Oʻzbekiston hududlari va Turkiyaning Trabzon viloyati oʻrtasida sayyohlar almashinuvi oshishi kutilmoqda
Oktabr 03, 2025. 19:27 • 55 soniya
• 121

TRABZON, 5-oktabr. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasi diplomatlari Turkiyaning Trabzon viloyati madaniyat va turizm boshqarmasi boshligʻi Tamer Erdogʻan bilan uchrashuv oʻtkazdilar, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Muloqot davomida Oʻzbekiston hududlari va Trabzon viloyati oʻrtasida sayyohlik sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, turistlar almashinuvini oshirish, madaniy dasturlar va xalqaro anjumanlarni tashkil etish, Trabzon va Toshkent shaharlari oʻrtasida doimiy aviareyslarni yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama qilindi.
Tamer Erdogʻanning aytishicha, 2025-yil oʻtgan davrida Oʻzbekistondan 10 mingdan ziyod oʻzbekistonliklar sayyohlik maqsadida Trabzonga kelgan. U, shuningdek, Trabzondan Oʻzbekistonga sayohat qilishga boʻlgan qiziqish yildan yilga ortayotganini bildirdi.
Bu boradagi hamkorlikni jadallashtirish maqsadida Trabzon viloyati va Oʻzbekiston turkompaniyalari oʻrtasidagi yaqin aloqalarni yoʻlga qoʻyish, Turkiyaning ushbu hududida Oʻzbekiston sayyohlik salohiyatiga bagʻishlangan taqdimotlarni koʻproq oʻtkazish taklifi qoʻllab-quvvatlandi.
Tomonlar joriy yilning 29-31-oktyabr kunlari Trabzon shahrida boʻlib oʻtadigan Oʻzbekiston meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkasi hamda oʻzbek san'at ustalari ishtirokidagi konsert dasturini yuqori darajada tashkil etish muhimligini ta'kidladilar.
Uchrashuv yakunida 27-29-noyabr kunlari boʻlib oʻtadigan Toshkent xalqaro turizm yarmarkasida Trabzon viloyati maxsus pavilyon bilan ishtirok etishi yuzasidan kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Malayziya sayyohlik kompaniyalari bilan turizm bo‘yicha kelishuvlarga erishildi
Budapeshtda O‘zbekiston turizm imkoniyatlari bo‘yicha aksiya o‘tkazildi
Polshaning Reda shahrida o‘zbek turizm sohasi eʼtirof qilindi
Nemis ekspertlari O‘zbekistondagi turizm imkoniyatlarini yuqori baholadi
Goada O‘zbekiston turistik salohiyati va milliy modasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi