Norvegiyaning ilk biznes missiyasi O‘zbekistonga tashrif buyuradi
Noyabr 21, 2026. 16:00 • 2 daq
• 235
STOKGOLM, 21-noyabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Shvetsiyadagi elchixonasi tashabbusi bilan Norvegiya kompaniyalari hamda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi vakillari ishtirokida onlayn uchrashuv tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Suhbat chog‘ida Norvegiyadan ilk biznes-missiyaning O‘zbekistonga tashrifini amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Xususan, Norvegiya kichik va o‘rta biznes uyushmasi (“SME Norway”) boshchiligidagi delegatsiyaning 29-noyabr – 2-dekabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan “Yangi O‘zbekiston – global imkoniyatlar chorrahasi” xalqaro biznes-forumida ishtirok etishi masalasi muhokama qilindi.
Muloqotda mineral xomashyo importi, elektrotexnika mahsulotlarini yetkazib berish, quritilgan mevalar va nonvoychilik ingrediyentlari savdosi, neft-gaz hamda kasb-hunar ta’limi sohalaridagi hamkorlik imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi. “SME Norway” uyushmasi va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha memorandum imzolashga kelishildi.
Forum doirasida delegatsiya uchun tog‘-kon, energetika, qishloq xo‘jaligi va raqamlashtirish vazirliklari, tijorat banklari hamda milliy eksportchi kompaniyalar bilan uchrashuvlar, migratsiya va kasb-hunar ta’limi markazlari hamda “Yangi Toshkent” direksiyasiga tashriflar rejalashtirilmoqda.
Uchrashuv yakunida tashrif dasturini samarali tashkil etish yuzasidan muloqotni davom ettirishga kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi