“Al-Awsat” gazetasi: Toshkentda 250 dan ortiq kompaniya ishtirokida xalqaro ko‘rgazma o‘tkaziladi
Sentabr 14, 2026. 11:00 • 2 daq
• 160
QOHIRA, 14-sentabr. /“Dunyo” AA/. Misrning “Al-Awsat” gazetasida Toshkentda 22–24-sentabr kunlari bo‘lib o‘tadigan “Plastex Uzbekistan 2026” xalqaro ko‘rgazmasi haqida maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada yozilishicha, ko‘rgazmada 11 mamlakatdan 250 dan ortiq kompaniya va brendlar ishtirok etadi. Xususan, ushbu xalqaro namoyishda Avstriya, Germaniya, Hindiston, Eron, Italiya, Xitoy, Latviya, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Turkiya va O‘zbekiston vakillarining qatnashishi ko‘zda tutilgan.
Ko‘rgazma “Iteca Exhibitions” va “ICA Eurasia Group” kompaniyalari tashkilotchiligida o‘tkaziladi. Ishtirokchilar plastmassa ishlab chiqarish va qayta ishlash uskunalari, polimer xomashyosi va qo‘shimchalari, press-qoliplar, filtrlar, yordamchi jihozlar, qadoqlash va qayta ishlash sanoati uchun yechimlarni namoyish etadi.
Nashrning maʼlum qilishicha, ko‘rgazmada qator xorijiy kompaniyalar, jumladan, Germaniya, Italiya va Turkiya firmalari o‘z texnologiyalarini ilk bor taqdim qiladi. O‘zbekiston nomidan, xususan, termoplastik elastomerlar va ular asosidagi mahsulotlar ishlab chiqaruvchi “NOVOPLAST TPE” kompaniyasi ishtirok etadi.
2025-yildan boshlab “Plastex Uzbekistan” ko‘rgazmasi poligrafiya, qadoqlash, plastmassa va polimer sohalarini birlashtiruvchi “4P Central Asia” ko‘rgazmasi bilan birgalikda o‘tkaziladi.
Ko‘rgazma ishlab chiqaruvchilar, yetkazib beruvchilar va soha mutaxassislari uchun B2B formatidagi uchrashuvlar maydoni vazifasini o‘taydi. Ishbilarmonlar uskunalarni ish jarayonida namoyish etish, texnologik yechimlarni muhokama qilish va ishbilarmonlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi