Logo

Mart oyida Buyuk Britaniyaning yetakchi universitetlari rahbarlari O'zbekistonga tashrif buyuradi

Fevral 14, 2024. 19:03 • 53 soniya

171
Mart oyida Buyuk Britaniyaning yetakchi universitetlari rahbarlari O'zbekistonga tashrif buyuradi

LONDON, 14-fevral. /"Dunyo" AA/ O'zbekiston elchisi Ravshan Usmanov Buyuk Britaniyaning Vestminster universiteti prorektori Piter Bonfild bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Muloqot chog'ida Britaniya oliy o'quv yurti bilan hamkorlikni rivojlantirish, ikki tomonlama akademik almashinuv istiqbollari, shuningdek, madaniy-ma'rifiy hamkorlikni kengaytirish masalalari ko'rib chiqildi.

Universitetlararo hamkorlikni rivojlantirishga doir keng ko'lamli masalalarni muhokama qilish uchun 4-5-mart kunlari Buyuk Britaniyaning 25 ta yetakchi universitetlari vakillaridan iborat delegatsiyaning O'zbekistonga tashrifini tashkil etish bo'yicha kelishuvga erishildi.

Shuningdek, Buyuk Britaniya vakillari bilan Vestminster universitetida "O'zbekiston haftaligi"ni o'tkazish masalasi muhokama qilindi. Unda Buyuk Britaniya akademik va talabalar jamoatchiligi respublikamizning madaniy-tarixiy merosi va yutuqlari bilan yaqindan tanishtiriladi.

Bundan tashqari, Vestminster universitetida tahsil olayotgan o'zbekistonlik talabalar bilan ham uchrashuv bo'lib o'tdi. Unda vatandoshlarimizga O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati, davlatimiz tomonidan yoshlarni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar haqida atroflicha ma'lumot berildi.

Uchrashuv yakunida "O'zbekiston – 2030" strategiyasida belgilangan muhim vazifalar hamda 2024-yil – "Yoshlar va biznesni qo'llab-quvvatlash yili"da amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlarga alohida to'xtalib o'tildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish