O‘zbekiston hududlari va Rossiyaning Rostov viloyati ishbilarmonlik va gumanitar aloqalarni mustahkamlamoqda

Iyun 26, 2026. 09:00 • 2 daq

158
O‘zbekiston hududlari va Rossiyaning Rostov viloyati ishbilarmonlik va gumanitar aloqalarni mustahkamlamoqda

ROSTOV-DON, 26-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston diplomatlari va Rostov viloyati gubernatori Yuriy Slyusar o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muzokaralar davomida savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, taʼlim, jumladan, o‘rta kasb-hunar va texnik taʼlim, kadrlar tayyorlash hamda turizmni rivojlantirish sohalaridagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston hududlari va Rostov viloyati o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish, ishbilarmonlik almashinuvini faollashtirish hamda Rossiya korxonalarining O‘zbekiston maxsus iqtisodiy zonalari hududidagi investitsiya loyihalarida ishtirokini taʼminlash masalalari alohida muhokama qilindi.

Uchrashuv davomida qator kelishuvlarga erishildi. Xususan, tomonlar ishbilarmon doiralar o‘rtasida biznes-missiyalar tashkil etish, tegishli tuzilmalar ishtirokida mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, o‘rta kasb-hunar taʼlimi muassasalari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni kengaytirishni rejalashtirmoqda.

Shu bilan birga, 2021-yilda imzolangan Rostov va Jizzax viloyatlari o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitim doirasida 2027–2028-yillarga mo‘ljallangan yangilangan tadbirlar rejasini tayyorlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Bundan tashqari, Termiz shahridagi “Ayritom” erkin savdo zonasida Rostov ishlab chiqaruvchilari mahsulotlarining ko‘rgazma-savdo pavilyonini tashkil etish masalasini ishlab chiqish va turizm sohasidagi hamkorlikni faollashtirish rejalashtirilgan.

Rostov viloyati gubernatori Yuriy Slyusarning 2027-yil bahorida O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish taklifi alohida band sifatida qayd etildi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish