini Vengriyaga yollash va ishga joylashtirish sohasida shartnoma tuzishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv natijasida O'zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi va "Worknet Kft." kompaniyasi o'rtasida hamkorlik shartnomasini imzolash to'g'risida kelishuvga erishildi.
David Penzesh, shuningdek, joriy aprel oyidan boshlab 100 nafar o'zbekistonliklarni Vengriyadagi qurilish obyektlarida ish bilan ta'minlashga tayyorligini bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi