Italiya biznes-missiyasi noyabr oyida Namanganga tashrif buyuradi
Sentabr 15, 2026. 11:30 • 2 daq
• 143
RIM, 15-sentabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Abat Fayzullayev Italiyaning Emiliya-Romanya viloyati ishbilarmon doiralari, tarmoq tashkilotlari va bir qator kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvlar davomida agrosanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, zamonaviy agrotexnologiyalar, suvni tejovchi va raqamli yechimlarni joriy etish, shuningdek, O‘zbekistonda ishlab chiqarish va texnologiyalarni mahalliylashtirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Muzokaralarning asosiy natijalaridan biri — joriy yilning noyabr oyida Italiyaning “Clust-ER Agrifood” klasteri ishtirokchilarining Namangan viloyatiga biznes-missiyasini tashkil etish bo‘yicha erishilgan kelishuv bo‘ldi. Tashrif doirasida mahalliy korxonalar bilan bevosita muzokaralar o‘tkazish va istiqbolli qo‘shma loyihalarni shakllantirish rejalashtirilgan.
Alohida eʼtibor Emiliya-Romanyaning innovatsion ekotizimi va uning O‘zbekistonda ilmiy-texnologik hamda innovatsion loyihalarni amalga oshirish uchun mavjud imkoniyatlariga qaratildi.
“ART-ER”, “Winet”, “Agronica” va “Agrobit” tashkilotlari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish, suvni tejovchi yechimlar va sunʼiy intellektga asoslangan texnologiyalarni joriy etish, ularni pilot ravishda sinovdan o‘tkazish hamda keyinchalik mahalliylashtirish bo‘yicha hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi. Taqdim etilgan texnologiyalar bo‘yicha ayrim yechimlar sug‘orish uchun suv sarfini 40 foizdan ko‘proqqa kamaytirish imkonini berishi taʼkidlandi.
Bundan tashqari, “Tampieri Group” va “Vivai Battistini” kompaniyalari bilan oziq-ovqat sanoati, aylanma iqtisodiyot sohasi va ko‘chatchilikning zamonaviy texnologiyalari bo‘yicha yangi investitsiyaviy loyihalar istiqbollari ko‘rib chiqildi. Xususan, tomonlar o‘simlik yog‘lari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, O‘zbekistonga “in-vitro” texnologiyalarini o‘tkazish, zamonaviy laboratoriyalar tashkil etish va mahalliy mutaxassislarni tayyorlash masalalarini muhokama qildilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi