Prezident Shavkat Mirziyoyev: Seulning modernizatsiya va innovatsiyalar sohasidagi boy tajribasi Yangi O‘zbekistonni barpo etish uchun alohida ahamiyat kasb etadi
Sentabr 14, 2026. 13:00 • 2 daq
• 28
TOSHKENT, 14-sentabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi arafasida mamlakatning nufuzli nashrlari – “The Chosun Daily”, “Chosun Ilbo”ning ingliz tilidagi platformasi hamda “The Korea Herald” gazetasida davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston va Koreya Respublikasi: o‘zgarishlar davrida kelajak sari intilayotgan hamkorlik” sarlavhali maqolasi nashr etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“ Maqolada O‘zbekiston – Koreya do‘stligining tarixiy asoslari va yuksak ishonchga tayangan alohida strategik sheriklik istiqbollari yoritilgan, – deya yozgan O‘zbekiston Prezidentining matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘zining telegram-kanalida. – Mamlakatlarimiz nafaqat vaqt sinovidan o‘tgan hamkorlar, balki mushtarak qadriyatlar va insoniy rishtalar bog‘lab turgan yaqin do‘stlar ekani taʼkidlangan”.
Koreya Respublikasining bir avlod davomida farovon, yuqori texnologiyali davlatga aylanishdek hayratlanarli taraqqiyot yo‘li alohida qayd etilgan. Seulning modernizatsiya va innovatsiyalar borasidagi boy tajribasi Yangi O‘zbekiston uchun muhim ahamiyatga ega.
So‘nggi yillarda o‘zaro savdo 5 barobar oshdi, Koreya investitsiyalari 8 milliard dollardan ortdi. 700 dan ziyod qo‘shma korxona va loyiha mavjud, KOICA, Koreya Eksimbanki va EDCF bilan dasturlar portfeli 3,5 milliard dollardan oshgan.
Yangi bosqichdagi hamkorlik sunʼiy intellekt, yarim o‘tkazgichlar, robototexnika, elektr transporti, biofarmatsevtika, “aqlli” qishloq xo‘jaligi va “aqlli shaharlar”ni qamrab oladi.
“Hamkorligimizning yangi sahifasini ochishimiz – alohida sohalardagi muvaffaqiyatli aloqalardan umumiy ishlab chiqarish tizimlari, texnologik platformalar va yangi bozorlarni shakllantirishga o‘tishimiz mumkin”, – deya taʼkidladi Prezidentimiz.
Maqolada 16-sentabr kuni Seulda o‘tadigan ilk “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammitiga alohida to‘xtalingan.
Davlatimiz rahbari sammitda O‘zbekiston siyosiy muloqotni chuqurlashtirish, amaliy hamkorlikni kengaytirish va sheriklikning yangi, samarali mexanizmlarini shakllantirishga qaratilgan qator dolzarb tashabbuslarni ilgari surish niyatida ekanini taʼkidladi. Ushbu takliflar “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” formatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, uni yanada tizimli, dinamik va uzoq muddatli mintaqaviy ustuvor vazifalarga yo‘naltirishga xizmat qiladi.
“Markaziy Osiyo va Koreya Respublikasi tinchlik, innovatsiyalar, o‘zaro ishonch va umumiy farovonlikka asoslangan hamkorlikning yangi makonini shakllantira olishiga chin dildan ishonaman”, – deyiladi maqolada.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi