YUNESKOda O‘zbekistonning hujjatli merosni asrash yo‘lidagi tashabbusi bir ovozdan maʼqullandi

May 26, 2026. 17:55 • 7 daq

98
YUNESKOda O‘zbekistonning hujjatli merosni asrash yo‘lidagi tashabbusi bir ovozdan maʼqullandi

PARIJ, 26-may /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning YUNESKO huzuridagi doimiy vakili Kamol Muxtorov “Dunyo” AA muxbiriga shu yil 23 aprel kuni YUNESKOning Parijdagi bosh qarorgohida o‘tkazilgan Ijroiya kengashining 224-sessiyasida O‘zbekiston tomonidan taklif etilgan 19-noyabrni – Xalqaro hujjatli meros kuni deb eʼlon qilish to‘g‘risidagi qaror loyihasi bir ovozdan maʼqullangani xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:

­– Aslida ushbu Xalqaro hujjatli meros kunini eʼlon qilish tashabbusi O‘zbekiston Prezidenti tomonidan 2025-yil 30-oktyabr kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi ochilish marosimida ilgari surilgandi.

Hujjatli meros – qo‘lyozmalar, arxivlar, kutubxona fondlari, audiovizual materiallar va raqamli yozuvlar – insoniyat jamoaviy xotirasining muhim qismi hisoblanadi. Biroq resurslar yetishmasligi, raqamlashtirish imkoniyatlarining cheklangani, texnologik eskirish, iqlim va boshqa xavf-xatarlar tufayli zaif bo‘lib qolmoqda.

Shu nuqtai nazardan, ushbu tashabbus hujjatli merosning ahamiyati haqida global xabardorlikni oshirish, aʼzo davlatlar va hamkorlarning uni asrab-avaylash bo‘yicha saʼy-harakatlarini faollashtirish, undan foydalanish imkoniyatini, jumladan, raqamli shaklda kengaytirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va YUNESKOning “Dunyo xotirasi” dasturining ko‘rinishini kuchaytirishga qaratilgan.

Mazkur tashabbus, YUNESKOning hujjatli merosni asrab-avaylash, axborotdan foydalanish, raqamli transformatsiya va barqaror rivojlanish kabi sohalardagi joriy ustuvor yo‘nalishlariga mos keladi.

Bugungi xalqaro hamjamiyat hujjatli merosni saqlash sohasida misli ko‘rilmagan tahdid va muammolarga duch kelmoqda. Texnologiyalarning tez eskirishi, resurslar yetishmasligi, iqlim o‘zgarishi va tabiiy ofatlar oqibatida ko‘plab hujjatli kolleksiyalar yo‘qolib ketish xavfi ostida qolmoqda. Raqamlashtirish darajasining pastligi, moliyaviy imkoniyatlarning cheklangani va tabiiy ofatlar taʼsiri bu jarayonni yana-da murakkablashtirmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti tomonidan Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasida Xalqaro hujjatli meros kunini taʼsis etish tashabbusi ilgari surildi. Ushbu tashabbusning asosiy maqsadi –­­ mavjud muammolarga jahon hamjamiyati eʼtiborini qaratish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda arxivlar, kutubxonalar va audiovizual kolleksiyalarni saqlash va raqamli transformatsiya qilish sohasida davlatlar salohiyatini mustahkamlashdan iborat.

Xalqaro kun uchun 19 noyabr sanasi bejiz tanlanmagan. Aynan 1992-yil 19-noyabr kuni YUNESKOning “Jahon xotirasi” dasturi tashkil etilgan bo‘lib, u insoniyat hujjatli merosini saqlash bo‘yicha tashkilotning eng muhim mexanizmlaridan biri hisoblanadi.

O‘zbekiston tashabbusi YUNESKOning barqaror va inklyuziv bilimlar jamiyatini shakllantirishga qaratilgan strategik ustuvor yo‘nalishlariga to‘la mos keladi. Shuningdek, u YUNESKOning 2015-yilgi hujjatli merosni saqlash va undan foydalanish bo‘yicha tavsiyalarini amalga oshirishga xizmat qiladi hamda “Jahon xotirasi” dasturining nufuzi va samaradorligini yana-da oshiradi.

Yangi xalqaro kunning taʼsis etilishi YUNESKO va aʼzo davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, yoshlar, ilmiy doiralar va keng jamoatchilikning hujjatli merosni asrash va targ‘ib qilishdagi ishtirokini faollashtirish imkonini beradi.

Mamlakatimiz boy va rang-barang hujjatli merosga ega bo‘lib, YUNESKOning “Jahon xotirasi” dasturida faol ishtirok etib kelmoqda.

YUNESKOning “Jahon xotirasi” reyestriga mamlakatimizning ming yillik tarixi va madaniy xilma-xilligini aks ettiruvchi noyob kolleksiyalar kiritilgan. Ular qatorida Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar arxivi, Usmon Qurʼoni, Xiva xonlari arxivlari, Buxoro amirligi devonxonasi hujjatlari, Rumiy asarlari to‘plami, Xudoybergan Devonov fotokolleksiyasi, “Turkiston albomi”, Mug‘ tog‘idan topilgan Sug‘d hujjatlari hamda “Jomeʼ at-tavorix” asari bor. Ushbu jahon ahamiyatiga molik yodgorliklar O‘zbekistonning chuqur tarixiy ildizlari va mamlakatimizning yozma madaniyat, ilm-fan va sanʼat rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini namoyon etadi.

Ijroiya kengashi qarori 66 ta davlat hammuallifligida va bir ovozdan qabul qilingani alohida ahamiyatga ega. Ularning 32 tasi YUNESKO Ijroiya kengashining 58 aʼzosi qatoriga kiradi. Bunday keng geografik va siyosiy qo‘llab-quvvatlov hujjatli merosni insoniyat tarixi xotirasi va xalqlar madaniy o‘ziga xosligining asosi sifatida saqlash muhimligini anglashning yaqqol ifodasidir.

YUNESKOning belgilangan tartib-qoidalariga muvofiq, Xalqaro hujjatli meros kunini rasman eʼlon qilish marosimi 2027-yil noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan YUNESKO Bosh konferensiyasining 44-sessiyasida o‘tkaziladi.

O‘zbekiston tashabbusining keng qo‘llab-quvvatlanishi mamlakatimiz bilan YUNESKO o‘rtasidagi hamkorlik so‘nggi yillarda jadal surʼatlarda kengayib borayotganining yana bir yorqin dalili bo‘ldi.

2025-yilda Samarqand shahrida YUNESKO Bosh konferensiyasining tarixiy 43-sessiyasi muvaffaqiyatli tashkil etildi. YUNESKO rahbariyatining, jumladan Bosh direktorning O‘zbekistonga muntazam tashriflari hamkorlikni mustahkamlashning muhim omiliga aylandi.

Toshkent shahrida YUNESKOning II toifadagi Maktabgacha taʼlim bo‘yicha mintaqaviy markazi tashkil etildi. Shuningdek, sunʼiy intellekt etikasi bo‘yicha YUNESKO–O‘zbekiston Beruniy xalqaro mukofoti taʼsis qilindi. Mamlakatimiz YUNESKOning Oliy taʼlim sohasida malakalarni tan olish bo‘yicha Global konvensiyasiga qo‘shildi. YUNESKO bilan hamkorlikda O‘zbekistonda sunʼiy intellektni joriy etish bo‘yicha kompleks tadqiqot amalga oshirildi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda 8 ta YUNESKO kafedrasi va 24 ta YUNESKO assotsiatsiyalashgan maktabi faoliyat yuritmoqda. 2024-yilda Samarqand shahridagi “Ipak yo‘li” xalqaro turizm va madaniy meros universitetida YUNESKOning Ipak yo‘lida barqaror tarixiy turizm bo‘yicha kafedrasi ochildi. Toshkent, Farg‘ona, Nukus va Samarqand shaharlari YUNESKOning Global o‘quvchi shaharlar tarmog‘iga kiritildi.

Madaniy meros sohasidagi hamkorlik ham sezilarli darajada kengaydi. Buxoro shahri YUNESKOning Kreativ shaharlar global tarmog‘iga qo‘shildi. Qolaversa, mamlakatimiz YUNESKOning Madaniy boyliklarni saqlash va restavratsiya qilishni o‘rganish xalqaro markazi (ICCROM)ning to‘laqonli aʼzosiga aylandi.

Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga 20 ga yaqin milliy nominatsiyalar kiritildi. Ular qatorida “Qoraqalpoq o‘tovlarini yaratish bo‘yicha anʼanaviy bilim va ko‘nikmalar”, “Qobiz yasash va unda ijro etish sanʼati”, “O‘zbekiston kulolchilik sanʼati”, “Naqqoshlik” va boshqalar mavjud.

Xiva, Buxoro, Shahrisabz va Samarqand kabi Jahon merosi shaharlariga qo‘shimcha ravishda Zarafshon–Qoraqum koridori bo‘ylab joylashgan yodgorliklar, G‘arbiy Tyan-Shan va Turon cho‘llari tabiiy hududlari ham Jahon merosi ro‘yxatiga kiritildi. Chotqol va Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervatlari YUNESKOning Butunjahon biosfera rezervatlari tarmog‘iga qo‘shildi.

Ayni paytda “Toshkent modernistik arxitekturasi”, “O‘zbek kurashi”, “Buxoro raqsi”, “Alpomish”, “Ipak yo‘li: Farg‘ona–Sirdaryo koridori”, “Kashtachilik sanʼati”, “Kigiz tayyorlash anʼanalari” kabi yangi nominatsiyalarni YUNESKO ro‘yxatlariga kiritish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

YUNESKO bilan hamkorlikda O‘zbekiston madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish bo‘yicha Xalqaro maslahat qo‘mitasi tuzildi. Tashkilot homiyligida “Sharq taronalari”, maqom va baxshichilik sanʼati, xalq hunarmandchiligi va etnosport festivallari o‘tkazib kelinmoqda.

Ushbu yutuqlar O‘zbekiston va YUNESKO o‘rtasidagi hamkorlik izchil, tizimli va tashkilot mandatining barcha asosiy yo‘nalishlarini qamrab olgan holda rivojlanayotganini yaqqol namoyon etadi.

Ikki tomonlama hamkorlikni yana-da kengaytirish va mustahkamlash maqsadida 2026-yil 8-aprel kuni O‘zbekiston va YUNESKO o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risida bitim imzolandi hamda O‘zbekiston Prezidenti tashabbuslarini amalga oshirish bo‘yicha maxsus “Yo‘l xaritasi” qabul qilindi.

Mazkur hujjat 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan uzoq muddatli hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab beruvchi yangi strategik dastur bo‘lib, tomonlarning YUNESKO mandati doirasidagi barcha sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirishga bo‘lgan qatʼiy intilishini ifoda etadi.

Prezident tashabbusining muvaffaqiyatli amalga oshirilishi, yaʼni 19-noyabr sanasining Xalqaro hujjatli meros kuni sifatida eʼtirof etilishi O‘zbekistonning so‘nggi yillarda xalqaro maydondagi nufuzi ortib borayotganining yana bir muhim isbotidir.

O‘zbekiston izchil ravishda global gumanitar kun tartibini shakllantirishda faol ishtirok etib, madaniy merosni asrash, madaniyatlararo muloqot va barqaror rivojlanish g‘oyalarini ilgari surmoqda.

So‘nggi yillarda mamlakatimiz yirik xalqaro forumlar maydoniga aylandi, YUNESKO dasturlarida faol ishtirok etmoqda va madaniy diplomatiya rivojiga munosib hissa qo‘shmoqda. Xalqaro hujjatli meros kunining taʼsis etilishi O‘zbekiston nafaqat muhim xalqaro tashabbuslarni ilgari surayotgani, balki ularni amaliy jihatdan ro‘yobga chiqarishga ham tayyor ekanining yana bir tasdig‘idir.

Mamlakatimiz kelgusida ham hujjatli merosni asrash sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shish niyatida. YUNESKO va boshqa davlatlar bilan hamkorlikda har yili yangi xalqaro sanaga bag‘ishlangan ko‘rgazmalar, taʼlim dasturlari, treninglar va madaniy tadbirlarni YUNESKO shtab-kvartirasida o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Xalqaro hujjatli meros kunining taʼsis etilishi – bu nafaqat O‘zbekiston diplomatiyasining yutug‘i, balki insoniyat xotirasini saqlash yo‘lida global hamjihatlikni mustahkamlashga qaratilgan muhim qadamdir. Hujjatli meros kelajak avlodlar uchun ochiq, himoyalangan va qadrlanadigan bo‘lishini taʼminlashga qaratilgan ulkan hissadir.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish