O‘zbekiston va Polsha ishbilarmonlari qo‘shma loyihalar bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishdi

Iyul 12, 2026. 12:30 • 3 daq

147
O‘zbekiston va Polsha ishbilarmonlari qo‘shma loyihalar bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishdi
O‘zbekiston va Polsha ishbilarmonlari qo‘shma loyihalar bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishdi
O‘zbekiston va Polsha ishbilarmonlari qo‘shma loyihalar bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishdi
O‘zbekiston va Polsha ishbilarmonlari qo‘shma loyihalar bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishdi

VARSHAVA, 12-iyul. /“Dunyo” AA/. Varshava shahrida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahabov boshchiligidagi tadbirkorlardan iborat delegatsiya O‘zbekiston–Polsha biznes forumida qatnashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Polsha Milliy savdo palatasida bo‘lib o‘tgan mazkur tadbirda ikki mamlakatning sanoat, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, elektrotexnika, logistika, qurilish, to‘qimachilik, farmatsevtika, axborot texnologiyalari, moliya va xizmatlar sohalarida faoliyat yurituvchi 200 dan ortiq tadbirkorlari ishtirok etdi.

Forumda Polsha tomonidan Senat raisining birinchi o‘rinbosari Mixal Kaminski, Polsha Milliy savdo palatasi prezidenti Andjey Arendarski, mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari, Investitsiyalar va savdo agentligi (PAIH), “Polsha–Osiyo” savdo-sanoat palatasi hamda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.

Tadbir davomida O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar, investitsiya muhitini yaxshilash, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash va xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar alohida e’tirof etildi.

Forum ishtirokchilari O‘zbekiston va Polsha iqtisodiyotlari bir-birini to‘ldiruvchi katta imkoniyatlarga ega ekanini qayd etdi. Xususan, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, elektrotexnika, farmatsevtika, qurilish materiallari, to‘qimachilik, raqamli texnologiyalar, elektron tijorat, logistika va transport sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun keng salohiyat mavjudligi ta’kidlandi.

Tomonlar ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish, qo‘shma korxonalar tashkil etish, texnologiyalar transferini yo‘lga qo‘yish va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha fikr almashdi.

Mezbonlar 2024-yildan boshlab Varshava–Toshkent yo‘nalishida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilgani ikki mamlakat o‘rtasidagi ishbilarmonlik, turizm va investitsiya aloqalarini rivojlantirishda muhim omil bo‘layotganini ma’lum qildi.

Shuningdek, Polsha tashqi iqtisodiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlovchi “Team Poland” tizimi O‘zbekiston bilan hamkorlikni ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilagani ma’lum qilindi. Bu ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlar strategik ahamiyat kasb etayotganidan dalolat beradi.

Uchrashuvlar davomida O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi savdo aylanmasini 1 milliard dollarga yetkazish, sanoat kooperatsiyasi, yuqori texnologiyali ishlab chiqarish, logistika, qishloq xo‘jaligi, raqamli iqtisodiyot va energetika sohalarida yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun mavjud imkoniyatlar muhokama qilindi.

Polsha Milliy savdo palatasi prezidenti Andjey Arendarski va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi rahbariyati o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralar yakunida qator muhim kelishuvlarga erishildi.

Jumladan, 2026-yil oktyabr oyida Polsha Milliy savdo palatasi rahbarligida O‘zbekistonga biznes-missiya tashkil etish, 2027-yilda Varshavada ikki davlat hukumatlararo komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi va biznes-forumini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish, Polsha Investitsiyalar va savdo agentligining Toshkentdagi vakolatxonasini ochish rejalashtirildi.

Bundan tashqari, Polsha Milliy iqtisodiyot banki (BGK) moliyaviy instrumentlarini energetika, geologiya, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, axborot texnologiyalari, tibbiyot, farmatsevtika va boshqa ustuvor sohalardagi qo‘shma investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Tomonlar Polsha kompaniyalarini “Termiz xalqaro savdo markazi” EIZga jalb qilish, O‘zbekistondagi xususiylashtirish jarayonlarida ishtirokini kengaytirish, ikki mamlakatdagi xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalarda tadbirkorlar ishtirokini ta’minlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish