O‘zbekiston Prezidenti: Toshkent investitsiya forumi ruhi umumiy muvaffaqiyat ramziga aylanishiga ishonaman  

Iyun 17, 2026. 14:00 • 7 daq

7
O‘zbekiston Prezidenti: Toshkent investitsiya forumi ruhi umumiy muvaffaqiyat ramziga aylanishiga ishonaman  

TOSHKЕNT, 17-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisida ishtirok etib, nutq so‘zladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, tadbirda Albaniya Respublikasi Prezidenti Bayram Begay, Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisi Mixail Mishustin, Ozarbayjon Respublikasi Bosh vaziri Ali Asadov, Belarus Respublikasi Bosh vaziri Aleksandr Turchin, Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Oljas Bektenov, Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisi – Prezident Administratsiyasi rahbari Adilbek Kasimaliyev, Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzoda, Yangi taraqqiyot banki rahbari Dilma Rusef hamda boshqa ko‘p tomonlama moliya institutlari, xorijiy banklar, global korporatsiyalar, yirik kompaniyalar, investitsiya fondlari va ishbilarmon doiralar vakillari ham qatnashdi.

Forum 100 dan ortiq mamlakatdan 10 mingdan ziyod delegat va ishtirokchilarni bir joyda yig‘gani uning xalqaro nufuzi tobora ortib borayotganini hamda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga xalqaro hamjamiyatning ishonchi mustahkamlanayotganini yana bir bor tasdiqladi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida O‘zbekiston xalqaro investorlar bilan teng huquqli va o‘zaro manfaatli sheriklik uchun doimo ochiq ekanini ta’kidladi.

Jahon iqtisodiyotida shiddatli transformatsiya jarayonlari kechayotgan va raqobat kuchayib borayotgan sharoitda tadbirkorlarning huquq va erkinliklarini himoya qilishga, barqaror iqtisodiy o‘sish va keng imkoniyatlarni ta’minlashga qodir bo‘lgan mamlakatlarga sarmoya kiritishga intilish tobora ortib borayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Bu borada O‘zbekistonda izchil amalga oshirilayotgan islohotlar aniq natijalar bermoqda. O‘tgan yili mamlakat iqtisodiyoti 7,7 foizga o‘sdi, joriy yilda esa yalpi ichki mahsulot hajmi 180 milliard dollardan ortishi kutilmoqda. Jalb qilingan investitsiyalar hajmi 43 milliard dollarga yetdi.

Makroiqtisodiy barqarorlikning mustahkamlangani muhim yutuq bo‘ldi: milliy valyuta barqarorligi saqlanib qolmoqda, xalqaro zaxiralar esa 70 milliard dollardan oshdi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotiga 150 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiya jalb qilingan bo‘lsa, shundan 123 milliard dollari oxirgi besh yilga to‘g‘ri kelmoqda.

Shu bilan birga, mamlakatimiz xalqaro reytinglardagi o‘z pozitsiyalarini mustahkamlashda davom etmoqda. Jumladan, “Iqtisodiy erkinlik indeksi”da mamlakat ilk bor “iqtisodiyoti mo‘tadil erkin” davlatlar qatoridan joy oldi.

Joriy yilgi forum “Investitsiyaviy barqarorlik: yangi marralar va yangi sheriklik” mavzusiga bag‘ishlandi. Davlatimiz rahbari investitsiya muhitining barqaror rivojlanishi mamlakatning uzoq muddatli maqsadlariga erishishning muhim sharti ekanini ta’kidladi.

Bu borada investitsiyaviy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va ishbilarmonlik faoliyatini yuritish uchun zamonaviy ekotizim yaratish bo‘yicha oltita ustuvor yo‘nalish belgilandi.

Investorlar uchun huquqiy kafolatlar tizimini yanada kuchaytirish birinchi yo‘nalish sifatida ko‘rsatildi.

O‘zbekistonda Toshkent xalqaro moliya markazi tashkil etilib, u maxsus huquqiy rejimga ega bo‘lgan yangi institutsional platforma sifatida faoliyat yuritadi.

Markaz ishtirokchilari uchun soliq va bojxona imtiyozlari, kapitalning erkin harakati kafolatlari hamda istalgan valyutada hisob-kitob qilish imkoniyatini berish nazarda tutilgan. Markaz infratuzilmasini shakllantirish doirasida mustaqil moliyaviy regulyator tashkil etiladi, raqamli aktivlar, “yashil” moliya uchun zamonaviy tizim yaratiladi.

Shuningdek, chet ellik sudyalar hamda xalqaro ekspertlar ishtirokida xalqaro arbitraj mexanizmlarini joriy qilish va tijorat sudini tashkil etish hamda BMTning Mediatsiya to‘g‘risidagi Singapur konvensiyasiga qo‘shilish rejalashtirilmoqda.

– Ushbu choralar natijasida investorlar O‘zbekistonning o‘zida kafolatlangan xalqaro huquqiy himoyaga ega bo‘ladi, – dedi davlatimiz rahbari.

Prezidentimiz o‘z nutqida kapital bozorini jadal rivojlantirish va yangi avlod moliya texnologiyalaridan keng foydalanishga alohida e’tibor qaratdi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston xalqaro bozorlarda 16 milliard dollardan ortiq obligatsiyalar joylashtirdi hamda London birjasida oxirgi besh yildagi eng yirik IPOni amalga oshirdi.

Xalqaro kapital bozorlariga chiqishga yangi kompaniyalarni tayyorlash jarayoni davom etmoqda hamda muqobil investitsiya vositalarini rivojlantirish uchun kapital bozori va investitsiya jamg‘armalari to‘g‘risidagi qonunlarni o‘z ichiga olgan huquqiy baza shakllantirilmoqda.

Suveren islom obligatsiyalari – sukuk dasturi amalga oshirilishi mamlakatimiz iqtisodiyotiga katta hajmdagi investitsiyalar oqimini jalb qilish uchun qo‘shimcha manba bo‘ladi.

Keyingi strategik yo‘nalish sifatida yuqori qo‘shilgan qiymat zanjirlarini kengaytirishga investitsiyalarni jalb etish belgilandi.

Barcha sanoat tarmoqlarida yangi texnologik bosqichga o‘tish bo‘yicha yirik dasturlar amalga oshirilmoqda. Yaqin yillarda sanoatda yuqori texnologiyali mahsulotlar hajmini 2,5 barobarga ko‘paytirish rejalashtirilgan.

Kimyo sanoati, mashinasozlik va robototexnika, yengil sanoat, qurilish materiallari ishlab chiqarish, elektrotexnika va farmatsevtika kabi drayver tarmoqlarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu yo‘nalishlarning umumiy investitsiya salohiyati o‘nlab milliard dollarga baholanmoqda.

– Sizlarning “yangi iqtisodiyot” tarmoqlaridagi tashabbuslaringizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz, – dedi Prezidentimiz.

O‘zbekiston yetakchisi umumiy qiymati 3 trillion dollarga baholangan muhim minerallar va boshqa yer osti boyliklaridan samarali foydalanish hamda xorijiy investorlar ishtirokida “Kelajak metallari” texnoparklarini rivojlantirishning ahamiyatiga ham urg‘u berdi.

Ustuvor yo‘nalishlar qatorida “yashil” energetika va sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish ham qayd etildi.

Yaqin istiqbolda mamlakatimiz energetika balansida qayta tiklanuvchi energiya ulushi 54 foizga yetkaziladi. Shu bilan birga, energiyani saqlash tizimlari rivojlantiriladi, elektr tarmoqlari modernizatsiya qilinadi hamda “yashil” energiya hisobiga ishlaydigan data-markazlar barpo etiladi.

Sun’iy intellektni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Sun’iy intellektni joriy etish bo‘yicha Milliy strategiya doirasida ta’lim, davlat xizmatlari va biznesni raqamli transformatsiya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli dasturlar amalga oshirilmoqda.

Qoraqalpog‘istonda sun’iy intellekt loyihalari va data-markazlar uchun imtiyozli investitsiya sharoitlari va soliq rejimiga ega bo‘lgan maxsus zona tashkil etilmoqda.

Maxsus huquqiy rejimga ega bo‘lgan O‘zbekiston xalqaro raqamli texnologiyalar markazini ishga tushirish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda.

Xorijiy ekspertlar tahlillariga ko‘ra, ushbu yangi yo‘nalish kamida 10 milliard dollarlik qo‘shimcha qiymat yaratish salohiyatiga ega.

– Asosiy vazifamiz sun’iy intellekt orqali aholining barcha qatlamlari hayotini yaxshilash, undan ta’lim, davlat xizmatlari va biznes jarayonlarida keng foydalanishdan iborat, – dedi Prezident.

Mintaqaviy transport-logistika bog‘liqligini yanada rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston hamkorlar bilan birgalikda “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” strategik temir yo‘lini qurish, Transafg‘on yo‘lagini barpo etish hamda “O‘rta koridor” transport yo‘nalishini rivojlantirish kabi yirik infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirmoqda.

– Ushbu loyihalarni to‘liq ro‘yobga chiqarish evaziga Osiyo va Yevropani bog‘laydigan transport magistrallar tarmog‘iga qo‘shilamiz, – dedi davlatimiz rahbari.

Aviatsiya va logistika sohasida ham yirik megaloyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, yiliga 20 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadigan yangi Toshkent xalqaro aeroporti qurilmoqda.

Oltinchi ustuvor yo‘nalish hududlarni rivojlantirishda investitsiyaviy hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish masalalarini qamrab oldi.

Mamlakatimizda jadal demografik va iqtisodiy o‘sish sharoitida uy-joy qurilishi va shaharsozlik bo‘yicha yirik dasturlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, yangi shahar – “Yangi Toshkent” barpo etilmoqda, yirik hududiy markazlar millionli shaharlarga aylantirilmoqda.

– 2040-yilga qadar quriladigan uy-joylar sonini 2 karra oshirib, urbanizatsiya darajasini hozirgi 51 foizdan 65 foizga yetkazishni reja qilganmiz, – dedi davlatimiz rahbari.

Turizm sohasini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu iqtisodiyot yo‘nalishi mamlakatimizda har yili 15-20 million chet ellik sayyohlarni qabul qilish va ularga yiliga kamida 15 milliard dollarlik turizm xizmatlari ko‘rsatish imkonini beradi.

Shuningdek, agrosanoat majmuasini transformatsiya qilish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini rivojlantirish masalalariga to‘xtalib o‘tildi. Hozirda bu ko‘rsatkich yiliga 3,5 milliard dollarni tashkil etayotgan bo‘lsa, kelajakda uni 10 milliard dollarga olib chiqish istiqbollari mavjud. Prezidentimiz investorlar bilan ishlash jarayoniga hudud rahbarlarini faol jalb qilish va bu borada joylarda loyihaviy hamkorlikni kengaytirish muhimligini ta’kidladi.

Nutq yakunida Markaziy Osiyo va Kavkaz investitsiya kengashlarining mintaqaviy alyansini tashkil etish bo‘yicha taklif qo‘llab-quvvatlandi. Ushbu tashabbus umumiy investitsiya makonini shakllantirish uchun asos bo‘lishi mumkin.

Prezidentimiz huzuridagi Investorlar kengashi doirasida sarmoyadorlar bilan doimiy muloqotni yanada rivojlantirishga O‘zbekiston tayyor ekani tasdiqlandi.

Davlatimiz rahbari investitsiya faqatgina iqtisodiy resurs emas, balki ilg‘or texnologiyalar, zamonaviy bilim va tajribalar, yangi ish o‘rinlari va davr bilan hamnafas taraqqiyot ekanini ta’kidladi.

Yakunda Prezidentimiz mamlakatimizga katta ishonch va g‘oyalar bilan kelayotgan xorijiy sarmoyadorlarga Yangi O‘zbekistonning eshiklari hamisha ochiqligini aytdi.

– Toshkent investitsiya forumi ruhi barchangizni mamlakatimizga doim chorlab turishiga, umumiy muvaffaqiyat ramziga aylanishiga ishonaman. Yurtimizning go‘zal tabiati, betakror madaniyati va olijanob xalqimizning mehmondo‘st qalbi esa do‘stligimizni mustahkamlash uchun o‘ziga xos investitsiya bo‘lishiga aminman, – dedi davlatimiz rahbari.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish