Dunyo xalqlari madaniy merosi festivalida O‘zbekiston ham faol qatnashdi
May 22, 2026. 14:55 • 2 daq
• 41AR-RIYOZ, 22-may. /“Dunyo” AA/. Ar-Riyoz shahridagi Podshoh Saud universitetida Dunyo xalqlari madaniy merosi festivali bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu festivalda yurtimizning Saudiya Arabistonidagi elchixonasi ko‘magida hamda ushbu universitetda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar ishtirokida O‘zbekistonning milliy pavilyoni tashkil etildi.
O‘zbekiston milliy pavilyonida yurtimizning turistik salohiyatiga bag‘ishlangan keng qamrovli taqdimotlar namoyish qilindi. Festival ishtirokchilari va mehmonlariga mamlakatimizda xalqaro turizmni rivojlantirish uchun yaratilgan keng imkoniyatlar to‘g‘risida maʼlumotlar berildi.
Jumladan, Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkent kabi tarixiy shaharlarning betakror meʼmorchilik obidalari, noyob madaniy merosi, rang-barang tabiati hamda xalqimizning ko‘p asrlik hunarmandchilik anʼanalari, urf-odat va bayramlari har yili dunyoning turli nuqtalaridan millionlab sayyohlarni jalb qilayotgani alohida taʼkidlandi.
Tashrif buyuruvchilarning eʼtibori yurtimizda jadal rivojlanayotgan zamonaviy sayyohlik infratuzilmasi, sifatli xizmat ko‘rsatish tizimi hamda tibbiyot, gastronomik, ekologik va qishki turizm yo‘nalishlarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan davlat siyosatiga qaratildi. Ayniqsa, O‘zbekistonning so‘lim tog‘li hududlarida barpo etilgan zamonaviy turistik majmualar Saudiyalik mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
O‘zbekiston milliy pavilyoniga tashrif buyurganlar yurtimizning go‘zal maskanlari aks etgan fotoko‘rgazma hamda milliy hunarmandchilik mahsulotlari bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.
Mehmonlarga o‘zbek milliy taomlari, yurtimizda ishlab chiqarilgan tabiiy asal, quruq mevalar va shirinliklar tortiq etildi. Pavilyonni ko‘zdan kechirgan xorijlik ekspertlar va universitet rahbariyati O‘zbekiston brendini yuqori baholab, ushbu ko‘rgazma qismi o‘zining betakror koloriti, o‘ziga xosligi va yuksak milliy ruhi bilan boshqa davlatlar pavilyonlaridan ajralib turganini yakdil eʼtirof etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi







