O‘zbekiston Prezidenti iqtidorli boshqaruvchilarni saralash va yangi avlod rahbarlarini tayyorlash bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqdi
Iyul 15, 2026. 20:39 • 4 daq
• 52
TOSHKENT, 15-iyul. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun iqtidorli boshqaruvchilar, liderlar va yangi avlod rahbarlarini aniqlash va tanlash hamda “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali isteʼdodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekiston intellektual salohiyat va yuqori texnologiyalarga asoslangan yangi rivojlanish bosqichiga o‘tmoqda. Mamlakatimizga har yili 50 milliard dollardan ziyod investitsiya kirib kelmoqda, eksport hajmi 40 milliard dollarga yaqinlashmoqda, zamonaviy korxonalar ishga tushirilmoqda.
Bunday sharoitda professional davlat xizmati va raqobatbardosh iqtisodiyot uchun zarur kadrlarni oldindan tayyorlash strategik ahamiyat kasb etadi.
Soʻnggi yillarda davlat boshqaruvida kadrlarni tanlash va baholash tizimi izchil raqamlashtirildi. Ilk bor 87,7 ming nafar davlat xizmatchisining yagona elektron maʼlumotlar bazasi shakllantirildi. Davlat xizmatiga qabul qilish ochiq tanlov asosida, nomzodlarning bilim va koʻnikmalarini inson omilisiz baholash orqali amalga oshirilmoqda.
Taqdimotda sunʼiy intellekt yordamida tarmoqlar va hududlarning drayver sohalari tahlil qilinib, 50 dan ortiq zamonaviy kasb boʻyicha boshqaruv kadrlariga ehtiyoj mavjudligi aniqlangani qayd etildi. Ayniqsa, energetika va “yashil” texnologiyalar, qurilish va urbanizatsiya, qishloq va suv xoʻjaligi, raqamlashtirish hamda xizmat koʻrsatish yoʻnalishlarida malakali mutaxassislarga talab yuqori.
Davlatimiz rahbari tayyor kadrlar bazasi boʻlmasa, boshqaruv tizimida uzilishlar yuz berishi, ish samaradorligi va qarorlar sifati pasayishini taʼkidladi.
Kadrlarni baholashda eskicha “obyektivka” usulidan voz kechib, nomzodning bilimi, kasbiy tajribasi, psixologik xususiyatlari, strategik fikrlashi va liderlik qobiliyatini qamrab oladigan portfolio tizimiga oʻtish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Yangi tartibga koʻra, istiqbolli boshqaruvchilar raqamli texnologiyalar asosida 100 ballik mezon boʻyicha baholanadi. Katta maʼlumotlar va biznes-tahlil vositalari orqali yuqori salohiyatli kadrlar aniqlanib, ular uchun sunʼiy intellekt yordamida individual kasbiy rivojlanish rejalari ishlab chiqiladi. Mazkur tizimni dastlab qishloq xoʻjaligi, oliy taʼlim va qurilish sohalarida sinovdan oʻtkazish taklif etildi.
Har ikki yilda 500 nafar istiqbolli boshqaruvchini saralab olish, shu tariqa 2030-yilga qadar 1,5 ming nafar yuqori salohiyatli mutaxassisdan iborat yangi avlod rahbar kadrlar zaxirasini yaratish rejalashtirilgan.
Taqdimotda rahbarlik lavozimlari uchun zaxirani shaffof shakllantirishga qaratilgan “TOP-100” ochiq tanlovini oʻtkazish mexanizmi ham bayon qilindi. Tanlov agrar soha, sogʻliqni saqlash, tadbirkorlik, sud-huquq, taʼlim, axborot texnologiyalari va sunʼiy intellekt yoʻnalishlarini qamrab oladi.
Nomzodlar test, kompleks kasbiy baholash va suhbat bosqichlaridan oʻtadi. Gʻoliblar maxsus oʻquv kurslarida tayyorlanib, milliy kadrlar zaxirasiga kiritiladi, ularning kasbiy oʻsishi va rahbarlik lavozimlariga tayinlanishi boʻyicha manzilli choralar koʻriladi.
Milliy kadrlar zaxirasini shakllantirishda xorijdagi vatandoshlar, shuningdek, dunyoning eng nufuzli 100 ta universitetini tamomlagan va ularda tahsil olayotgan yoshlar salohiyatidan samarali foydalanish muhimligi taʼkidlandi.
Bu borada 2026-yil 1-oktabrdan career.edu.uz platformasida “Xorijdagi talabalar” modulini ishga tushirish rejalashtirilgan. U orqali chet elda taʼlim olayotgan yoshlar davlat idoralari va xususiy korxonalarga biriktiriladi, ularning amaliyot oʻtashi, ish beruvchilar bilan muloqoti hamda kelgusida ishga jalb qilinishi taʼminlanadi.
Yigʻilishda “El-yurt umidi” jamgʻarmasi faoliyatini takomillashtirish masalalariga ham eʼtibor qaratildi. Oʻtgan yili jamgʻarma transformatsiya qilingani natijasida dunyoning eng nufuzli 100 ta oliygohi talabasi boʻlgan stipendiatlar ulushi 30 foizdan 80 foizga yetdi. Keyingi yilda yangi tartib asosida oʻtkazilgan uchta tanlovda 447 nafar iqtidorli yosh stipendiya sohibi boʻldi.
Shu bilan birga, jamgʻarma dasturlarini hudud va tarmoqlarning aniq ehtiyojlariga bogʻlash zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Iqtidorli yoshlarni xorijiy universitetlarda manzilli tayyorlash, oʻqish xarajatlarini yirik korxonalar bilan birgalikda moliyalashtirish, nufuzli xorijiy oliygohlar bilan qoʻshma dasturlarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha takliflar bildirildi.
Shuningdek, bitiruvchilarning ilmiy tadqiqotlari, startaplari va islohotlarga qaratilgan tashabbuslarini kichik grantlar orqali qoʻllab-quvvatlash, yuqori boʻgʻin rahbarlari uchun Singapur, Malayziya, Buyuk Britaniya va Yaponiya tajribasi asosida liderlik dasturlarini tashkil etish rejalari koʻrib chiqildi.
Prezidentimiz kadrlarni saralashda ochiqlik va xolislikni taʼminlash, iqtidorli mutaxassislarni tizimli ravishda qoʻllab-quvvatlash hamda ularning salohiyatidan mamlakat taraqqiyoti yoʻlida samarali foydalanish boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi