Aleksandr Ogorodnikov: Belarus va O‘zbekiston munosabatlari strategik tus olmoqda
Iyul 09, 2026. 08:10 • 5 daq
• 13
TOSHKENT, 9 iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 8 iyul kuni Minsk shahriga boshlangan rasmiy tashrifi arafasida Belarus elchisi Aleksandr Ogorodnikov “Dunyo” AA muxbiriga eksklyuziv intervyu berdi.
– Janob elchi, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi hamkorlik barqaror ijobiy sur’atni namoyon etmoqda. Bugungi kunda ikki tomonlama munosabatlarda erishilayotgan yutuqlar haqida fikr-mulohazalaringizni bildirishingizni so‘raymiz?
– So‘zimni tarixdan boshlasam. Belarus Respublikasi birinchilardan bo‘lib 1993 yilda O‘zbekiston Respublikasi bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan. Bugun hamkorligimiz qay darajaga ko‘tarilganini ko‘rib turibmiz. Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning ilk rasmiy xorijiy tashrifi aynan O‘zbekistonga bo‘lgani ramziy ma’noga ega.
Ikki tomonlama munosabatlar 2018–2019 yillardan boshlab alohida ahamiyat kasb etdi. Buni raqamlar yaqqol ko‘rsatib turibdi: so‘nggi o‘n yil ichida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 13 barobardan ziyod oshdi. Bunday ko‘rsatkichlarni sanoqli davlatlargina namoyish eta oladi. E’tiborlisi, o‘sish sur’ati davom etmoqda. 2026 yilning birinchi yarmi yakunlariga ko‘ra, tovar ayirboshlashning izchillik mohiyati saqlanib qolmoqda, xizmat ko‘rsatish sohasi ham rivojlanmoqda.
Biz O‘zbekiston Prezidentining Belarusga tashrifi arafasida suhbatlashib turibmiz. Eslatib o‘taman, 2024 yilda Prezident Aleksandr Lukashenko davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘lgan edi. 2026 yilning birinchi yarmi ham voqealarga juda boy bo‘ldi: Belarus Bosh vazirining rasmiy tashrifi, uning Toshkent xalqaro investitsiya forumidagi ishtiroki, Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi hamda Bosh vazir o‘rinbosarlarining sohaviy yo‘nalishlar bo‘yicha faol muloqotlari bo‘lib o‘tdi. Toshkentda o‘tkazilgan “Innoprom” yubiley ko‘rgazmasini ham alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman.
Parlamentlararo hamkorlik ham jadal rivojlanmoqda: Milliy Majlis va Oliy Majlis yuqori va quyi palatalari o‘rtasida muntazam aloqalar o‘rnatilgan.
Bunday darajadagi hamkorlik negizida yangi tashabbuslar paydo bo‘layapti. Tashrif arafasida uchinchi Belarus–O‘zbekiston hududlararo forumi o‘tkazildi. Bu format o‘zining samaradorligini to‘la isbotladi, hududlar esa uning iqtisodiy ahamiyatiga ishonch hosil qildi.
Shu bilan birga, sheriklik an’anaviy biznes-forumlar doirasidan ancha ilgarilab ketdi. Bugungi kunda tibbiyot, turizm, ta’lim, sport va boshqa ko‘plab yo‘nalishlar muvaffaqiyatli rivojlanmoqda. Aslini olganda, bugun Belarus va O‘zbekiston serqirra hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor bo‘lmagan sohaning o‘zi yo‘q.
– O‘zbekiston va Belarus yetakchilari o‘rtasida faol siyosiy muloqot yo‘lga qo‘yilgan. Bugun oliy va yuqori darajadagi O‘zbekiston–Belarus muzokaralari kun tartibida qanday asosiy masalalar turibdi?
– Belarus–O‘zbekiston munosabatlarining bunchalik muvaffaqiyatli rivojlanishiga davlat rahbarlari o‘rtasidagi ishonch va do‘stlik rishtalari lokomotiv bo‘layotganini alohida ta’kidlash lozim. Ularni nafaqat davlat rahbarlari sifatidagi konstruktiv hamkorlik, balki samimiy shaxsiy hurmat ham bog‘lab turadi. Aynan ular o‘z misolida hamkorlikni barcha yo‘nalishlarda izchil rivojlantirish naqadar muhim ekanini ko‘rsatib bermoqda.
Yaqin istiqbollar haqida gapiradigan bo‘lsak, kichik bir anons qilishim mumkin. Mohiyatan, munosabatlarimiz allaqachon strategik tus olgan. O‘tgan yili Belarus va O‘zbekiston Prezidentlari tomonidan qo‘yilgan o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish vazifasi deyarli bajarildi. Bu marraga juda oz qoldi va ishonchim komilki, joriy yil unga erishiladi. Shundan so‘ng, albatta, yangi, yanada ulug‘vor maqsad qo‘yiladi.
Uni amalga oshirish uchun 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan yangi hamkorlik “Yo‘l xaritasi” asos bo‘ladi. 2024–2025 yillarga mo‘ljallangan avvalgi “Yo‘l xaritasi” ikki davlatning sheriklikdagi sa’y-harakatlari tufayli muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Yangi hujjat iqtisodiyot va sanoat kooperatsiyasidan tortib gumanitar sohagacha bo‘lgan o‘zaro aloqalarning deyarli barcha yo‘nalishlarini qamrab oladi va uzoqroq muddatga mo‘ljallangan.
Bo‘lajak muloqotlarning asosiy maqsadi kutayotganimizdek, strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitimning imzolanishi bo‘ladi. Aslini olganda, ushbu hujjat amalda shakllanib ulgurgan holatni huquqiy jihatdan mustahkamlaydi. Bugungi kunda mamlakatlarimiz Bosh vazirlari ham, Bosh vazir o‘rinbosarlari ham Belarus–O‘zbekiston munosabatlarini strategik sheriklik deb atashmoqda. Endi bu maqom rasmiy huquqiy kuchga ham ega bo‘ladi.
– Sizningcha, yaqin besh-o‘n yil ichida O‘zbekiston–Belarus hamkorligining qaysi yo‘nalishlari hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi va davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarning kelgusi rivojini qanday tasavvur qilasiz?
– Hamkorlikning an’anaviy yo‘nalishlarini takrorlab o‘tirmay, yaqin yillarda tobora muhim ahamiyat kasb etadigan uchta istiqbolli sohani alohida ta’kidlagan bo‘lardim.
Birinchisi – logistika. Dunyodagi so‘nggi voqealar odatiy transport yo‘nalishlari qanchalik tez o‘zgarishi mumkinligini ko‘rsatdi. Dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmasa-da, Belarus ham, O‘zbekiston ham xalqaro transport yo‘laklarida muhim o‘rin egallaydi. Shu bois logistika infratuzilmasini rivojlantirish, zamonaviy xablar va taqsimot markazlarini tashkil etish hamkorligimizning asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylanadi.
Ikkinchisi – energetika. O‘zbekiston atom energetikasini faol rivojlantirmoqda, Belarus esa atom elektr stansiyasini qurish va undan foydalanish bo‘yicha amaliy tajribaga ega. Biz ushbu tajriba bilan o‘rtoqlashishga tayyormiz. Bundan tashqari, an’anaviy energetika sohasidagi hamkorlik ham rivojlantiriladi, zero ishonchli energiya ta’minoti sanoat va umuman iqtisodiyot o‘sishining asosidir.
Uchinchi yo‘nalish – axborot texnologiyalari. Bugungi kunda AKT jahon iqtisodiyotining asosiy harakatlantiruvchi kuchlaridan biriga aylanmoqda. Belarus kuchli dasturiy ta’minot yaratish maktabiga va yuqori texnologiyalar parkini rivojlantirish bo‘yicha muvaffaqiyatli tajribaga ega. O‘zbekistonda ham raqamli sohani rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda. Mutaxassislarimiz salohiyatini birlashtirish nafaqat ichki bozorda, balki boshqa mamlakatlarda ham xaridorgir bo‘lgan raqobatbardosh qo‘shma mahsulotlarni yaratish imkonini beradi.
Fikrimcha, aynan logistika, energetika va AKT yaqin yillarda Belarus–O‘zbekiston hamkorligining eng istiqbolli yo‘nalishlaridan bo‘ladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi