O‘sh shahrida Alisher Navoiy haykali va uning nomi bilan atalgan shohko‘cha ochildi
Dekabr 14, 2025. 13:04 • 3 daq
• 527O‘Sh, 15-dekabr. /“Dunyo” AA/. O‘sh shahrida buyuk o‘zbek shoiri, mutafakkir va davlat arbobi Alisher Navoiy haykali va uning nomi bilan atalgan shohko‘chaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu marosimda qatnashish uchun O‘zbekiston Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov boshchiligida Andijon viloyati hokimiyati, Yozuvchilar uyushmasi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universiteti vakillari hamda mamlakatimiz elchisi Saidikrom Niyozxo‘jayevning O‘sh shahriga amaliy tashrifi amalga oshirildi.
O‘zbekistonlik mehmonlarni qirg‘iz–o‘zbek davlat chegarasidagi “Dostuk” chegara-o‘tish punktida Qirg‘iziston madaniyat, axborot va yoshlar siyosati vaziri o‘rinbosari Askarali Madaminov, Prezidentning O‘sh viloyatidagi vakolatli vakilining 1-o‘rinbosari Ilyaz Tashbayev, O‘sh shahar meri Jenishbek Toktorbayev va boshqa rasmiy shaxslar tantanali ravishda kutib oldi.
Alisher Navoiy shohko‘chasi va haykalning ochish marosimida Qirg‘iziston Prezidentining O‘sh viloyatidagi vakolatli vakili Amankan Kenjebayev boshchiligida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, O‘zbekiston delegatsiyasi hamda turli OAV xodimlari ishtirok etdi.
Tadbir Alisher Navoiy haykalini ochish va uning poyiga gulchambarlar qo‘yish marosimi bilan boshlandi. Shundan so‘ng ishtirokchilar eʼtiboriga o‘zbek va qirg‘iz sanʼatkorlari tomonidan tayyorlangan, Alisher Navoiy ijodini aks ettiruvchi sahna ko‘rinishlari va uning g‘azallariga bastalangan qo‘shiqlardan iborat konsert dasturi taqdim etildi.
O‘sh viloyati rahbari o‘z nutqida O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari va strategik hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilganini alohida taʼkidladi. Alisher Navoiy haykali ochilish marosimida ishtirok etish uchun O‘sh shahriga O‘zbekistondan nufuzli delegatsiya tashrifi ikki mamlakat xalqlarining tarixiy
va madaniy birodarlik aloqalari va chuqur hurmat belgisi ekanini urg‘uladi.
Alisher Navoiyning maʼnaviy merosi o‘zbek va qirg‘iz xalqlarini birlashtiruvchi muhim qadriyat hisoblanadi. O‘sh shahrida uning haykali o‘rnatilishi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi madaniy hamkorlikning yorqin timsolidir.
Shahar meri O‘sh shahrida Alisher Navoiy nomidagi istirohat bog‘i 1968 yilda barpo etilgani va buyuk o‘zbek shoirining shahardagi birinchi haykali ham shu yil o‘rnatilganini hamda 1991-yilda bog‘ atrofidagi ko‘chaga uning nomi berilganini maʼlum qildi. Ushbu ko‘cha shu kungacha uning nomi bilan atalib kelingan. So‘nggi yillarda bu yerda katta taʼmirlash va obodonlashtirish ishlari o‘tkazilib, ko‘cha mavqeyi ko‘tarilib, shohko‘chaga o‘zgartirilganini bildirdi.
Jenishbek Toktorbayevning taʼkidlashicha, xalqlarimiz doim birdamlikda yashab kelgan va bu ahil-inoqlik hozirgacha saqlanib qolmoqda. Joriy yilda O‘sh viloyatiga O‘zbekistondan 1,3 million nafardan ortiq sayyoh tashrif buyurgan va ushbu raqam xalqlarimiz o‘rtasida birodarlik va do‘stlik aloqalarining tobora mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi.
Tadbir Tashqi ishlar vazirligining Janubiy viloyatlaridagi vakolatxonasida davom ettirilib, o‘zbek–qirg‘iz delegatsiyalari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik munosabatlari muhokama qilindi. Muloqot chog‘ida so‘nggi yillarda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarning jadal rivoji hamda erishilgan muhim yutuqlar haqida to‘xtalib o‘tildi. Tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada chuqurlashtirish, birgalikda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va tajriba almashish haqida kelishib oldi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Prezidentining o‘zbek va qirg‘iz xalqlari orasidagi azaliy do‘stlik va totuvlikni mustahkamlash ishlariga qo‘shgan salmoqli hissasi uchun O‘sh shahri meri Jenishbek Toktorbayevni “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlash to‘g‘risidagi farmoni o‘qib eshittirildi. Ushbu mukofotni O‘zbekiston Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov tantanali ravishda topshirdi.
Mer Jenishbek Toktorbayev kamtarona faoliyatiga berilgan yuksak baho uchun O‘zbekiston Prezidenti va o‘zbek xalqiga o‘zining chuqur hurmatini izhor etib, o‘zbek va qirg‘iz xalqlari o‘rtasidagi tarixiy birodarlik aloqalarini hamda o‘zaro hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlash va rivojlantirish yo‘lida bor kuchini sarflashini taʼkidladi.
O‘z navbatida, Ozodbek Nazarbekov Alisher Navoiy shohko‘chasini taʼmirlash va haykalini o‘rnatish loyihasini amalga oshirish hamda bugungi tadbirni tashkil etishda jonbozlik ko‘rsatgan tashkilotchilarga O‘zbekiston nomidan samimiy minnatdorlik bildirdi.
Tadbir davomida elchi Saidikrom Niyozxo‘jayev “Destinatsiya O‘sh” turizm korxonalari jamoat birlashmasi raisi Abduqodir Aliyevga “O‘zbekiston turizm brendining Qirg‘izistondagi elchisi” sertifikatini tantanali ravishda topshirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
ADPI pedagoglari Qirg‘iz–o‘zbek xalqaro universiteti faoliyati bilan tanishdi
Namanganda IV Xalqaro asal festivali bo'lib o'tdi



