Logo

O'zbekistonning yangi elchisi Ispaniya Qiroliga ishonch yorliqlarini topshirdi

Aprel 09, 2024. 16:10 • 55 soniya

487
O'zbekistonning yangi elchisi Ispaniya Qiroliga ishonch yorliqlarini topshirdi

MADRID, 9-aprel. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning yangi tayinlangan elchisi Farrux Tursunov Madrid shahrida Ispaniya Qiroli Filipp VI ga ishonch yorliqlarini topshirdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Rasmiy marosimdan so'ng bo'lib o'tgan suhbat chog'ida O'zbekiston va Ispaniya o'rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, shuningdek, xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Qirol Filipp VI O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlarni yuksak baholab, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida mamlakatimizda kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish, ochiq tashqi siyosatni amalga oshirish, barqaror iqtisodiy o'sishni ta'minlash borasida salmoqli yutuqlarga erishilganini ta'kidladi.

O'zbekiston Prezidentining siyosiy tashabbuslari, o'z mamlakati farovonligi, shuningdek, butun Markaziy Osiyo mintaqasidagi jarayonlar, ayniqsa, qo'shni Afg'onistondagi vaziyatni barqarorlashtirishga qo'shayotgan hissasi alohida qayd etildi.

Ispaniya Qiroli, shuningdek, ikki tomonlama munosabatlarni barcha jabhalarda mustahkamlash va rivojlantirish borasidagi sa'y-harakatlarga hissa qo'shishga tayyorligini bildirdi.

 Uchrashuv yakunida Qirol Filipp VI O'zbekiston elchisiga ikki mamlakat o'rtasidagi o'zaro munosabatlarni mustahkamlash borasidagi mas'uliyatli ishlariga muvaffaqiyatlar tiladi.

Eslatib o'tamiz, O'zbekiston elchisi Farrux Tursunov 2023-yil 7-dekabr kuni Toshkentdan Madridga yetib borgan edi. Bungacha u TIVning Strategik tahlil va prognozlash bosh boshqarmasi, shuningdek, Yig'ma axborot-tahlil departamentini boshqarib kelayotgan edi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish