O‘zbekiston elchisi Bruney Sultoniga ishonch yorlig‘ini topshirdi
Oktabr 21, 2026. 09:25 • 2 daq
• 304
BANDAR-SYERI-BAGAVAN, 21-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Bruneydagi (qarorgohi Kuala-Lumpur shahrida joylashgan) elchisi Karomiddin Gadoyev ushbu davlat Sultoni Hassanal Bolkiahga ishonch yorlig‘ini topshirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tantanali marosimdan so‘ng bo‘lib o‘tgan muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Bruney o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Tashrif davomida Bruney tashqi ishlar vaziri Shahzoda Abdul Matiyn hamda ikkinchi tashqi ishlar vaziri Erivan Yusof bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Bruney vakillari O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va ularning natijalarini yuqori baholadi.
Uchrashuvlar yakunida tomonlar savdo-iqtisodiy, madaniy, ta’lim va turizm sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldi.
Eslatib o‘tamiz, Karomiddin Gadoyev 2023-yil noyabrdan buyon O‘zbekistonning Malayziyadagi elchisi hisoblanadi. Bunga qadar u TIVning BMT va boshqa xalqaro siyosiy tashkilotlar bilan hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlagan. 1995-yildan buyon Tashqi ishlar vazirligi tizimida, jumladan, markaziy apparatda, O‘zbekistonning NATOdagi missiyasi va Bryusseldagi elchixonasida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi