Pokistonlik munosabat: Urdu tilidagi qariyb 5 000 ta so‘z o‘zbek tilidan o‘zlashgan

Oktabr 15, 2026. 14:00 • 3 daq

• 4
Pokistonlik munosabat: Urdu tilidagi qariyb 5 000 ta so‘z o‘zbek tilidan o‘zlashgan

ISLOMOBOD, 15-oktabr. /“Dunyo” AA/. Pokistonlik jurnalist va ekspert, XVI “Oltin qalam” milliy mukofoti tanlovi sovrindori Xalid Taymur Akram “Dunyo” axborot agentligiga bergan intervyusida 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan xalqimizga tabrik yo‘lladi:

– O‘zbek xalqini 21-oktabr – o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun bilan samimiy tabriklayman. Bu sana o‘zbek xalqining boy tarixi, buyuk sivilizatsiyasi, yuksak adabiy salohiyati va madaniy o‘zligiga bo‘lgan yuksak ehtirom ifodasidir.

O‘zbek tili O‘zbekiston milliy o‘zligining go‘zal ifodasi va shonli o‘tmishining faxrli aksidir. O‘zbekiston zamini jahonga buyuk allomalar, shoirlar, faylasuflar va mutafakkirlarni yetishtirib bergan.

Alisher Navoiyning adabiy merosi o‘zbek tilining mavqeini yuksaltirgan bo‘lsa, Mirzo Ulug‘bekning ilm-fan va astronomiya sohalaridagi xizmatlari bugun ham butun insoniyatni ilhomlantirib kelmoqda. Samarqand, Buxoro va Xiva kabi qadimiy shaharlar O‘zbekistonning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan beqiyos hissasining ulug‘vor ramzlari hisoblanadi.

Pokiston va O‘zbekiston – birodar xalqlar yashaydigan mamlakatlardir. Ikki davlatni tarixiy, madaniy, lisoniy va ma’naviy rishtalar bog‘lab turadi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar zamonaviy diplomatik aloqalar bilangina cheklanib qolmaydi. Ushbu munosabatlar Markaziy va Janubiy Osiyo hududlarida asrlar davomida rivojlangan savdo-sotiq, ilm-fan, adabiyot, tasavvuf va xalqlar o‘rtasidagi aloqalarga borib taqaladi.

Mushtarak merosning qiziqarli jihatlaridan biri – o‘zbek va urdu tillari o‘rtasidagi bog‘liqlikdir. Milliy tilimiz bo‘lgan urdu tili asrlar davomida fors, arab, turkiy tillar hamda Hindiston yarimoroli xalqlarining tillari va madaniy an’analari bilan o‘zaro ta’sir natijasida shakllangan.

O‘zbek va urdu tillaridagi ko‘plab mushtarak so‘zlar, iboralar va madaniy tushunchalar asrlar davomidagi ushbu aloqalarni aks ettiradi. Urdu tilidagi qariyb 5 000 ta so‘z o‘zbek tilidan o‘zlashgan.

Xalqlarimiz o‘rtasidagi bunday mushtaraklikni tillarimizning kundalik lug‘at boyligida ham eshitish, adabiy an’analarimiz, she’riyatimiz, musiqamiz, mehmondo‘stligimiz va urf-odatlarimizda ham his etish mumkin. Biz ishlatadigan so‘zlar, o‘qiydigan she’rlar va qadrlaydigan an’analar ikki xalqimiz necha asrlardan buyon o‘zaro bog‘liq ekanini doimo eslatib turadi.

Ushbu qutlug‘ sana munosabati bilan til shunchaki muloqot vositasi emasligini ham alohida ta’kidlamoqchiman. Til – millatning ruhi, uning jamoaviy xotira xazinasi va avlodlarni bir-biriga bog‘lovchi ko‘prikdir.

O‘zbek tilini asrab-avaylash va rivojlantirish o‘zbek xalqining tarixi, donishmandligi va milliy o‘zligini saqlash demakdir. Urdu va o‘zbek tillarini o‘zaro chuqurroq anglash hamda o‘rganishni rag‘batlantirish yosh avlodlarimizni yanada yaqinlashtirib, ularga mushtarak bo‘lgan bebaho merosni qadrlashga yordam beradi.

O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga bo‘lgan yuksak hurmatim, ehtiromim va birodarlik tuyg‘ularimni izhor etaman. Go‘zal o‘zbek tilimiz hamisha ravnaq topsin, O‘zbekistonning buyuk madaniy merosi butun dunyoni ilhomlantirishda davom etsin va o‘zaro do‘stligimiz yildan-yilga yanada mustahkamlansin.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish