Akramjon Ne’matov: Markaziy Osiyo iqtisodiy va texnologik kun tartibini shakllantiruvchi mustaqil markaz sifatida tobora yaqqol namoyon bo‘lmoqda

Oktabr 09, 2026. 17:00 • 12 daq

• 157
Akramjon Ne’matov: Markaziy Osiyo iqtisodiy va texnologik kun tartibini shakllantiruvchi mustaqil markaz sifatida tobora yaqqol namoyon bo‘lmoqda

TOSHKЕNT, 9-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov 

8-oktabr kuni Turkmanistondagi “Avaza” milliy sayyohlik zonasida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi yakunlari bo‘yicha “Dunyo” axborot agentligiga o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:

– 8-oktabr kuni Avazada bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvi mintaqaviy hamkorlik rivojida tub burilish yuz berayotganini namoyon etdi. Mohiyatan, mintaqa yangi bosqichga – ishonch diplomatiyasidan o‘zaro bog‘liqlikka asoslangan iqtisodiyotga, to‘planib qolgan masalalarni hal etishdan kelajakni birgalikda rejalashtirishga o‘tmoqda. 

So‘nggi yillarda shakllangan siyosiy ishonch amaliy taraqqiyot omiliga, qo‘shma ishlab chiqarishlar, infratuzilma va energetika loyihalari, texnologik kooperatsiya hamda yangi qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratishning asosiga aylanmoqda.

Ozarbayjonning to‘laqonli ishtiroki ushbu hamkorlik geografiyasi va imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytirib, Markaziy Osiyoning Kaspiy va Janubiy Kavkaz bilan aloqalarini mustahkamlamoqda.

Boshqacha aytganda, mintaqaviy hamkorlikning o‘zi sifat jihatidan o‘zgarmoqda. Markaziy Osiyo nafaqat yaxshi qo‘shnichilik va siyosiy muloqot makoni, balki iqtisodiy va texnologik kun tartibini shakllantiruvchi mustaqil markaz sifatida ham tobora yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Jahon tizimi chuqur o‘zgarishlarni boshdan kechirayotgan sharoitda bunday burilish alohida ahamiyat kasb etadi. Geosiyosiy keskinlik savdo, transport va energetikaning an’anaviy geografiyasini o‘zgartirmoqda, yetkazib berish zanjirlarini qayta shakllantirib, ishonchli aloqalarning ahamiyatini oshirmoqda. 

Texnologik inqilob ma’lumotlar, hisoblash quvvatlari va kompetensiyalarni yangi strategik resursga aylantirmoqda. Ayni paytda iqlim o‘zgarishi suv resurslari, oziq-ovqat ta’minoti, energetika va infratuzilmaga tobora kuchli ta’sir ko‘rsatmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Dunyo tez o‘zgarmoqda, keskinlik ortmoqda, savdo va transport aloqalari qayta qurilmoqda, yangi xavf-xatarlar paydo bo‘lmoqda”. Bunday sharoitda mintaqa mamlakatlari harakatlarini yanada yaqinroq muvofiqlashtirish, avvalo, ularning manfaatlari va imkoniyatlari allaqachon chambarchas bog‘langan sohalarda obyektiv zaruratga aylanmoqda.

Shu bois Avazadagi uchrashuvning ahamiyati ilgari surilgan takliflar sonidan ko‘ra, barcha olti yetakchining nutqlarida mintaqaviy kun tartibining mushtarak yo‘nalishlari yanada yaqqol namoyon bo‘lgani bilan belgilanadi.

Bu muhim sifat o‘zgarishi haqida so‘z yuritish imkonini beradi: Markaziy Osiyo mamlakatlari allaqachon o‘z kun tartibiga ega, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini o‘zlari belgilamoqda va ularni amalga oshirish mexanizmlarini taklif etmoqda. Mintaqaning mustaqil subyekt sifatidagi o‘rni aynan shu jihatda tobora aniqroq namoyon bo‘lmoqda.

Ayni paytda shakllanayotgan hamkorlik modeli tashqi dunyo uchun ochiqligi, moslashuvchan shakli hamda mintaqaviy ustuvorliklarni mustaqil belgilashga asoslanishi bilan ajralib turadi. O‘zbekiston Prezidenti uning mohiyatini aniq ifoda etdi: “Bizga kuchli, suveren va mustaqil davlatlar o‘zaro hurmat, ishonch va sog‘lom pragmatizm asosida hamkorlik qiladigan moslashuvchan va tushunarli format kerak”.

Bunday yondashuvda mintaqa ichidagi o‘zaro bog‘liqlikning mustahkamlanishi tashqi hamkorlik imkoniyatlarini kengaytiradi. Markaziy Osiyo bugun yirik geoiqtisodiy jarayonlarning chekkasida qolayotgan hudud emas, balki Sharqiy Osiyo, Kaspiy, Janubiy Kavkaz, Yevropa, Janubiy Osiyo va boshqa makonlarni bog‘lovchi mustaqil markaz sifatida tobora yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

E’tiborlisi, yetakchilar Maslahat uchrashuvlarining keyingi rivojini, avvalo, erishilgan kelishuvlarning natijadorligi va sifatli ijrosi bilan bog‘lamoqda. Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev ushbu formatni bevosita muloqot maydoni sifatida saqlab qolish tarafdori ekanini bildirib, avval ilgari surilgan mintaqaviy tashabbuslarni xatlovdan o‘tkazishni taklif etdi. O‘zbekiston Prezidenti ham mazmunan yaqin yondashuvni belgilab berdi: “Bunda faqat hujjatlar soni o‘z-o‘zidan hech narsani hal qilmaydi. Eng muhimi, qabul qilingan qarorlar bajarilishi va natija berishi kerak”.

Shu tariqa, hamkorlikning navbatdagi bosqichi formatning moslashuvchan va o‘zaro ishonchga asoslangan xususiyatini saqlagan holda ijro mexanizmlarini mustahkamlash, tegishli idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda kelishuvlarni izchil amalga oshirish bilan uzviy bog‘liq bo‘ladi. Boshqacha aytganda, gap hamkorlikni murakkablashtiradigan emas, balki uning natijadorligini oshiradigan institutsional mexanizmlarni rivojlantirish haqida bormoqda.

Manfaatlarning mushtarakligi iqtisodiyot sohasida ayniqsa yaqqol namoyon bo‘ldi. Qozog‘iston mintaqa ichidagi savdo hajmini oshirish hamda savdo-logistika majmualari va sanoat kooperatsiyasi markazlarini mintaqaviy qo‘shilgan qiymat zanjirlariga birlashtirishni taklif etdi. 

Qirg‘iziston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, yengil sanoat, qurilish materiallari ishlab chiqarish va logistika sohalaridagi aniq loyihalarga urg‘u berdi. Tojikiston qo‘shma korxonalar, sanoat majmualari hamda ishlab chiqarish va eksport loyihalariga e’tibor qaratdi. 

Ozarbayjon yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etish va tashqi bozorlarga chiqish uchun mavjud qo‘shma investitsiya fondlari imkoniyatlaridan faolroq foydalanishni taklif qildi. Turkmaniston ham sanoat, investitsiya, transport va energetika kooperatsiyasini hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari qatoriga kiritdi.

Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston Prezidenti ilgari surgan “Olti iqtisodiyot – bitta mahsulot” formulasi umumiy tendensiyaning uzviy davomidir. Uning mohiyati o‘zaro savdoni yanada chuqur ishlab chiqarish kooperatsiyasi bilan to‘ldirishdan iborat. Bunda yakuniy mahsulotni yaratishda bir nechta davlatning resurslari, texnologiyalari, kapitali, sanoat quvvatlari, kompetensiyalari va logistika imkoniyatlari ishtirok etadi.

Aynan shu jihatda yana bir tub o‘zgarish namoyon bo‘lmoqda. Mintaqa asosan tranzit va xomashyo yetkazib berish bilan cheklangan vazifalar doirasidan bosqichma-bosqich chiqib, global ishlab chiqarish va qo‘shilgan qiymat zanjirlarining muhim bo‘g‘iniga aylanishga tayyorligini ko‘rsatmoqda. Bu milliy iqtisodiyotlarning barqarorligini mustahkamlaydi, biznes uchun bozorlarni kengaytiradi hamda iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlikni yanada mustahkam asosga qo‘yadi.

O‘zbekiston taklif etgan Xivadagi Markaziy Osiyo va Ozarbayjon biznes forumi hamda Qo‘shma investitsiya loyihalarini moliyaviy-texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash platformasi ushbu yondashuvning amaliy davomi bo‘ladi. 

Ularning ahamiyati shundaki, sanoat kooperatsiyasiga qaratilgan siyosiy yo‘nalish loyihalarni tayyorlash, ekspertizadan o‘tkazish, moliyalashtirish tuzilmasini ishlab chiqish va ularni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash uchun zarur vositalar bilan ta’minlanadi. Shu tariqa, O‘zbekiston tashabbuslari hamkorlar tomonidan belgilangan vazifalarni rivojlantirib, ularni izchil ravishda investitsiya va ishlab chiqarish loyihalariga aylantirish uchun sharoit yaratadi.

Transport sohasida ham mamlakatlarning tashabbuslari bir-birini to‘ldirmoqda. Qirg‘iziston kelgusi istiqbollarni Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li bilan bog‘lab, transport loyihalari samaradorligini yuk yetkazib berish qiymati va yo‘lda sarflanadigan vaqt bilan baholashni taklif etmoqda. 

Qozog‘iston O‘rta yo‘lak hamda Shimol – Janub yo‘nalishi imkoniyatlarini kengaytirmoqda. Ozarbayjon Kaspiy transport bo‘g‘ini va Transkaspiy yo‘nalishini izchil rivojlantirmoqda. Tojikiston multimodal tashuvlar, ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etish va tartib-taomillarni raqamlashtirishga urg‘u bermoqda. Turkmaniston Sharq–G‘arb va Shimol–Janub yo‘nalishlaridagi aloqalarni rivojlantirmoqda.

Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston Prezidentining Infratuzilmaviy rivojlanish bo‘yicha kengashni tuzishni tezlashtirish haqidagi taklifi transport loyihalarini o‘zaro uyg‘unlashtirishga qaratilgan umumiy yo‘nalishning mantiqiy davomidir. 

Bunday mexanizm avtomobil va temir yo‘llar, portlar, chegara infratuzilmasi hamda logistika markazlarini muvofiqlashtirilgan holda rivojlantirishga xizmat qilib, alohida milliy yo‘nalishlarni o‘zaro uzviy bog‘langan mintaqaviy tarmoq bo‘g‘inlariga aylantirishi mumkin.

Bunda transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlik yuklarni tashish bilangina cheklanmaydi. Transport yo‘laklarini rivojlantirish ular bo‘ylab yangi ishlab chiqarishlar, sanoat zonalari, logistika majmualari va xizmat ko‘rsatish obyektlarini tashkil etish imkonini beradi. Natijada infratuzilma bir vaqtning o‘zida hududiy rivojlanish va qo‘shilgan qiymat yaratish omiliga aylanadi.

Bunday yondashuv Markaziy Osiyoning shakllanayotgan Yevrosiyo transport-kommunikatsiya tizimidagi o‘rnini yangicha baholash imkonini beradi. Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li, Qozog‘iston va Turkmaniston infratuzilmasi, Ozarbayjonning Kaspiydagi transport quvvatlari, Tojikistonning multimodal tashuv imkoniyatlari bosqichma-bosqich yanada keng mintaqalararo transport tarmog‘ini shakllantirmoqda.

Shu tariqa, Markaziy Osiyo o‘zaro bog‘liqlik arxitekturasining asosiy tayanchlaridan biriga aylanish salohiyatiga ega bo‘lmoqda. Mintaqa turli bozorlar va yo‘nalishlarni bog‘lash bilan birga, o‘z ishlab chiqarish va logistika salohiyatini ham mustahkamlamoqda.

Energetikada ham shunga o‘xshash tendensiya kuzatilmoqda. Tojikiston ustuvor energetika loyihalari ro‘yxatini shakllantirish va ularni birgalikda moliyalashtirish mexanizmlarini belgilash, shuningdek, “yashil” o‘tish bo‘yicha mintaqaviy strategiyani ishlab chiqishni taklif etdi. 

Ozarbayjon, Qozog‘iston va O‘zbekiston Kaspiy orqali “yashil” energetika yo‘lagini yaratish ustida allaqachon ish olib bormoqda. Turkmaniston ham energetikani kengaytirilgan hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘rmoqda.

Shavkat Mirziyoyev taklif etgan Kam uglerodli energetika salohiyati bo‘yicha qo‘shma konsepsiya ushbu umumiy yo‘nalishni rivojlantirib, uni tizimli rejalashtirish bosqichiga olib chiqadi. U yangi elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlari, energiya saqlash tizimlari va energetika yo‘laklarini uglevodorodlar, gidroyenergetika, quyosh hamda shamol energetikasining bir-birini to‘ldirish imkoniyatlarini hisobga olgan holda ko‘rib chiqishga xizmat qiladi. Natijada mamlakatlarning energetikadagi ustunliklarini barqaror mintaqaviy tizimga izchil birlashtirish imkoniyati kengayadi.

Raqamli sohada ham muhim umumiy manfaatlar shakllanmoqda. Ozarbayjon Digital Silk Vay loyihasi va Transkaspiy optik tolali aloqa infratuzilmasini rivojlantirmoqda. Qozog‘iston sun’iy intellekt sohasida hamkorlik qilish hamda undan mas’uliyatli foydalanishga doir yondashuvlarni taklif etdi.

Tojikiston Dushanbeda Mintaqaviy sun’iy intellekt markazini tashkil etmoqda. Qirg‘iziston yagona elektron savdo maydonchasini yaratish tashabbusini ilgari surmoqda. Turkmaniston ham texnologik rivojlanish va sun’iy intellektni joriy etishni hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari qatoriga kiritmoqda.

O‘zbekiston Prezidentining o‘zaro bog‘langan milliy ma’lumotlar markazlari negizida Umumiy hisoblash infratuzilmasini yaratish haqidagi taklifi ushbu tashabbuslarni texnologik asos bilan to‘ldiradi. Bunday infratuzilma raqamli kommunikatsiyalar rivojini hisoblash quvvatlari, ilmiy hamkorlik, kadrlar tayyorlash va amaliy yechimlar bilan bog‘lashi mumkin. 

Shu tariqa, sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlik ushbu texnologiyalarni sanoat, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi va davlat boshqaruvida amalda qo‘llash uchun zarur infratuzilmaviy asosga ega bo‘ladi.

Texnologik transformatsiya muhim minerallar, jumladan, kamyob yer metallari masalasi bilan chambarchas bog‘liq. O‘zbekiston Prezidenti Muhim minerallar bo‘yicha mintaqaviy alyansni tashkil etish ishlarini faollashtirish hamda dastlabki amaliy qadamlardan biri sifatida Markaziy Osiyodagi muhim minerallar zaxiralarining yagona raqamli xaritasini yaratishni taklif etdi.

Ushbu tashabbus sanoat va texnologik kooperatsiyani chuqurlashtirishga qaratilgan yo‘nalishning mantiqiy davomidir. Mintaqaning resurs salohiyati haqidagi to‘liq va ochiq ma’lumotlar investorlarga mavjud imkoniyatlarni aniqroq baholashga yordam beradi. 

Bu qayta ishlashni rivojlantirish hamda zamonaviy energetika, elektronika va boshqa yuqori texnologik tarmoqlarda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun zamin yaratishi mumkin. Shu tariqa, muhim minerallar nafaqat xomashyo resursi, balki kelgusida yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mintaqaviy zanjirlarni yaratish asosi sifatida ham ko‘rilmoqda.\

Suv va iqlim masalalari bo‘yicha kun tartibida ham yondashuvlarning mushtarakligi yaqqol namoyon bo‘ldi. Qozog‘iston suvdan foydalanishning mintaqaviy tamoyillarini takomillashtirishga urg‘u bermoqda. Qirg‘iziston muzliklar va tog‘ ekotizimlarini asrashga alohida e’tibor qaratmoqda. 

Tojikiston muzliklar holatining o‘zgarishi va suv kamayishining oziq-ovqat xavfsizligiga ta’siriga e’tibor qaratmoqda. Turkmaniston Amudaryo va Sirdaryo suvlaridan oqilona foydalanish hamda Orol bilan bog‘liq masalalarni izchil ko‘tarib kelmoqda.

Ushbu yo‘nalishlar O‘zbekistonning suv va iqlim sohalarida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan ko‘p yillik siyosatiga hamohangdir. Avazada O‘zbekiston tomoni amaliy vositalarga — suv resurslarining raqamli monitoringi, irrigatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, Suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy harakatlar o‘n yilligi tashabbusini ro‘yobga chiqarish, mamlakatimizning bo‘lajak raisligi davrida Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi faoliyati samaradorligini oshirish hamda Afg‘oniston bilan doimiy va aniq mazmunga ega muloqot olib borishga e’tibor qaratdi.

Bu yo‘nalishlar birgalikda yanada kompleks modelni shakllantiradi. Unda suvdan foydalanishning umumiy tamoyillari xolis ma’lumotlar, muzliklar monitoringi, texnologik yechimlar hamda barqaror hamkorlik mexanizmlari bilan mustahkamlanadi.

Ekologiya sohasida ham ana shunday izchillik kuzatilmoqda. O‘zbekiston tashabbusi bilan ilgari surilgan “Markaziy Osiyo toza havosi” konsorsiumi faoliyati Avazada aniq loyiha bilan mazmunan boyitildi. 

Prezident uning ishini sanoat zonalari, agroklasterlar va transport bog‘lamalarini ekologik jihatdan modernizatsiya qilish bo‘yicha pilot dasturdan boshlashni taklif etdi. Shu tariqa, umumiy ekologik kun tartibi yechimlarni sinovdan o‘tkazish va keyinchalik ularni mintaqa miqyosida keng joriy etish imkonini beradigan amaliy mexanizm bilan ta’minlanmoqda.

Ushbu tizimda inson kapitali muhim o‘rin tutadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Talab yuqori bo‘lgan kasblar va kompetensiyalarning mintaqaviy atlasini ishlab chiqishni taklif etdi. Unda mamlakatlarning mutaxassislar yetishmayotgan yo‘nalishlar va kelajak kasblariga doir prognozlari birlashtiriladi.

Ushbu tashabbus sanoat, infratuzilma va raqamli rivojlanish kun tartibini bevosita to‘ldiradi. Qo‘shma loyihalar ko‘lami kengaygani sari muhandislar, energetika va logistika mutaxassislari, dasturchilar, sun’iy intellekt bo‘yicha ekspertlar hamda boshqa malakali kadrlarga ehtiyoj ortadi. Mintaqaviy atlas ta’lim rivojini shakllanayotgan iqtisodiyotning real ehtiyojlari bilan bog‘lash hamda kelgusidagi davlatlararo loyihalarni zarur kadrlar bilan ta’minlashga xizmat qilishi mumkin.

Shunday qilib, Avazadagi uchrashuv o‘zaro uzviy bog‘langan mintaqaviy kun tartibi bosqichma-bosqich shakllanayotganini ko‘rsatdi. Savdo ishlab chiqarish bilan, transport hududlarni rivojlantirish bilan, energetika yangi yo‘laklar va energiya saqlash texnologiyalari bilan, raqamlashtirish sun’iy intellekt va hisoblash infratuzilmasi bilan, resurs salohiyati qayta ishlash bilan, iqtisodiy rivojlanish esa inson kapitalini rivojlantirish bilan tobora chambarchas bog‘lanmoqda. O‘zbekiston takliflari ushbu yondashuvni uzviy ravishda to‘ldirib, hamkorlar tashabbuslarini rivojlantirmoqda hamda alohida yo‘nalishlarni qo‘shimcha amaliy va institutsional mazmun bilan boyitmoqda.

Biroq bundan ham muhimroq umumiy siyosiy-iqtisodiy xulosa mavjud. Markaziy Osiyo mamlakatlari taraqqiyotning ustuvor yo‘nalishlarini tobora qat’iy ravishda mustaqil belgilamoqda, ularni amalga oshirish mexanizmlarini shakllantirmoqda hamda tashqi hamkorlar bilan munosabatlarini yo‘lga qo‘ymoqda. Bu mintaqaning mustaqil subyekt sifatidagi o‘rni mustahkamlanayotganining eng yaqqol ifodalaridan biriga aylanmoqda.

Ayni paytda mintaqaning geoiqtisodiy roli ham o‘zgarmoqda. Sanoat kooperatsiyasi, investitsiyalar, muhim minerallar, texnologiyalar va inson kapitaliga qaratilgan umumiy e’tibor jahon xo‘jalik aloqalariga integratsiyalashgan qo‘shilgan qiymat yaratish makonini izchil shakllantirishga tayyorlikdan dalolat beradi. Shu tariqa, tranzit orqali o‘zaro bog‘liqlik ishlab chiqarish va texnologik kooperatsiya bilan tobora kengroq to‘ldirilmoqda.

Ushbu jarayonning ochiq xususiyatga egaligi prinsipial ahamiyatga ega. Mintaqa ichidagi aloqalarning mustahkamlanishi Yevropa, Xitoy, Rossiya, Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va boshqa hamkorlar bilan hamkorlik imkoniyatlarini kengaytiradi. 

Bu Markaziy Osiyoning turli geoiqtisodiy makonlarni bog‘lovchi bo‘g‘in hamda shakllanayotgan mintaqalararo o‘zaro bog‘liqlik arxitekturasining muhim elementi sifatidagi rolini mustahkamlaydi. Ozarbayjonning to‘laqonli ishtiroki ushbu salohiyatni kuchaytirib, Kaspiy va Janubiy Kavkaz orqali transport, energetika, investitsiya va raqamli hamkorlik geografiyasini kengaytiradi.

Avazada qabul qilingan qarorlar va ilgari surilgan tashabbuslar, yaxlit holda, davlatlarning birgalikdagi taraqqiyot makonini izchil shakllantirishga yuksak tayyorligini ifodalaydi. Bunday makonda milliy ustunliklar bir-birining salohiyatini oshirish va umumiy o‘sishni ta’minlash manbaiga aylanadi.

Shu bois hozirgi bosqichda mintaqaviy hamkorlikning natijadorligi alohida ahamiyat kasb etmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, u qo‘shma ishlab chiqarishlarning ko‘payishi, transport xarajatlarining kamayishi, puxta tayyorlangan va moliyalashtirilgan loyihalar sonining ortishi, energetika va raqamli aloqalarning rivojlanishi, suvdan foydalanish samaradorligining oshishi hamda, pirovardida, insonlar uchun imkoniyatlarning kengayishi bilan o‘lchanishi lozim.

Aynan shu ma’noda, davlatimiz rahbari ilgari surgan “taraqqiyot va xavfsizlik yo‘lida birdamlik va ishonch” tamoyili hozirgi bosqichning mohiyatini lo‘nda ifodalaydi: qaror topgan o‘zaro ishonch birgalikdagi taraqqiyot va umumiy barqarorlikni mustahkamlashda amaliy ifodasini topmoqda. 

Ushbu modelning asosini O‘zbekiston Prezidenti ta’kidlagan yana bir tamoyil – kuchli, suveren va mustaqil davlatlarning o‘zaro hurmat, ishonch va sog‘lom pragmatizm asosida hamkorlik qilishi tashkil etadi. Davlatlarning mustaqilligi, mushtarak mintaqaviy kun tartibi hamda tashqi dunyoga ochiqlikning uyg‘unligi Avazada amaliy jihatdan yanada rivojlantirilgan hamkorlik arxitekturasini belgilab bermoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish