Pokistondagi xalqaro ko‘rgazmada “Made in Uzbekistan” milliy paviloni namoyish etildi
Noyabr 27, 2026. 12:30 • 2 daq
• 104KARACHI, 27-noyabr. /“Dunyo” AA/. 23–26-noyabr kunlari Pokistonning Karachi shahrida “FoodAg–2026” xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Pokiston Savdoni rivojlantirish agentligi tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazmada 1000 nafardan ortiq mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilar, eksportyor va importyorlar, yirik savdo tarmoqlari, logistika kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.
Yurtimizning Pokistondagi elchixonasi ko‘magida O‘zbekiston Eksportchilar uyushmasi va mamlakatimizning oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi va qayta ishlash sohalarida faoliyat yurituvchi korxonalar vakillaridan iborat delegatsiya ham yarmarkada qatnashdi.
Diplomatik vakolatxona tomonidan ko‘rgazma maydonida “Made in Uzbekistan” milliy paviloni tashkil etildi. Unda mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan quritilgan va sublimatsiya usulida quritilgan mevalar, meva-sabzavotlar, dukkakli mahsulotlar, qandolatchilik, konservalangan oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa eksportbop tovarlar keng namoyish etildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolarining Pokiston savdo vaziri Jam Kamol Xon bilan uchrashuvi tashkil etildi. Muloqot davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish va O‘zbekiston mahsulotlarining Pokiston bozoridagi ishtirokini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
– O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati hamda eksport imkoniyatlari ancha yuqori, – dedi vazir Jam Kamol Xon. – Biz O‘zbekistondan meva-sabzavotlar, konservalangan va chuqur qayta ishlangan oziq-ovqat mahsulotlari, sublimatsiya usulida quritilgan mevalar eksportini ko‘paytirishdan manfaatdormiz.
Pokiston Milliy oziq-ovqat xavfsizligi va tadqiqotlar vazirligi tizimidagi Milliy agrosavdo va oziq-ovqat xavfsizligi agentligi hamda O‘simliklarni himoya qilish departamenti rahbariyati, yirik oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi kompaniyalar vakillari bilan alohida-alohida muzokaralar o‘tkazildi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Pokiston bozoriga chiqarish, fitosanitariya ruxsatnomalarini rasmiylashtirish, yangi mahsulotlar bo‘yicha eksport talablarini kelishish hamda o‘zaro vakolatli idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Yarmarkada qatnashgan “Imtiaz”, “Hemani General Trading”, “Chapal Group”, “Balaji Group of Companies”, “Zia Group”, “Saif Group”, “Ebrahim Group of Companies”, «”Agro Processors & Atmospheric Gases (APAG)” va boshqa yirik kompaniyalar O‘zbekiston mahsulotlarini xarid qilishga katta qiziqish bildirdi.
Ko‘rgazma yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Eksportchilar uyushmasi hamda Panjob viloyati Investitsiyalar va savdo departamenti o‘rtasida hamkorlik memorandumi, Pokiston kompaniyalari bilan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportiga doir qator savdo shartnomalari imzolandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi






