O'zbekiston elchisi Fransiya Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi
Sentabr 18, 2024. 18:12 • 2 daq
• 1538
PARIJ, 18-sentabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning yangi elchisi Nodir Ganiyev kecha Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronga ishonch yorliqlarini topshirdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Rasmiy marosim doirasida bo'lib o'tgan suhbatda Fransiya Prezidenti Toshkent va Parij o'rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar holati va istiqbolini yuksak baholadi.
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron 2023-yil noyabr oyida Samarqandga buyurgan rasmiy tashrifini iliq taassurotlar bilan eslab, oliy darajadagi siyosiy muloqotni davom ettirish va O'zbekiston bilan do'stlik aloqalarini yana-da rivojlantirish tarafdori ekanligini ta'kidladi.
Fransiya yetakchisiga O'zbekiston elchisi bilan bir qatorda yana 20 ta xorijiy mamlakatlarning elchilari o'z ishonch yorliqlarini topshirdilar.
Fransiya Prezidenti elchilarni ushbu lavozimga kirishishlari bilan tabriklab, ularga ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish borasidagi diplomatik faoliyatlarida ulkan zafarlar tiladi.
Ma'lumot uchun, Nodir Ganiyev 13-iyul kuni Parij shahriga O'zbekistonning yangi elchisi sifatida yetib kelgandi. U shu kunga qadar O'zbekistonning Shvetsiyadagi birinchi Favqulodda va Muxtor Elchisi lavozimida ishlagan.
Nodir Ganiyev 53 yoshda. Toshkent davlat sharqshunoslik universitetini tamomlagan. 1994-yildan buyon Tashqi ishlar vazirligi tizimida faoliyat yuritib kelmoqda. U markaziy apparatda va mamlakatning xorijdagi diplomatik vakolatxonalarida turli lavozimlarda ishlagan.
Shvetsiyaga elchi bo'lib tayinlanishidan oldin TIVning Yevropa mamlakatlari va Yevropa Ittifoqi institutlari bilan hamkorlik boshqarmasiga rahbarlik qilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Pokistonning markaziy telekanallari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi
O‘zbekistonning yangi elchisi Rim Papasiga ishonch yorliqlarini topshirdi
Britaniyaning nufuzli nashriyot uyi bilan hamkorlik o‘rnatiladi
Ekspertlar o‘zbek–xitoy munosabatlari istiqboli xususida fikr almashdi