O‘zbekiston CCPI 2027 xalqaro iqlim reytingida 43-o‘ringa ko‘tarildi
Noyabr 18, 2026. 10:00 • 2 daq
• 123TOSHKENT, 18-noyabr. / “Dunyo” AA/. O‘zbekiston “Climate Change Performance Index” (CCPI 2027) xalqaro reytingida 43-o‘rinni egallab, o‘tgan yilga nisbatan o‘z pozitsiyasini 10 pog‘onaga yaxshiladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu ko‘rsatkich mamlakatimizning mazkur reytingdagi ishtiroki davomida qayd etgan eng yuqori natijasi hisoblanadi.
“Germanwatch” va “NewClimate Institute” xalqaro tahliliy tashkilotlari tomonidan tayyorlangan tadqiqot natijalari 2026-yil noyabr oyida Turkiyaning Antaliya shahrida BMTning Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi doiraviy konvensiyasi Tomonlarining 31-konferensiyasi (COP31) o‘tkazilayotgan davrda e’lon qilindi.
Baholash to‘rtta asosiy yo‘nalish – issiqxona gazlari tashlamalari, qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish, energiya iste’moli hamda davlatning iqlim siyosati bo‘yicha amalga oshiriladi.
Mamlakatimiz CCPI reytingiga ilk bor 2024-yilda kiritilib, 48-o‘rinni egallagan. 2025-yilda mamlakat 54-o‘rinda, 2026-yilda esa 53-o‘rinda qayd etilgan.
O‘zbekistonning reytingdagi pozitsiyasi yaxshilangani atrof-muhitni muhofaza qilish, energetikaga o‘tish va issiqxona gazlari tashlamalarini qisqartirish sohalarida keng ko‘lamli islohotlarning izchil amalga oshirilayotgani fonida qayd etilmoqda.
So‘nggi yillarda mamlakatda davlat iqlim siyosatining yangi qonunchilik va institutsional asoslari shakllantirildi. Yangilangan Milliy darajada belgilanadigan hissa (NDC 3.0) doirasida O‘zbekiston iqlim bo‘yicha majburiyatlarini kuchaytirib, 2035-yilga qadar yalpi ichki mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan issiqxona gazlari tashlamalarini 2010-yil darajasiga nisbatan 50 foizga qisqartirish maqsadini belgiladi.
Qayta tiklanuvchi energetika jadal sur’atlarda rivojlantirilmoqda, quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda, energiya tejovchi texnologiyalar va iqlimiy moliyalashtirishning zamonaviy mexanizmlari joriy etilmoqda.
Metan tashlamalarini kamaytirish, sanoat va energetika sohalarida energiya samaradorligini oshirish, tashlamalarni monitoring qilish, hisobot berish va verifikatsiya qilish (MRV) milliy tizimini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
CCPI davlatlarning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash borasidagi sa’y-harakatlarini mustaqil baholashga xizmat qiluvchi xalqaro vositalardan biridir. Reyting global issiqxona gazlari chiqindilarining 90 foizdan ortig‘i to‘g‘ri keladigan mamlakatlarni qamrab oladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

