Sabine Mahl: O‘zbekiston tashabbuslari mamlakatning xalqaro maydonda mintaqaviy kun tartibini ilgari surishdagi yetakchilik mavqeini yorqin namoyish etmoqda
Iyul 07, 2026. 09:00 • 6 daq
• 142
TOSHKENT, 7-iyul. /“Dunyo” AA/. BMTning O‘zbekistondagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi Sabine Mahl “Dunyo” AA muxbiriga intervyu berib, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qabul qilingan BMT Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo mintaqasida barqaror rivojlanishni ta’minlash uchun mintaqaviy hamkorlik va iqtisodiy integratsiyani mustahkamlash” rezolyutsiyasining ahamiyati, O‘zbekiston va BMT tizimi o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari hamda barqaror rivojlanishda yoshlarning o‘rni haqida so‘z yuritdi.
– O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan ilgari surilgan BMT Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo mintaqasida barqaror rivojlanishni ta’minlash uchun mintaqaviy hamkorlik va iqtisodiy integratsiyani mustahkamlash” rezolyutsiyasi atigi sakkiz oy ichida konsensus asosida qabul qilindi. Sizningcha, bunday tezkor qo‘llab-quvvatlash so‘nggi yillarda mintaqada ro‘y bergan o‘zgarishlarni qay darajada aks ettirmoqda hamda mazkur hujjat O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarning bugungi holatini qay darajada ifodalamoqda?
– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilgari surilgan ushbu rezolyutsiyaning qabul qilinishini chin dildan olqishlaymiz. Ma’lumki, hujjat butun Markaziy Osiyo mintaqasi nomidan taklif etilgan bo‘lib, bu uning birlashtiruvchi mohiyati va mintaqaviy ahamiyatiga alohida urg‘u beradi.
Rezolyutsiyaning o‘ta muhimligini 66 ta davlat uning hammuallifi sifatida ishtirok etgani ham tasdiqlaydi. Bu tashabbusning xalqaro miqyosda keng qo‘llab-quvvatlanayotganidan va uning global kun tartibi uchun dolzarbligi tan olinganidan dalolat beradi.
Avvalo, mazkur rezolyutsiya Markaziy Osiyo xalqlari uchun katta amaliy ahamiyatga ega. Chunki u mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirish, o‘zaro ishonchni kengaytirish va zamonaviy tahdidlarga birgalikda yechim izlashga qaratilgan. Aynan shunday yondashuv mintaqada mustahkam tinchlik, barqarorlik va farovonlikni ta’minlash uchun poydevor yaratadi.
Shu bois, biz ushbu rezolyutsiyaning qabul qilinishini haqiqatan ham muhim va o‘z vaqtida tashlangan qadam deb hisoblaymiz.
O‘z navbatida, 25 ta agentlik, jamg‘arma va dasturni birlashtirgan BMTning O‘zbekistondagi jamoasi mamlakat hukumati bilan yaqin hamkorlikni davom ettirmoqda. Biz ilgari surilayotgan tashabbuslarning, amalga oshirilayotgan islohotlarning ro‘yobga chiqishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlab, O‘zbekistonning barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishiga va yanada ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiy etishiga o‘z hissamizni qo‘shmoqdamiz.
– Mazkur rezolyutsiya maqsadlariga erishishda ofisingiz qanday rol o‘ynaydi?
– BMT rezolyutsiyalari a’zo davlatlar tomonidan qabul qilinadi. Aynan shuning uchun ham ushbu tashabbus O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi boshqa mamlakatlar bilan birgalikda xalqaro maydonda mintaqaviy kun tartibini izchil ilgari surayotganini va bu boradagi yetakchilik rolini yaqqol namoyon etadi.
So‘nggi yillarda biz shunday tashabbuslarga ko‘p guvoh bo‘ldik va bu kelajakka ishonch uyg‘otadi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh kotibi bilan bir necha bor uchrashgan. Xususan, o‘tgan yili ularning uchrashuvi Turkmanistonda, Avazada o‘tkazilgan dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan mamlakatlarga bag‘ishlangan konferensiya doirasida bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuvlar davomida ko‘p tomonlama hamkorlikning ahamiyati doimo ta’kidlab kelingan.
Bugungi kunda ko‘p tomonlamalik tamoyillari endi o‘z-o‘zidan tabiiy holdek qabul qilinmayotgan bir paytda, O‘zbekistonning nafaqat ushbu yondashuvni izchil qo‘llab-quvvatlayotgani, balki o‘z sadoqatini aniq xalqaro tashabbuslar bilan ifodalayotgani ham alohida ahamiyat kasb etadi. Mamlakat umumiy vazifalarni hal qilish uchun sa’y-harakatlarni birlashtirish naqadar samarali bo‘lishi mumkinligini namoyon etmoqda.
Bugungi kunda Markaziy Osiyo konstruktiv muloqot va o‘zaro ishonch orqali qanday natijalarga erishish mumkinligining yorqin namunasidir. Mintaqaviy hamkorlik, ahil qo‘shnichilik munosabatlari va hamjihatlikdagi sa’y-harakatlar suv resurslari, iqlim o‘zgarishi, barqaror rivojlanish kabi muammolarni hamda boshqa transchegaraviy xavf-xatarlarni muvaffaqiyatli hal etish imkonini bermoqda. Afsuski, bugungi kunda dunyoning barcha mintaqalarida ham bunday ijobiy misollarni uchratish qiyin.
O‘z navbatida, BMTning O‘zbekistondagi jamoasi mamlakatni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda davom etish niyatida. Biz O‘zbekistonning kelgusi barqaror taraqqiyoti yo‘lida ishonchli hamkor bo‘lib qolgan holda, ekspertiza, dasturiy va axborot-ma’rifiy ishlar orqali islohotlar hamda milliy tashabbuslarning amalga oshirilishiga ko‘maklashishni davom ettirishga tayyormiz.
– So‘nggi yillardagi O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi munosabatlar rivojini qanday baholaysiz?
– Fikrimcha, hamkorligimiz istiqbollari haqiqatan ham juda yaxshi. O‘zbekistonda faoliyat yuritish va mamlakatning taraqqiyot yo‘lidagi hamkori bo‘lish biz uchun katta sharafdir.
Albatta, rezolyutsiyalarning qabul qilinishi muhim ahamiyatga ega. Bu – BMTga a’zo davlatlar global kun tartibini shakllantirish va asosiy jahon muammolariga birgalikda yechim izlash uchun o‘z sa’y-harakatlarini birlashtiradigan muhim bir bosqich. Biroq bevosita mamlakatning o‘zida olib borilayotgan amaliy ishlar ham bundan kam ahamiyatga ega emas.
Bugungi kunga kelib BMT tizimi va O‘zbekiston o‘rtasida mustahkam va samarali sheriklik munosabatlari shakllangan. Agentliklarimiz, jamg‘armalarimiz va dasturlarimiz keng ko‘lamli yo‘nalishlarda loyihalarni amalga oshirib, o‘tkazilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Yaqinda biz BMT va O‘zbekiston o‘rtasidagi Hamkorlikning yangi hadli dasturini imzolab, kelgusi besh yil uchun strategik ustuvor yo‘nalish – demografik dividenddan samarali foydalanishga ko‘maklashishni belgilab oldik. Bu yerda gap inson kapitaliga sarmoya kiritish orqali mamlakatning yosh aholisi salohiyatini imkon qadar to‘liq ro‘yobga chiqarish haqida bormoqda.
Bu o‘z ichiga tibbiyot xodimlarini tayyorlash, ularning malakasini oshirish va infratuzilmani rivojlantirish orqali sog‘liqni saqlash tizimini qo‘llab-quvvatlashni qamrab oladi. Ta’lim sohasida biz pedagoglar bilan hamkorlik qilamiz, o‘qituvchilarni tayyorlash dasturlarini takomillashtiramiz va yoshlarning sifatli ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirishga yordam beramiz. Ijtimoiy himoya sohasida esa tashkilotimiz Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan yaqindan hamkorlik qilib, tegishli tizimni takomillashtirishga ko‘maklashmoqda.
Atrof-muhit va barqaror rivojlanish masalalariga katta e’tibor qaratilmoqda. Yaqinda Samarqand Global ekologik jamg‘armaning yirik tadbiriga mezbonlik qildi, bu O‘zbekistonning xalqaro ekologik kun tartibini ilgari surishdagi roli ortib borayotganini yana bir bor tasdiqladi. Ishimizda ekologik masalalar aholi farovonligi va xavfsizligini ta’minlash vazifalari bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan Orolbo‘yi mintaqasiga doir tashabbuslar alohida o‘rin egallaydi.
Shu bois, BMT va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik keng ko‘lamli yo‘nalishlarni qamrab oladi. Tashkilotlarimiz mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda va uning uzoq muddatli barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishiga bundan keyin ham ko‘maklashishga tayyor.
– Suhbat yakunida auditoriyamiz, xususan, o‘sib kelayotgan yosh avlodga o‘z murojaatingizni yo‘llashingizni so‘ramoqchiman.
– Ishonchim komilki, yoshlarning barcha ijtimoiy jarayonlardagi ishtiroki juda katta ahamiyatga ega. Yoshlar tashabbuskor bo‘lishi, o‘z mahallasi, yoshlar tashkilotlari va mahalliy hamjamiyatlar hayotida faol qatnashishi, mamlakat taraqqiyotida o‘z o‘rnini topishga intilishi hamda uning kelajagiga shaxsiy hissasini qo‘shishi muhim.
Yosh avlod nafaqat O‘zbekistonning yanada taraqqiy etishiga hissa qo‘shishi, balki uning natijalaridan foydalanish uchun real imkoniyatlarga ega bo‘lishi ham muhimdir. Aynan yoshlar barqaror rivojlanish, innovatsiyalar va ijobiy o‘zgarishlarning asosiy harakatlantiruvchi kuchlaridan biridir.
Nazarimda, eng muhimi – faol bo‘lish, atrofda sodir bo‘layotgan voqealarga befarq qaramaslik, ijtimoiy hayotda ishtirok etish hamda o‘z g‘oya va takliflarini ochiq bildirishdir. Yoshlarning ovozi eshitilishi, ularning tashabbuslari esa aniq qaror va amaliy ishlarda o‘z ifodasini topishi lozim. Faqat shunday yondashuv bilangina jamiyatning barqaror va inklyuziv rivojlanishini ta’minlash mumkin.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi