“Ambasador” jurnali: Toshkent investitsiya forumi xalqaro hamkorlikning yangi imkoniyatlarini namoyon qildi
Iyul 16, 2026. 10:30 • 2 daq
• 65
VARSHAVA, 16-iyul. /“Dunyo” AA/. Polshaning “Ambasador” jurnalida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan V Toshkent xalqaro investitsiya forumiga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda qayd etilishicha, V Toshkent xalqaro investitsiya forumida 100 ta davlatdan 8,3 mingdan ortiq mutaxassis ishtirok etgan. Xususan, yetakchi xalqaro kompaniyalar, moliya institutlari, investitsiya fondlari vakillari o‘zaro sheriklik aloqalari hamda istiqbolli loyihalar bo‘yicha fikr-mulohaza almashdi.
Forum ishtirokchilari O‘zbekistonning Yevroosiyo mintaqasida eng jozibador investitsiya markazi sifatidagi o‘rni tobora ortib borayotganini eʼtirof etdi. Shu bilan birga, mamlakatda qulay investitsiya muhitini mustahkamlash, xalqaro iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani taʼkidlandi.
Maqolada O‘zbekiston Prezidentining 2040-yilgacha bo‘lgan davrda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning strategik ahamiyati borasidagi taklif va tashabbuslariga eʼtibor qaratilgan. Xususan, davlat rahbari investorlar uchun zarur shart-sharoit yaratish, ishlab chiqarishni takomillashtirish, sunʼiy intellektni joriy etish, transport-logistika infratuzilmasini modernizatsiya qilish va hududlarni kompleks rivojlantirish borasida fikr bildirgan.
Muallifning taʼkidlashicha, xorijiy investitsiyalarni jalb etishda ochiqlik muhim ahamiyatga ega. Shu maʼnoda, O‘zbekiston Prezidentining chet ellik investorlarning o‘z biznesini rivojlantirishi uchun zarur imkoniyatlar yaratish va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasidagi fikr-mulohazalari alohida eʼtirofga loyiq.
“Ambasador” jurnali Toshkent investitsiya forumida erishilgan kelishuvlar va taqdim etilgan tashabbuslar O‘zbekistonning moliyaviy, texnologik va logistika markazi sifatidagi mavqei tobora mustahkamlanib borayotganini ham alohida taʼkidlagan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi