Pokistonning Sind provinsiyasida O‘zbekistonning faxriy konsuli tayinlandi
Oktabr 30, 2026. 09:00 • 2 daq
• 122
KARACHI, 30-oktyabr. /“Dunyo” AA/. Pokistonlik taniqli tadbirkor va jamoat arbobi Xolid Mahmud O‘zbekistonning Pokistonning Sind provinsiyasidagi faxriy konsuli etib tayinlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur tayinlov ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish hamda gumanitar aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan. Yangi faxriy konsulning asosiy vazifalari qatoriga Sind provinsiyasi va unga tutash hududlarda istiqomat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kiradi.
Shuningdek, pokistonlik investorlar va sayyohlarni O‘zbekistonga jalb qilish, mahsulotlarimizning Pokiston bozoridagi eksport hajmini oshirish, fan, tibbiyot, ta’lim va madaniyat sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi. Mehnat migratsiyasini uyushgan holda tashkil etishga ko‘maklashish ham muhim yo‘nalishlardan biri bo‘ladi.
Xolid Mahmud ushbu tayinlovni yuksak ishonch va katta mas’uliyat deb baholab, ikki mamlakat kompaniyalari o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish, investitsiyalarni jalb qilish va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish uchun o‘z tajribasi va imkoniyatlarini safarbar etishini bildirdi.
Xolid Mahmud Pokistonning “Getz Pharma Pvt. Ltd.”, Birlashgan Arab Amirliklarining “Getz Pharma International FZ LLC” va “Scitech International DMCC” kompaniyalariga rahbarlik qiladi. U farmatsevtika sanoati, xalqaro biznes, investitsiya faoliyati va eksportni rivojlantirish borasida boy tajribaga ega.
U 2018-yilda O‘zbekistonda “Getz Pharma” guruhiga kiruvchi “Novugen Pharma FE LLC” farmatsevtika kompaniyasini tashkil etgan edi. Hozirda mazkur korxonada 240 nafardan ortiq xodim mehnat qilmoqda, uning mahsulotlari esa Tojikiston, Qirg‘iziston va Afg‘onistonga eksport qilinadi. Shuningdek, Xolid Mahmud 2018-yilda Pokistonning yuksak davlat mukofoti — “Tamgha-e-Imtiaz” ordeni bilan taqdirlangan.
Faxriy konsulning tayinlanishi O‘zbekiston–Pokiston munosabatlariga qo‘shimcha sur’at bag‘ishlab, ishbilarmon doiralar hamkorligini kengaytirish va o‘zaro manfaatli loyihalar uchun yangi imkoniyatlar ochishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi