Toshkent va Iordaniya poytaxti o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilmoqda

Iyun 27, 2026. 13:30 • 2 daq

102
Toshkent va Iordaniya poytaxti o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilmoqda

AMMON, 27-iyun. /“Dunyo” AA/. Iordaniyada Toshkent va Ammon shaharlari o‘rtasida muntazam to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarning boshlanishi munosabati bilan O‘zbekistondagi sayyohlik imkoniyatlariga bag‘ishlangan taqdimot bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda Iordaniya turizm sohasi vakillari, yetakchi turoperatorlar, mehmonxona biznesi rahbarlari hamda “Royal Jordanian Airlines” aviakompaniyasi mutasaddilari ishtirok etdi.

Anjuman davomida qatnashchilarga O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan noyob me’moriy obidalari, Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz kabi tarixiy shaharlar bo‘ylab mashhur sayyohlik yo‘nalishlari haqida ma’lumot berildi. Mehmonlar yurtimizda ekologik, gastronomik, tibbiy va ishbilarmonlik turizmini rivojlantirish borasida yaratilgan zamonaviy imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdi.

O‘zbekistonning ziyorat turizmi salohiyati Iordaniya tomonida katta qiziqish uyg‘otdi. Diyorimizdan yetishib chiqqan ulug‘ islom ulamolari va mutafakkirlarining boy merosi, muqaddas qadamjolar hamda xorijlik ziyoratchilar uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar xususida ham to‘xtalib o‘tildi.

Yangi havo yo‘nalishining ochilishi O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi sayyohlik, ishbilarmonlik va gumanitar aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarish hamda o‘zaro sayyohlar oqimini sezilarli darajada oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

“Royal Jordanian Airlines” aviakompaniyasining ilk muntazam to‘g‘ridan to‘g‘ri parvozi joriy yilning 30-iyun kuniga rejalashtirilgan. Jadvalga muvofiq, RJ196 reysi Ammon xalqaro aeroportidan mahalliy vaqt bilan soat 22:50 da parvoz qilib, keyingi kuni soat 05:25 da Toshkent xalqaro aeroportiga qo‘nadi.

Ikki poytaxtni bog‘laydigan yangi havo ko‘prigi mamlakatlar o‘rtasidagi masofa va vaqtni sezilarli darajada qisqartirib, turizm, savdo, investitsiya va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish