O‘zbekiston Markaziy Osiyoning mintaqaviy investitsiya markaziga aylanmoqda

Iyun 17, 2026. 11:00 • 2 daq

135
O‘zbekiston Markaziy Osiyoning mintaqaviy investitsiya markaziga aylanmoqda

BЕRLIN, 17-iyun. /“Dunyo” AA/. Germaniyada mamlakatimizning iqtisodiy va sarmoyaviy salohiyatiga bag‘ishlangan “Uzbekistan – invest now” jurnalining navbatdagi soni nashr etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda O‘zbekistonning Germaniyadagi elchisi Dilshod Ahatovning 16–18-iyun kunlari poytaxtimizda bo‘lib o‘tadigan V Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TXIF-2026) bo‘yicha bergan intervyusi chop etilgan. Muloqotda ushbu forum O‘zbekistonning eng muhim investitsiya platformasi va Markaziy Osiyo mintaqasidagi yirik iqtisodiy anjumanlardan biri sifatida baholangan.

Elchi o‘z intervyusida so‘nggi yillarda TXIF davlatlar, xalqaro investorlar va jahon biznesi vakillarini birlashtiradigan, mintaqada amaliy investitsiya kun tartibini shakllantiruvchi samarali mexanizmga aylanganini ta’kidlagan. O‘zbekiston Prezidenti rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar tufayli mamlakat mintaqaviy investitsiya xabi maqomini izchil mustahkamlab, uzoq muddatli barqaror hamkorlik muhitini yaratmoqda.

Materialda o‘tgan yilgi TXIF-2025 natijalariga ham alohida to‘xtalib o‘tilgan. Qayd etilishicha, o‘tgan yilgi anjumanda 97 mamlakatdan 8 mingdan ortiq delegat ishtirok etgan va umumiy hajmi 30,5 milliard AQSH dollarini tashkil etuvchi investitsiya bitimlari imzolangan.

Bu yilgi forumning nufuzi va miqyosi yanada yuqori ekani qayd etilgan. Jumladan, tadbirda Germaniya Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (EBRD), Yevropa investitsiya banki (EIB), Osiyo taraqqiyot banki (ADB) va Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) rahbarlari, yetakchi davlat jamg‘armalari hamda eksport-kredit agentliklari vakillari ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.

Intervyuda O‘zbekistonning sanoat, “yashil” energetika, qishloq xo‘jaligi, IT, turizm, transport va logistika sohalari xorijiy sarmoyadorlar uchun eng istiqbolli yo‘nalishlar sifatida ko‘rsatilgan. Shu bilan birga, mamlakatning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni xalqaro investorlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochishi ma’lum qilingan.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish