Vashingtondagi Gudzon institutida O‘zbekiston – AQSH sherikligini mustahkamlash istiqbollari muhokama qilindi

Noyabr 21, 2026. 17:00 • 3 daq

• 7
Vashingtondagi Gudzon institutida O‘zbekiston – AQSH sherikligini mustahkamlash istiqbollari muhokama qilindi
Vashingtondagi Gudzon institutida O‘zbekiston – AQSH sherikligini mustahkamlash istiqbollari muhokama qilindi
Vashingtondagi Gudzon institutida O‘zbekiston – AQSH sherikligini mustahkamlash istiqbollari muhokama qilindi
Vashingtondagi Gudzon institutida O‘zbekiston – AQSH sherikligini mustahkamlash istiqbollari muhokama qilindi

VASHINGTON, 21-noyabr. /“Dunyo”AA/. Joriy-yil-19-noyabr kuni Gudzon institutida “Yangi O‘zbekiston va O‘zbekiston – AQSH strategik aloqalari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Gudzon instituti — 1961-yilda tashkil etilgan, bosh qarorgohi Vashingtonda joylashgan AQSHning nufuzli tahlil markazi. Milliy xavfsizlik, tashqi va ichki siyosat, iqtisodiyot, texnologiyalar hamda huquq sohalaridagi tadqiqotlarga ixtisoslashgan.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripovdan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirok etdi. AQSH tomonidan yetakchi tahlil markazlari vakillari va Davlat departamenti xodimlari qatnashdi.

Ikki tomonlama sheriklikni mustahkamlash, sanoat va texnologiya sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, mintaqaviy xavfsizlik masalalari bo‘yicha hamkorlik istiqbollari diqqat markazida bo‘ldi.

Hadson instituti prezidenti Jon Uolters kirish so‘zida AQSHning Markaziy Osiyoga qiziqishi ortib borayotganini qayd etdi. U AQSH Davlat kotibi Marko Rubioning joriy yil oktyabr oyida Samarqandga tashrifi va u yerda bo‘lib o‘tgan “C5+1” formatidagi uchrashuvni buning yaqqol tasdig‘i sifatida ko‘rsatdi. Jon Uolters O‘zbekiston bilan erishilgan kelishuvlar ko‘lamini ham yuqori baholab, umumiy qiymati 12 milliard dollarlik bitimlar to‘plamini alohida ta’kidladi.

Hamkorlikning amaliy yo‘nalishlarini muhokama qilish chog‘ida ishtirokchilar sanoat va texnologik kooperatsiyaga, jumladan, muhim minerallar sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratdilar. Qiymat yaratish zanjirining barcha bosqichlarida — geologiya-qidiruv va qazib olishdan tortib, qayta ishlash va ishlab chiqarishgacha, shuningdek, ilmiy tadqiqotlar va kadrlar tayyorlash sohalarida hamkorlikni kengaytirish zarurligi qayd etildi.

Iqtisodiy hamkorlik mavzusini davom ettirib, Eldor Aripov mashinasozlik, energetika, qishloq xo‘jaligi va moliya sohalaridagi hamkorlik istiqbollarini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, AQSH mahsulotlarini xarid qilishdan uzoq muddatli investitsiyalar, qo‘shma ishlab chiqarish va qo‘shilgan qiymat yaratishga o‘tish ikki tomonlama sheriklikning barqarorligini ta’minlashga xizmat qilishi mumkin.

Eldor Aripov transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirishni ham ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida qayd etdi. Ekspert “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temir yo‘li, Transkaspiy yo‘lagi va Transafg‘on temir yo‘li loyihasining xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish hamda yetkazib berish zanjirlarini diversifikatsiya qilishdagi salohiyatini ta’kidladi. Ushbu yo‘nalishlarning ochiq va foydalanish uchun qulay bo‘lishi, shuningdek, ulardan foydalanish shartlarining oldindan ma’lum bo‘lishi Markaziy Osiyo davlatlari hamda AQSHning uzoq muddatli iqtisodiy manfaatlariga mos kelishi ta’kidlandi.

Mintaqaviy xavfsizlik muhokamaning alohida mavzusi bo‘ldi. Ishtirokchilar terrorizmga qarshi kurashish hamda Afg‘onistonni iqtisodiy rivojlantirish va mintaqaviy aloqalar tizimiga integratsiya qilish orqali ushbu mamlakatda vaziyatni barqarorlashtirishga ko‘maklashish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.

Davra suhbati yakunida ishtirokchilar O‘zbekiston–AQSH muloqotini yanada rivojlantirish, o‘zaro anglashuvni mustahkamlash va tomonlarni qiziqtirgan yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirish muhimligini ta’kidladilar.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish