Yaqin Sharqning yirik riteyleri o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun bo‘sh ish o‘rinlarini taklif qilmoqda
Iyun 23, 2026. 14:00 • 2 daq
• 166
DUBAY, 23-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Bosh konsulxonasi diplomatlari BAAda faoliyat yuritayotgan “Nesto Group” shirkati bosh ofisi rahbariyati bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuv davomida BAA tomoniga O‘zbekistonda xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy etish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, sohaga oid Prezident farmonining mazmun-mohiyati haqida atroflicha ma’lumot berildi. Shuningdek, xalqaro mehnat bozori talablariga mos malakali mutaxassislar tayyorlaydigan yurtimizdagi monomarkazlar faoliyati va ularning imkoniyatlari alohida taqdim etildi.
“Nesto Group” vakillari O‘zbekiston fuqarolarini qonuniy va ijtimoiy himoyalangan mehnat bilan ta’minlash masalasiga katta qiziqish bildirib, hamkorlik doirasida keng qamrovli bo‘sh ish o‘rinlarini taklif etdi.
Jumladan, savdo tarmog‘idagi gipermarket va supermarketlar uchun sotuvchi-maslahatchi, kassir-operator, merchendayzer, turli ixtisoslashgan bo‘limlar xodimlari, omborchilar hamda xizmat ko‘rsatish sohasi vakillari kabi lavozimlarga o‘zbekistonlik mutaxassislarni jalb qilishga tayyorligini bildirdi.
Kompaniya rahbariyatining ma’lum qilishicha, ishga qabul qilinadigan fuqarolarning tibbiy sug‘urtasi, ishchi vizasini rasmiylashtirish, yashash joyi va transport xarajatlari to‘liq ish beruvchi tomonidan qoplanadi.
Nomzodlardan ingliz tilini kamida boshlang‘ich darajada bilish talab etiladi. Shuningdek, ish boshlashdan oldin ular uchun kompaniya hisobidan 50 kunlik maxsus kasbiy moslashuv va tayyorgarlik kurslari tashkil etiladi.
Uchrashuv yakunida BAA kompaniyasi vakillari hamda O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va yurtimizdagi monomarkazlar o‘rtasida “Zoom” platformasi orqali onlayn muloqot tashkil etish, uzoq muddatli hamkorlik memorandumini imzolash va loyihani qisqa muddatlarda amaliy bosqichga o‘tkazish bo‘yicha qat’iy kelishuvga erishildi.
2004-yilda tashkil etilgan, “Western International Group” tarkibiga kiruvchi “Nesto Group” Yaqin Sharqdagi eng tez rivojlanayotgan riteylerlardan biri hisoblanadi. Bugungi kunda kompaniya BAA, Saudiya Arabistoni, Ummon, Quvayt, Bahrayn va Hindistonda 150 ga yaqin yirik gipermarket, supermarket va diskaunterlarni boshqarib, 24 mingdan ortiq xodimni ish bilan ta’minlab kelmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi