O‘zbekiston va Daniya ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

Sentabr 19, 2026. 10:00 • 2 daq

231
O‘zbekiston va Daniya ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

STOKGOLM, 19-sentyabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz elchixonasida Daniya sanoati konfederatsiyasi, Daniya kompaniyalari hamda O‘zbekistonning tegishli vazirlik, idora va tarmoq tashkilotlari vakillari ishtirokida onlayn-uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda Daniyaning yetakchi kompaniyalari, jumladan, “FLS”, “Maersk”, “Scan Global Logistics”, “Copenhagen Airport”, “AVK”, “Grundfos”, “Carlsberg” vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston va Daniya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va texnologik hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Daniya kompaniyalari vakillari O‘zbekiston bozorini rivojlantirish salohiyati, Markaziy Osiyoning ortib borayotgan iqtisodiy roli hamda mintaqaviy hamkorlik imkoniyatlariga katta qiziqish bildirdilar.

Hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida transport va logistika, aviatsiya, suv va issiqlik taʼminoti, energiya samaradorligi hamda sanoat kooperatsiyasi qayd etildi. Tomonlar zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, infratuzilmani rivojlantirish va o‘zaro manfaatli biznes-loyihalarni amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha manfaatdor kompaniyalar o‘rtasidagi muloqotni davom ettirish va amaliy hamkorlikni, shu jumladan o‘zaro biznes-missiyalarni tashkil etish orqali rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish