Malayziyada o‘zbek milliy qadriyatlari targ‘ib qilindi
Aprel 27, 2026. 09:00 • 2 daq
• 528KUALA-LUMPUR, 27-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi tomonidan Xiamen universitetida o‘zbek milliy an’analari va qadriyatlariga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Bayram tadbirida ikki Malayziyada mehnat qilayotgan va tahsil olayotgan O‘zbekiston fuqarolari, yaqin qo‘shni davlatlar vakillari hamda malayziyaliklar ishtirok etdi.
Elchixona diplomatlari o‘zbek milliy an’analari va qadriyatlari, xususan, Navro‘z bayramining tarixi va ahamiyati xususida alohida to‘xtalib o‘tdi. Shu bilan birga, so‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida so‘z yuritdi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan muhim vazifalar, 2026-yil — “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar borasida ham alohida fikr-mulohaza almashildi.
Muloqot davomida vatandoshlar bilan aloqalarni yanada mustahkamlash, ularning muammolarini o‘rganish va o‘z vaqtida hal etish bo‘yicha taklif va tashabbuslar bildirildi. Shuningdek, Malayziyada o‘qiyotgan va mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik yoshlarga ushbu davlat qonun-qoidalariga rioya etish zarurligi ta’kidlandi.
Tadbir davomida O‘zbekistonning boy madaniy merosi va turizm salohiyatini keng targ‘ib qilish, o‘zbek tili, madaniyati va milliy an’analarni ommalashtirish maqsadida ashula va raqslar, sahna chiqishlari, milliy ko‘rgazmalar namoyish qilindi. Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan viktorina va sport o‘yinlari tashkil etildi. G‘olib va sovrindorlar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Ishtirokchilar uchun bayram dasturxoni bezatilib, milliy taomlar tortildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi


