“Chintan Research Foundation”: O‘zbekiston hukmronlik o‘rniga inson qadr-qimmati, doimiy qarama-qarshilik o‘rniga muloqot va qaramlik o‘rniga strategik mustaqillikni tanladi
Oktabr 15, 2026. 17:20 • 5 daq
• 46
TOSHKЕNT, 15-oktabr. /“Dunyo” AA/. Hindiston hukmron “Bharatiya Janata” partiyasi yetakchi tahliliy platformasi – “Chintan”da xalqaro ekspertlar Xaver Pedra va Sumir Bhasinning O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasidagi nutqiga bag‘ishlangan maqolasi e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada Saida Mirziyoyevaning BMT Bosh Assambleyasi sessiyasidagi nutqi davlat siyosati darajasida ko‘rib chiqilib, Hindistonning strategik tajribasi bilan qiyoslangan. Mualliflar ikki mamlakat o‘rtasidagi barcha farqlarga qaramay, ularning xalqaro tartibot, taraqqiyot va xavfsizlikka doir yondashuvlari mazmunan yaqin mantiqqa tayanishini ta’kidlagan.
X.Pedra moliyaviy maslahatchi, geosiyosiy tahlilchi va Markaziy Osiyoda ko‘p yillik ish tajribasiga ega xalqaro rivojlanish bo‘yicha mutaxassis hisoblanadi. S.Bhasin esa xalqaro munosabatlar masalalariga ixtisoslashgan Hindistonning “Chintan” tahlil markazi ekspertidir.
I. Qayd etilishicha, S.Mirziyoyeva 23-sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasida “Sharq va G‘arb” o‘rtasida tanlov qilish haqidagi savolga javoban O‘zbekistonning tanlovi “inson qadr-qimmati”, ochiqlik va muloqot ekanini ta’kidlagan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kuch qonundan ustun emas. Mualliflar ushbu fikrlarni faqat axloqiy bayonotlar sifatida baholab bo‘lmasligini ta’kidladi. Chunki ular ko‘p qutblilikning o‘zi barqarorlikni kafolatlamaydigan, o‘zgarib borayotgan xalqaro tartibotni pragmatik anglashni aks ettiradi.
Shu munosabat bilan ular mazkur pozitsiyaning Hindistonning Qo‘shilmaslik harakatidan strategik mustaqillik va ko‘p vektorlilik sari bosib o‘tgan yo‘li bilan hamohangligiga e’tibor qaratgan. Jumladan, Hindiston Rossiya bilan munosabatlarini saqlagan holda AQSh bilan hamkorlik qiladi, BRIKS va ShHT a’zosi bo‘lib qolgan holda QUAD formatida ishtirok etadi hamda G‘arbiy Osiyodagi barcha siyosiy kuchlar bilan aloqalarni rivojlantiradi.
Mualliflarning fikricha, maqsad shunchaki betaraf bo‘lish emas, balki strategik tanlov erkinligini saqlashdan iborat. Shu bilan birga, S.Mirziyoyevaning hamkorlikka kirishish bevosita qo‘llab-quvvatlashni anglatmasligi, muloqot taslim bo‘lishga teng emasligi, mustaqillik esa yakkalanishni talab etmasligi haqidagi fikri bilan hamohanglik ta’kidlanadi.
II. Bundan tashqari, yondashuvlar o‘rtasida yanada chuqur sivilizatsiyaviy o‘xshashlik mavjudligi qayd etiladi. Hindistonning “Vasudhayva Kutumbakam” (“dunyo – yagona oila”) konsepsiyasi inson farovonligini geografik, mafkuraviy hamda etnik va diniy bo‘linishlardan ustun qo‘yadi. Hindistonning G20ga raisligi doirasida ushbu konsepsiya “Yagona Yer, yagona oila, yagona kelajak” shiorida o‘z ifodasini topgan.
Mualliflar bunda S.Mirziyoyevaning davlat qudrati nafaqat harbiy va iqtisodiy salohiyat, balki insonlarning qadr-qimmati, huquq va manfaatlarini himoya qilish qobiliyati bilan ham o‘lchanishi haqidagi fikri bilan bevosita mushtaraklikni ko‘radi.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, ichki islohotlar natijalari ushbu yo‘lning tasdig‘idir. Hindistonda ko‘p o‘lchovli kambag‘allik darajasi 2013–2014-yillardagi 29 foizdan 2022–2023-yillarda 11 foizgacha pasaygan.
O‘zbekiston iqtisodiyoti hajmi qariyb 50 milliard dollardan 147 milliard dollarga yetgan, kambag‘allik darajasi 4 foizgacha qisqargan. Ayni paytda go‘daklar o‘limi kamayib, umr ko‘rish davomiyligi oshgan. Umumiy xulosa shundan iboratki, islohotlarning haqiqiy qadr-qimmati insonlar hayotida namoyon bo‘lishi lozim.
III. Mualliflar Afg‘oniston yo‘nalishiga alohida e’tibor qaratgan. Ularning baholashicha, pozitsiyalarning yaqinligi aynan shu yo‘nalishda eng yaqqol namoyon bo‘ladi.
Ekspertlar S.Mirziyoyevaning Afg‘onistonni faqat xavf manbai sifatida qabul qilish mintaqa muammosini hal etmasligi haqidagi fikrini keltirgan. Shuningdek, hukumatlar almashishi, biroq geografik voqelik, xalqlar va barqaror manfaatlar saqlanib qolishini eslatadi.
Shu munosabat bilan Hindistonning Qobul bilan hamkorligi faqat davlatlararo aloqalar bilan cheklanmay, infratuzilma, ta’lim, sog‘liqni saqlash, kadrlar tayyorlash, savdo va gumanitar aloqalarni qamrab oladi.
Bunda Afg‘oniston Markaziy Osiyo, Eron, Janubiy Osiyo va Fors ko‘rfazini birlashtiruvchi o‘zaro bog‘liq strategik makonning muhim bo‘g‘ini sifatida ko‘riladi.
Aynan shu sababli, mualliflarning fikricha, O‘zbekiston doktrinasi geosiyosatdan uzilgan idealizm emas, balki pragmatik siyosatdir.
IV. Yakuniy qismda ekspertlar global boshqaruv masalalariga murojaat qiladi. Ularning fikricha, S.Mirziyoyevaning BMT Xavfsizlik Kengashini isloh qilish va kengaytirishga da’vati, shuningdek, O‘zbekistonning Qo‘shilmaslik harakatiga bo‘lajak raisligi kengroq tendensiya doirasiga kiradi. Bu tendensiyada Global Janub yirik davlatlar raqobati maydoni rolini bajarishni tobora qat’iy rad etmoqda.
Shu bilan birga, Global Janub navbatdagi qat’iy blokni tuzishga intilmayotgani, balki xalqaro munosabatlarda mustaqil harakat qilish, ya’ni o‘z manfaatlarini himoya qilish va xalqaro institutlarni shakllantirishda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lishga intilayotgani ta’kidlangan.
Mualliflar N.Modining Global Janub bugun global inqirozlarning oldingi safida, biroq qarorlar qabul qilishda oxirgi safda qolayotgani haqidagi so‘zlarini ham keltiradi. Ular ushbu “imtiyozlar piramidasi”ni “sheriklik platformasi”ga aylantirishga chaqiradi.
Mualliflar ayni tamoyilni sun’iy intellekt sohasiga ham tatbiq etadi.
S.Mirziyoyevaning texnologiya insonga xizmat qiladimi yoki inson texnologiyaga moslashishga majburmi, degan savoli Hindistonning sun’iy intellektni tartibga solishga doir yondashuvi bilan to‘la hamohangdir. Ushbu yondashuv shaffoflik, hisobdorlik va inson nazoratini saqlab qolishga urg‘u beradi.
V. Umuman olganda, mualliflar inson qadr-qimmati, muloqot, suveren tanlov, inklyuziv rivojlanish, texnologiyalarga mas’uliyatli munosabat hamda yakkalanishdan ko‘ra hamkorlikni ustun qo‘yish davlat boshqaruvining yaxlit falsafasini tashkil etadi, degan xulosaga keladi.
Ularning fikricha, geosiyosiy tanlovni ikki muqobil bilan cheklashni rad etish passivlikka teng emas. Chunki mamlakat o‘zaro raqobatlashayotgan yirik davlatlarga bo‘ysunmagan holda ular bilan hamkorlik qilishi va ayni paytda iqtisodiy salohiyatini oshirib, taraqqiyotni insonlar hayotining yaxshilanishi bilan o‘lchashi mumkin.
Ekspertlar O‘zbekiston hukmronlik o‘rniga inson qadr-qimmatini, doimiy qarama-qarshilik o‘rniga muloqotni va qaramlik o‘rniga strategik qarorlar va harakat qilishdagi mustaqillikni tanlaganini e’tirof etadi.
Yangi ko‘p qutbli tartibot sharoitida, dunyo yana raqobatlashuvchi lagerlarga bo‘linishga moyil bo‘layotgan bir paytda, aynan bunday mas’uliyatli siyosat nafaqat axloqiy jihatdan asosli, balki strategik jihatdan ham zarur bo‘lib chiqishi mumkin.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi