O‘zbekiston va Vyetnamning yetakchi kompaniyasi o‘rtasida memorandum imzolandi
Dekabr 28, 2025. 15:12 • 2 daq
• 276
XANOY, 28-dekabr. /“Dunyo” AA/. Xanoy shahrida O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi va Vyetnamning “Vingroup” korporatsiyasi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Vingroup” korporatsiyasi 1993-yilda taʼsis etilgan bo‘lib, sanoat, texnologiyalar, avtomobilsozlik va infratuzilma qurilishiga ixtisoslashgan Vyetnamning yetakchi kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Kompaniyaning mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushi 2 foizni tashkil etadi.
Memorandum doirasida tomonlar O‘zbekistonning rivojlanish ustuvor yo‘nalishlariga mos investitsiya loyihalarini birgalikda o‘rganish va rivojlantirishga kelishib oldilar. Xususan, kompaniya shaharsozlik sohasida zamonaviy turar-joy binolari, mehmonxonalar, biznes markazlar va savdo-ko‘ngilochar majmualarni barpo etishda hamkorlik qilishga tayyor ekanligini bildirdi.
Shuningdek, tomonlar yashil transformatsiya, barqaror transport va xizmatlar tizimini rivojlantirish sohasidagi imkoniyatlarni o‘rganish va amalga oshirish yo‘llarini muhokama qildilar. Imzolangan memorandum O‘zbekistonning turizm salohiyatini kengaytirish va mamlakatni xalqaro sayyohlar uchun yanada jozibador qilish maqsadida rekreatsiya markazlari hamda investitsiya loyihalarini rivojlantirish uchun zamin yaratadi.
Mazkur memorandum ikki mamlakat investitsiyaviy hamkorligida yangi bosqich ochish va strategik loyihalarni amalga oshirish uchun muhim qadam sifatida baholanmoqda.
“Vingroup” korporatsiyasi vitse-prezidenti va bosh direktori Nguyen Vyet Kuang:
- O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasining salohiyatli va nufuzli davlati hisoblanadi. Mamlakatda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda va qulay investitsiya muhiti yaratilgan. Respublika oxirgi yillarda o‘zining iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari bilan Osiyoda yetakchi o‘rinlarni egallab kelmoqda. Ushbu Memorandum orqali kompaniyamiz O‘zbekiston iqtisodiyotining ustuvor sohalarida ijobiy samara beradigan investitsiya loyihalarini bosqichma-bosqich amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi