"NHK" telekanali: Nara va Samarqanddan topilgan qadimiy buyumlarda bog'liqlik bor

Sentabr 11, 2025. 12:36 • 2 daq

470
"NHK" telekanali: Nara va Samarqanddan topilgan qadimiy buyumlarda bog'liqlik bor

TOKIO, 11-sentyabr. /"Dunyo" AA/. Yaponiyaning yetakchi ommaviy axborot vositalaridan biri – "NHK" telekanali Nara shahridagi arxeologik topilmalar va ularning O'zbekiston bilan bog'liqligi haqida yangiliklarni efirga uzatdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda ta'kidlanishicha, Nara shahridagi Tomio-Marusan qo'rg'onida arxeologik qazishmalar davomida uchta mis oyna topilgan. Ulardan biri — diametri 19,1 sm bo'lgan, Xan sulolasi davriga oid yirik va noyob bronza oyna bo'lib, Yaponiyada bu turdagi topilmalar jami uchta ekanligi xabar qilingan.


"Shu munosabat bilan yapon olimlari Xan sulolasi davriga oid topilmalar, jumladan bronza buyumlar va oynalar O'zbekistondan ham topilganini qayd etdi. Xususan, Samarqand viloyatidagi Ko'ktepa qo'rg'onidan diametri 18,7 sm bo'lgan katta o'lchamli bronza oyna topilgan va u hozirda O'zbekiston tarixi davlat muzeyida saqlanadi", – deyiladi lavhada.


Yaponiya tomoniga ko'ra, mazkur topilmalar Samarqand va Nara shaharlari o'rtasidagi madaniy hamkorlik, shuningdek, ikki mamlakat o'rtasidagi aloqalarning Buyuk ipak yo'li orqali chambarchas bog'langanligini yana bir isbotidir.


Ma'lum qilinishicha, 2027-yilda Nara milliy muzeyida o'tkazilishi rejalashtirilgan "Maxsus arxeologik" ko'rgazma doirasida Nara va Samarqand topilmalari tadbirning asosiy eksponatlaridan biri sifatida namoyish etilishi rejalashtirilgan.


Eslatib o'tamiz, joriy yil 17-avgust kuni Osaka shahrida bo'lib o'tayotgan "EKSPO-2025" Butunjahon ko'rgazmasi doirasida O'zbekiston Milliy pavilyonida O'zbekiston Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg'armasi, Nara shahri va Nara milliy muzeyi o'rtasida 2027-yilda Nara milliy muzeyida O'zbekistonning madaniy va tarixiy merosiga bag'ishlangan "Maxsus arxeologik" ko'rgazmani tashkil etish haqida uch tomonlama anglashuv memorandumi imzolangan edi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish