Belarus OAV: Toshkentda IV “Bizning avlod – 2026” bolalar mualliflik qo‘shiqlari xalqaro teletanlovi o‘tkaziladi

Noyabr 17, 2026. 16:30 • 2 daq

• 10
Belarus OAV: Toshkentda IV “Bizning avlod – 2026” bolalar mualliflik qo‘shiqlari xalqaro teletanlovi o‘tkaziladi
Belarus OAV: Toshkentda IV “Bizning avlod – 2026” bolalar mualliflik qo‘shiqlari xalqaro teletanlovi o‘tkaziladi

MINSK, 17-noyabr. /“Dunyo” AA/. Belarus ommaviy axborot vositalari Toshkent shahrida IV “Bizning avlod – 2026” bolalar mualliflik qo‘shiqlari xalqaro teletanlovining tayyorgarlik jarayonlari va o‘tkazilishini keng yoritmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tanlovning grant-finali 20-noyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Maqolalarda ushbu forumning davlatlar o‘rtasidagi gumanitar aloqalarni mustahkamlash va yoshlarning ijodiy salohiyatini yuzaga chiqarishdagi ahamiyati qayd etilgan. 2026-yilda Toshkent sahnasida BRIKS, MDH va Yevropa davlatlarini o‘z ichiga olgan 18 ta mamlakatdan 9 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan yosh ijrochilar ishtirok etadi. Malta loyihaga ilk bor qo‘shildi.

“News.by” portali ma’lumotlariga ko‘ra, tanlovning hamtashkilotchisi Belarus Milliy davlat teleradiokompaniyasi hisoblanadi. Nashr 16-noyabr kuni festival haftasining boshlanishi haqida so‘z yuritar ekan, dasturdan ilk matbuot anjumani, ishtirokchilar o‘rtasida qur’a tashlash marosimi, tanlovning umumiy madhiyasini yozib olish, videovizitkalar tasvirga olish va Toshkent bo‘ylab ekskursiyalar o‘rin olganini ma’lum qilgan.

Belarus delegatsiyasini “FAKTOR.BY. Deti” teleloyihasi superfinalisti Margarita Zingmantaqdim etmoqda. “Belarus 24” telekanali xabar qilganidek, u O‘zbekistonga jo‘nab ketishi oldidan o‘z mualliflik tanlov qo‘shig‘i – “Men kaftlarimda nur tutyapman” (“Я держу ладонями свет”) kompozitsiyasiga ishlangan videoklipni taqdim etgan. Nashrlar Belarus delegatsiyasining tig‘iz tayyorgarlik jarayonini ta’kidlab, uning Toshkentdagi faoliyati “Birinchi axborot” telekanalining syomka guruhi tomonidan yoritilayotganini qayd etgan.

Reportajlarda, shuningdek, o‘zbek tomonining mehmondo‘stligi hamda mazkur tanlovning Toshkentda madaniyatlararo muloqot maydoni sifatida o‘tkazilishi ramziy ma’noga ega ekani e’tirof etilgan. Ishtirokchilarning qo‘shiqlari tinchlik, do‘stlik, orzular va vatanga muhabbat mavzulariga bag‘ishlangan.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish