Neft-gaz va logistika sohasida O‘zbekiston–BAA hamkorligi rivojlanmoqda
Iyun 27, 2026. 10:30 • 2 daq
• 105
ABU-DABI, 27-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Umid Shodiyev BAAning “Kanoo Group” kompaniyasi raisi Mishal Kanu bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muzokaralar davomida kompaniyaning O‘zbekistondagi sarmoyaviy faoliyatini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Neft-gaz va neft-kimyo tarmoqlarida yuqori qo‘shimcha qiymatga ega loyihalarni amalga oshirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar ushbu sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish O‘zbekistonning sanoat salohiyatini mustahkamlash, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Transport-logistika sohasidagi o‘zaro hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi. Ta’minot zanjirlari samaradorligini oshirish va O‘zbekistonning mintaqaviy transport-logistika markazi sifatidagi rolini mustahkamlashga qaratilgan logistika markazlarini tashkil etish, yuk tashishni rivojlantirish hamda zamonaviy logistika yechimlarini joriy qilish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar investitsiya, sanoat va logistika sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, istiqbolli loyihalarni birgalikda ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi