Kuchli yomg‘ir oqibatida Istanbulni suv bosdi, 14 yoshli o‘smir tok urishidan halok bo‘ldi
Oktabr 15, 2026. 12:00 • 2 daq
• 169ANQARA, 15-oktabr. /“Dunyo” AA/. Kuchli jala oqibatida Istanbul ko‘chalari va turar joylarini suv bosdi, yo‘lning bir qismi o‘pirilib tushdi hamda 14 yoshli o‘smir elektr toki urishidan halok bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Turkiyaning “TRT Haber” telekanaliga tayanib.
Shaharning qator tumanlarida sel oqimlari avtomobillarni oqizib ketdi, suv bosgan hududlarda transport harakati qiyinlashdi. Eyupsulton tumanida yo‘lning bir qismi o‘pirilib tushdi, ayrim ko‘chalarda mashinalar suvda qolib ketdi.
Esenyurt tumanida suv bosgan yo‘lda bir ayolni oqim olib ketdi, biroq voqea guvohlari uni qutqarib qolishga muvaffaq bo‘ldi. Kuchukchekmejeda qutqaruvchilar suv bosgan xonadonda qolib ketgan fuqaroni olib chiqishdi, Sariyer tumanining Ayyazag‘a mahallasida esa suv avtomobillarni oqizib ketdi.
Yana bir fojiali hodisa 14 yoshli o‘smir bilan sodir bo‘ldi: u ko‘lmakni bosib o‘tayotganda tok urishidan vafot etdi. Mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari boshlangan.
Istanbul gubernatori Davut Gul yomg‘ir tun bo‘yi butun viloyat bo‘ylab davom etishi, ertasi kuni shaharning Osiyo qismida ayniqsa kuchli yog‘ingarchilik kutilayotganidan ogohlantirdi.
U aholini o‘ta zarurat bo‘lmasa uydan chiqmaslik, imkon qadar shaxsiy avtomobillardan foydalanmaslik hamda suv toshqini va ko‘chki xavfi mavjud hududlarga bormaslikka chaqirdi.
Noqulay ob-havo sharoiti tufayli Istanbuldagi barcha ta’lim muassasalarida an’anaviy (kunduzgi) o‘qish bir kunga to‘xtatiladi.
Rasmiylar davom etayotgan yog‘ingarchilik tufayli aholiga rasmiy ogohlantirishlarni kuzatib borish va xavfsizlik choralariga rioya qilishni tavsiya etdi.
“TRT Haber” surati
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


