Islomobodda O‘zbek tili bayrami kuni keng nishonlandi

Oktabr 21, 2026. 15:30 • 3 daq

• 168
Islomobodda O‘zbek tili bayrami kuni keng nishonlandi

ISLOMOBOD, 21-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasida 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuniga bag‘ishlab ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuvda vatandoshlar va ularning farzandlari, Pokiston ekspert-tahlil doiralari vakillari, Islomobod shahridagi Zamonaviy tillar milliy universiteti o‘qituvchilari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev o‘zbek tilining davlat va jamiyat hayotida tutgan o‘rni va ahamiyati, uni yanada rivojlantirish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar to‘g‘risida alohida to‘xtalib o‘tdi.

Tadbirda o‘zbek tili xalqimizning ko‘p asrlik tarixi, ma’naviy merosi, milliy tafakkuri va madaniy o‘zligini o‘zida mujassam etgan bebaho boylik ekani ta’kidlandi. Davlat tilining nufuzini oshirish, uning xalqaro miqyosdagi mavqeini mustahkamlash hamda yosh avlodni ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalash muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

Alisher To‘xtayevning fikricha, davlatimiz rahbari boshchiligida o‘zbek tilining mavqeini mustahkamlash va uni xalqaro miqyosda targ‘ib qilishga katta e’tibor qaratilmoqda. O‘zbek tilida ta’limni rivojlantirish, til merosini asrab-avaylash va ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun qulay sharoit yaratishga qaratilgan ko‘plab tashabbuslar amalga oshirildi.

Xorijda, xususan, Pokistonda o‘zbek tilini o‘rganishni qo‘llab-quvvatlash uchun maxsus darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari ishlab chiqilmoqda, yangi lug‘atlar nashr etilmoqda, turli zamonaviy IT-dasturlar yaratilmoqda. Joriy yilda O‘zbekiston va Pokiston tilshunos olimlari hamda tarjimonlari tomonidan “O‘zbek va urdu tillaridagi mushtarak so‘zlar lug‘ati” chop etildi.

Shuningdek, o‘zbek adabiyotining atoqli adiblari mashhur asarlari urdu tiliga tarjima qilinib, alohida kitob shaklida nashr etildi. Bundan tashqari, Islomoboddagi Zamonaviy tillar milliy universitetida O‘zbek tili kafedrasi faoliyat yuritmoqda, Bahriya universitetida esa O‘zbekiston tili va adabiyoti markazini ochish bo‘yicha ishlar davom etmoqda.

Islomobod shahridagi Zamonaviy tillar milliy universiteti O‘zbek tili kafedrasi o‘qituvchisi Saniya Iskanova o‘zbek tilining mintaqa madaniyati va adabiyoti shakllanishiga ta’siri to‘g‘risidagi fikrlarini bayon qildi.

“Tadbirda qatnashib, mamlakatimizning shonli tarixida o‘zbek tilining tutgan muhim o‘rnini his qildim. So‘nggi yillarda mamlakatimizda o‘zbek tiliga berilayotgan yuksak e’tibor tahsinga loyiq. Hozirgi global davrda milliy qadriyatlarni yosh avlodga singdirish muhim ahamiyat kasb etadi. Bunda ona tilimizni rivojlantirish va dunyoga targ‘ib qilish alohida o‘rin tutadi”, – dedi Saniya Iskanova.

Islomoboddagi Zamonaviy tillar milliy universiteti o‘qituvchisi Mahfuza Hasanova ona tili insonning milliy o‘zligi va ma’naviy ildizlarini belgilab beruvchi muhim omil ekanini ta’kidlab, xorijda yashash sharoitida o‘zbek tilida so‘zlashish, milliy urf-odatlarni saqlash va farzandlarga ona tilini o‘rgatish muhimligini qayd etdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish